Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Ichki ishlar vaziriga ochiq xat!

Ichki ishlar vaziriga ochiq xat!

Hurmatli Po‘lat Razzoqovich!

Ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli izchil islohotlar samarasi o‘laroq, deb boshlagim kelmadi gapimni, rosti. Ko‘nglingizga olmaysiz, degan umiddaman.

Chunki tizimda «izchil» islohotlar olib borilayotganini yaqqol his eta olmayapmiz. Balki bu yozganim sizgacha yetib bormas, ehtimol sizga kunlik hisobot topshiradiganlar ushbu ochiq xatni «unutib» qo‘yishar. Lekin baribir yozmasam bo‘lmaydi. Har holda prezidentimiz har bir xabaru maqolani, ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlarni bilib turadi-ku.

Shuning uchun vazirlar internetdagi har qanday materialga «ishim ko‘p, vaqtim yo‘q» deb bahona qilmasdan, munosabat bildirishi, menimcha, eng to‘g‘ri yo‘l. Hech nima demadimi, demak, bosh vazirimiz aytganidek, «hammasi rost ekan-da», deb qo‘yaveramiz.

Xullas, sizga bir necha muammolar haqida yozmoqchiman. Mazkur masalalar bevosita ichki ishlar tizimiga borib taqaladi. Bu xatim sizga yetib boradimi-yo‘qmi, hech bo‘lmasa, el bilsin.

Birinchi masala. Og‘riqli nuqtalaringizdan biri desa ham bo‘ladi: matbuot xizmatining yopiqligi. Eng kerakli paytda OAV xodimlari ularni topa olishmaydi yoki ular ustalik bilan «yashirinishadi». Boshqa vazirliklarda axborot xizmatlari ochiq ishlaydi, OAVga labbay deb javob beradi. Masalan, Adliya, Xalq ta’limi, Oliy ta’lim, Mudofaa vazirlarining OAV bo‘yicha maslahatchilari (hozir ularning maqomi shunday bo‘lgan)ga bog‘lanish va ma’lumot olish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bu ta’rifni Bosh prokuratura matbuot xizmatiga nisbatan ham qo‘llashimiz mumkin.

Bu masala ilk bor ko‘tarilayotgani yo‘q. Xalqaro press-klubda, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi matbuot anjumanlarida jurnalistlar matbuot xizmatining yopiqligini ochiq aytishgan. Javob bitta bo‘lgan: «Biz harakat qilyapmiz». Biz esa haliyam kutyapmiz.

Ikkinchi masala. «Tonirovka» deb havodan pul ishlash «yo‘lga qo‘yildi», mayli. Nega endi orqa eshikka parda o‘rnatish taqiqlanmaganini tan olmaysiz?! Sud tizimi buni bir necha marta isbotlab berdiku, bu kammi?

Yo‘q, aksincha, muammodan ko‘zlar battar yumilmoqda. Endi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasidan aynan o‘sha «lazeyka» joyini — «haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatish» degan jumlani «tevarak atrofni ko‘rishni cheklaydigan» deb, ya’ni «haydovchi o‘rnidan» degan so‘zni chiqarib tashlamoqchisiz (aynan shu nuqta sudlardagi mag‘lubiyatga sabab bo‘layotgan edi).

Bundan xabarim yo‘q, desangiz, ikkita xulosa qilaman: birinchidan, agar rostan bilmasangiz, jamoatchilik va OAV bilan ishlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymagansiz. Agar bilib turib shunday qilayotgan bo‘lsangiz, unda ortiqcha gap va izohga hojat yo‘q.

Sud aybsiz deb topgan fuqaro e’tirozini, tag‘in bir necha bor, IIV har xil bo‘lmag‘ur izohlar va bahonalar bilan rad etmoqda. Shu holatda vazirlikni, jumladan, sizni-da sharmanda qilmoqda. Ushbu ochiq xatga ham «juda ajoyib» javob tayyorlashsa va meni tuhmatchi, yolg‘onchi, ig‘vogar deb atab chiqishsa, hech ajablanmayman.

Uchinchi masala. Vazir janoblari, bu eng og‘riqli nuqtamiz: propiska! SSSRdan qolgan bu «meros»dan voz kechish vaqti keldi allaqachon. Bu haqda hamma yozdi, hatto bozordagi aravakashlar ham. Lekin IIV nomidan biror kishi rasman munosabat bildirmadi, izoh bermadi, tasdiqlamadi yoki inkor etmadi. Faqat «lazeyka» deb yana sharmanda qilishdi, tizimni ham, O‘zbekistonni ham.

Deyarli har oyda qaysidir tashkilot yoki idora xodimlari uchun propiska ochilgani haqida qarorlar chiqadi. Vaqtinchalik propiska degan narsa 1 yilgacha uzaytirildi. Uy sotib olganlar uchun propiska muammosiz bo‘lib qoldi, ya’ni pulga sotilmoqda. Lekin, bir deputatimiz aytganidek, Toshkentni jinoyatchilar bosib ketmadiku.

Ichki ishlar vaziri qanday qilib ko‘zga ko‘rinadi? Qilayotgan ishi xalqqa naf berayotgani qayerdan bilinadi? Olti oylik, yillik hisobotlardanmi? Faqat sayyor qabullardanmi? Yoki «qovun tushirayotgan» matbuot xizmati orqalimi?

To‘g‘ri, jinoyatchilikka qarshi ayovsiz kurashyapsizlar, har holda bu borada ochiqlik bor, ish ketyapti. Ammo, hurmatli vazir, yana bir jasorat ko‘rsata olasizmi? O‘zbekistonda propiska tizimi bekor qilinadi, deb bayonot bera olasizmi? Ushbu loyihani ommaga taqdim qila olasizmi?

Menimcha, buni fuqarolar faqat olqish bilan kutib olishadi. Deputatlarimiz taklifni bajonidil qabul qilishadi (jinoyatchilar ko‘payadi degan bitta deputatga shubha bor xolos). Keyin nima bo‘ladi, bilasizmi? Siz tarixda qolasiz! Mana bu haqiqiy jasorat bo‘ladi!

Hozircha shular. Umid qilamanki, menga hech qanday bosimlar bo‘lmaydi. Sizning va bizning umumiy, mushtarak bir maqsadimiz bor: xalqqa xizmat qilish, ularga yengillik berish va rozi etish.

Sizga sog‘lik va omonlik tilayman!

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring