Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Ichki ishlar vazirligi nomini o‘zgartiradigan vaqt kelmadimi?

Ichki ishlar vazirligi nomini o‘zgartiradigan vaqt kelmadimi?

Foto: «Xabar.uz»

Rosti, bu vazirlik nega «ichki ishlar» deb atalishi kerak, degan savol anchadan buyon o‘ylantirib keladi. Mamlakatning «ichki ishlari»ga mas’ullik — bu juda keng qamrovli masala. Vaholanki, Ichki ishlar vazirligi mamlakat ichki ishlarining ma’lum va, aytish mumkinki, o‘ta muhim qirrasiga mas’ul organ. Shunga qaramay, vazirlik funksiyalari davlatning barcha ichki ishlarini qamrab olmaydi. Tashqi ishlar vazirligining vakolat va vazifalari ma’lum: u davlatning tashqi siyosati bilan shug‘ullanadi.

Uzoq yillar intizor bo‘lib kutilgan «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning 2-moddasiga ko‘ra uning «...asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashdan, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat». Ko‘rinadiki, vazirlikning asosiy ishi jamoat tartibini saqlash va himoya qilishdan iborat. Mazkur qonunning  4-moddasida  ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy yo‘lanilishlari belgilangan bo‘lib, ular orasidan «dastlabki tergovni o‘tkazish» funsiyasini istino qilinsa, mohiyatan, jamoat tartibini saqlash vazifasi ustuvor ekani yana bir karra oydinlashadi. Illo, mazkur organ mamlakatning butun ichki ishlariga mas’ul ekanini anglatmaydi.

Ittifoq tarqab ketgandan keyin O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qayta tashkil etildi. Tashkil etilgandayam  «Ministerstvo vnutrennix del SSSR»,  ya’ni «SSSR Ichki ishlar vazirligi»  to‘g‘ridan-to‘g‘ri saqlab qolindi. SSSR Ichki ishlar vazirligi shu nom bilan 1946-yildan 1991-yilgacha yashab kelgan. Shu davr mobaynidagi uning faoliyatiga nazar solsak, o‘tgan 45 yillik davrida ham uning o‘z maqomiga xos vakolatni topa olmaysiz.  O‘shanda ham uning asosiy vazifasi faqat jamoat tartibini saqlash edi.

Ichki ishlar maqomi ilk paydo bo‘lgan davr, ya’ni yanada uzoqroqdan izlaydigan bo‘lsak, Narodniy komissariat vnutrennix del SSSR – NKVD (SSSR Ichki ishlar Xalq Komissariati – IIXK)ga borib taqaladi. 1934 yil tashkil etilgan NKVDga Jinoyatchilikka qarshi kurash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha SSSR Markaziy boshqaruv organi maqomi bilan ko‘plab vakolatlar berilgan. NKVDning birgina Davlat xavfsizlik Bosh boshqarmasi (GUGB) ko‘plab vakolatlarni o‘z ichiga qamrab olgan holda 11 ta Bosh boshqarmasiga ega bo‘lgan. Shuningdek, NKVDning zimmasida kommunal va qurilish, sanoat tarmoqlari ham bo‘lgan. Bundan tashqari siyosiy tergov, suddan tashqari hukm chiqarish, jazoni ijro etish ham bajarib kelgan. Hattoki, ichki nazoratdan tashqari chegara qo‘shinlari va armiyani ham nazorat qilib turish vakolatlariga ega edi.

1946-yili SSSR Ichki ishlar Xalq Komissariati – NKVD nomi SSSR Ichki ishlar vazirligi – MVDga aylanadi.

SSSR Ichki ishlar vazirligida 1946 yildan 1968 yilgacha ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ladi. Ya’ni tizimlar ajratib olinib, alohida vazirlik tashkil etiladi. Ko‘pgina vakolatlar esa Davlat xavfsizlik vazirligi (MGB)ga beriladi. 1968-yilga kelib SSSR Ichki ishlar vazirligida faqat Jamoat tartibini saqlash va pasport tizimi vakolati qoladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, 1966 yildagina bu vazirlik  «Ministerstvo oxrani obщyestvennogo poryadka (MOOP)», ya’ni «Jamoat tartibini saqlash vazirligi» deb nomlanadi. Ammo 1968 yilning 25 noyabrida sobiq SSSR Oliy Kengash rayosatining qarori bilan yana «SSSR Ichki ishlar vazirligi» deb qayta nomlanadi. Vakolati va yo‘nalishi esa o‘sha-o‘shaligicha qolavergan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ilk tarixi 1919-yil 26-iyunda Turkiston ASSR Ichki ishlar xalq komissariatining tuzilishi bilan boshlaganini hisobga olsak, vazirligimiz roppa-rosa bir asr shu nom ostida faoliyat yuritgan ekan.

Shunday ekan, bugungi islohotlar va ochiqlik siyosati davrida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining nomini o‘zining xizmat vakolatlariga xos va mos ravishda qayta nomlash kerakday. Masalan, Jamoat tartibini saqlash vazirligi (JTSV)!

Islohotlarning yangi bosqichi boshlanar ekan, Ichki ishlar vazirligi «militsiya» atamasini ishlatmaslik haqidagi rasmiy bayonot bilan ham chiqishdi. «Militsiya» ingliz tilidagi militia so‘zidan olingan bo‘lib,  «qurolli», «lashkar» ma’nolarini anglatadi. Jamoat tartibni saqlashga qaratilgan tizimning nomi Sho‘rolar davridan saqlanib qolinganini yuqorida aytdik. O‘sha davrda davlatning huquqni muhofaza qilish organlari tarkibiga kirmagan, ko‘ngillilardan tarkib topgan qurollilarning guruhiga militsiya deb nom berilganini ko‘pchilik bilmasa kerak.

Ichki ishlar  organlari xodimlariga nisbatan «militsiya» atamasini ishlatmaslik so‘raldi-yu ammo ularni qisqagina  qanday nomlash haqida biror bir taklif o‘rtaga tashlangani yo‘q. To‘g‘ri, «Ichki ishlar organlari xodimlari» deb atashni tavsiya qilindi. Biroq uzundan uzoq bu gapni aytishga til ko‘pam aylanavermaydi.

SSSR parchalanganidan keyin qator sobiq Sho‘ro respublikalari o‘zlaridagi tizimlar nomini politsiya deb o‘zgartirishdi. Hattoki, Rossiyada ham 2011-yil 1-martidan «militsiya» atamasi «politsiya»  deb atala boshlandi.

Demak, biz ham birgina so‘z bilan aytiladigan muqobil termin topishimiz lozim. «Mirshab», «posbon», «sarboz» kabi so‘zlardan birini shartli ravishda qo‘llash xato bo‘lmas, ehtimol?

«Mirshab» so‘zini asl ma’nosini ko‘radigan bo‘lsak, O‘rta Osiyo xonliklarida tungi shahar soqchisi va ularning boshlig‘ini Mirshab deb atashgan.

«Sarboz»  – Xonlar qo‘shinining oddiy piyoda askari.

Ichki ishlar organlari xodimlariga ta’rif berganda «tinchligimiz posbonlari» iborasi aytiladi odatda. «Militsiya» so‘zining o‘rniga eng munosib nom «posbon» deb o‘ylayman. Ammo bunga qarshilar topiladi. Chunki «posbon» so‘zini Ichki ishlar organlarida jamoatchilik asosida ishlaydiganlarga nisbatan qo‘llashimiz natijasida boshqacha  tasavvurni hosil qilib bo‘lganmiz. Aslida esa, Ichki ishlar xodimlariga nisbatan eng munosib ushbu atamani boy berib qo‘yganmizni ham anglashimiz kerak.

Xullas, yangilanayotgan O‘zbekistonning barcha jabhasi ham o‘zgarayotgan ekan, ichki ishlar vazirligining nomiga qo‘shib, tizim xodimlari qanday atalishi ham o‘zgarishi kerakday.

Yuqoridagi bayonlarni bir taklif tariqasida qabul qilgaysiz. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring