Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IIV Farg‘ona hokimi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘lganini inkor qildi

IIV Farg‘ona hokimi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘lganini inkor qildi

Ichki ishlar vazirligi «Farg‘ona hokimi tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo‘ldi» sarlavhali material yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi nom bilan tarqatilgan material yuzasidan Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xabariga ko‘ra, dastlabki tergov jarayonida, 2019 yil 29 sentyabr kuni soat 20.45larda Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 25-sonli maktabning direktor o‘rinbosari M.D. «Neksiya» rusumli avtomashinasini Qo‘qon shahri tomon boshqarib ketayotib, yo‘lni o‘rtasiga o‘rnatilgan beton to‘siq ustiga chiqib ketganligi va yo‘lni yorituvchi temir stolbaga urilishi natijasida avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balonidan yong‘in sodir bo‘lganligi aniqlangan.

Yong‘in natijasida avtomashina haydovchisi hamda oldi o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchi Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 26-sonli maktabning direktor o‘rinbosari U.Sh.lar voqea joyida halok bo‘lgan. Orqa o‘rindiqda bo‘lgan yo‘lovchilar Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 38-sonli maktabning direktor o‘rinbosari T.L. va Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limi qorovuli M.B.lar tan jarohati olgan hamda ularga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga joylashtirilgan.

«Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma’lumotlarda Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari viloyat Hokimiyatiga kechki selektor yig‘ilishiga chaqirtirilganligi ko‘rsatilgan, biroq o‘rganishlar jarayonida shu kuni, ya’ni 29 sentyabrda Farg‘ona viloyati Hokimligida yig‘ilish yoki selektor o‘tkazilishi belgilanmaganligi, shuningdek yo‘l-transport hodisasiga uchragan haydovchi va yo‘lovchilar o‘zlarining shaxsiy yumushlari bilan Dang‘ara tumanidan Qo‘qon shahriga ketishayotganligi aniqlangan»,-deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring