Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi

Barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda band aholining 52 foizi xizmatlar sohasida ishlayapti. Ishlab turgan korxonalarning 68 foizi ham xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi.

Lekin, sohada band bo‘lganlarning atigi 4 foizi yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan yo‘nalishda faoliyat yuritayapti. Shu bois, xizmatlarda, avvalo, IT sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Yetti yil oldin noldan boshlangan bu soha 1 milliard dollarlik eksport qilish salohiyatiga ega bo‘ldi, har bir hududda eksportga yo‘naltirilgan IT parklar tashkil qilindi.

Endi, barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari keng joriy qilinadi. IT parkda sun’iy intellekt markazi ochiladi.

Bu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Loyihalarni moliyalashtirish uchun 50 million dollar ajratiladi.

Tadbirkorlikni dastlabki bosqichda – startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimi yaratiladi.

Joriy yil startaplarga ilk bor 134 million dollar investitsiya kirib keldi. Bu sohada faoliyatini noldan boshlab, aylanmasini 10 million dollardan oshirgan 50 dan ziyod mahalliy kompaniya paydo bo‘ldi.

Shu bois, startaplarni “oyoqqa turg‘azish” uchun venchur jamg‘armalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun IT park ham 10 million dollarlik jamg‘arma tashkil qiladi.

Shuningdek, startap xorijdan olib kelgan har 1 dollar investitsiyasiga davlat ham 1 dollar resurs beradi. Startap ishlanmalarini patentlash va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi xarajatlarni davlat qoplab beradi.

Umuman, bu sohaga 50 million dollar yo‘naltiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring