Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Konteyner»da yashagim kelib ketdi...

«Konteyner»da yashagim kelib ketdi...

Foto: «Xalq so‘zi»

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bundan roppa rosa bir hafta oldin  «Bunyodkor» mahallasiga borib,  mahalla aholisi bilan uchrashuvi davomida «Har kuni shu yerda, sizlarga qo‘shni bo‘laman. Uyim mahalla idorasining ro‘parasida joylashadi. Bugun shu yerga konteyner o‘rnatiladi va unga «viloyat hokimining uyi» deb yozib qo‘yiladi. Bu yerdagi holatni o‘nglab, keyin boshqa og‘ir hududga o‘tamiz», —  degandi.

Viloyat hokimining bu tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Axir hokimning aholi orasida bo‘lishi, ularning muammolarini tanasidan o‘tqazib his qilishi bu boshqa gap. Shunda «Tanasi boshqa dard bilmas», degan gapga ham o‘rin qolmaydi.

Hokimning bunday qaror qabul qilishiga prezidentning Namanganga safari chog‘ida «Bunyodkor»  mahalla fuqarolar yig‘inidagi 74-sonli tayanch punkti binosini borib ko‘rgani va mahalladagi holatni tanqid ostiga olgani sabab bo‘lgan edi. Qolaversa, Namangan viloyat Xalq deputatlari kengashida viloyat hokimligiga Shavkat Abdurazzoqov nomzodini ko‘rsatib, bu yerga bo‘ladigan rahbar uddaburon, xalqparvar bo‘lishi shart, biz Namanganga munosib insonni tayinlashimiz lozim, degandi.

Namanganga loyiq ko‘rilgan hokim rostdan ham uddaburon chiqdi. Sababi hali hech kim qilmagan tashabbusni ko‘tardi: aholi orasida «konteyner» olib kelib o‘rnatib yashashini ma’lum qildi. Ko‘pchilik hokimni oddiygina konteynerda yashashini tasavvuriga sig‘dirolmagan, sig‘dirolganlar esa «qoyil-ye» deb qo‘ygani ham bor gap.

Oradan roppa rosa bir hafta o‘tdi. Tashabbuskor hokim Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarining Oliy Majlis Senati a’zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisda yashirin ovoz berish jarayonida 6-Serob saylov okrugidan deputat, Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylangani haqida xabar berildi. Oradan sanoqli daqiqalar o‘tib esa hokimning shu kunlarda yashashi kerak bo‘lgan «konteyneri»ning suratlari yashin tezligida tarqaldi va bu ko‘pchilik uchun kutilmagan syurpriz bo‘ldi.

Foto: «Xalq so‘zi»
Foto: «Xalq so‘zi»

Bir haftada qurilgan bu «konteyner» o‘sha mahallada necha yillardan beri bitmayotgan, suv va gaz ko‘rmayotgan hovlilar, nurab yotgan mahalla qo‘mitasining binosi, oqlanmagan devor «foni»da ramziylik kasb etdi...

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qiziq, birgina kam ta’minlangan oila 500 ming so‘m ajratilishi uchun oylab kutishi kerak, birgina yer olib tadbirkorlik qilish uchun 30 dan oshiq hujjat yig‘ish asabbuzarligi bor, bir xonali uyingizni remont qilishingiz uchun kamida bir oy vaqtingiz ketadi, pul topsangiz usta topmaysiz, usta topsangiz pul topmaysiz. Ammo rahbar uchun pulam, ustayam, yer ham, vaqt ham chikora ekan. Bu ixchamgina, ammo dachalardek hashamdor ko‘rinishdagi hovlida yashagan hokim xalqqa yanada yaqin bo‘la oladimi yo yana o‘sha gap — «tanasi boshqa dard bilmas», deb yozg‘irib yuraveramizmi?

Holati og‘ir hududlar ko‘pligini hisobga oladigan bo‘lsak, bunday konteynerlardan yana qanchasi quriladi? Qancha mablag‘, qancha ishchi kuchi va vaqt sarflanadi — buni keyingi syurprizlar orqali bilib olamiz. Agar hokimlarning vaqtincha «konteyner»i shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, haqiqiy uylari qanaqa ekan-a? Bizning ham shunday konteynerda yashagimiz kelib ketdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring