Adliya vazirligi «MY5»ni ogohlantirdi. Boshqa telekanallarning «shoxi» bormi?
Bundan bir oy avval «Xabar.uz» saytida «Ombudsman: «OAVning fuqaro shaxsiy hayotiga aralashishi qonun bilan taqiqlangan» sarlavhali material e’lon qilingan edi. To‘g‘ri, ushbu maqola mamlakatimizning 33 million aholisining o‘n foizini ham qamrab olgani yo‘qku-ya, lekin jurnalist yoki boshqa OAV vakillarining e’tiborini tortgan bo‘lishi tayin. Bu bilan televideniye, gazeta va internet saytlarida jinoyati hali isbotlanmagan gumondorlarning yuzini ommaga ko‘rsatish, ism-familiyasi va yashash manzilini oshkor etish hollari bartaraf etildimi?
«MY5» telekanalida 2018-yil 1-aprel kuni efirga uzatilgan «Yashirin kamera» ko‘rsatuvi yuzasidan Adliya vazirligining e’tirozlari bayon qilingan maktub kechagina ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi. Va bu turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda (matnni quyida e’lon qilamiz). Fuqarolarning e’tiborini jalb qilgan bu mavzu insonlarning shaxsiy hayotiga ochiqchasiga daxl qilish, ularning yuzini, yashash manziliyu, ism-shariflarigacha ochiq ko‘rsatish hollaridan noroziliklarini ko‘rsatmoqda. To‘g‘ri, ko‘rsatish kerak, qachongacha yashirish mumkin, bundan xulosa qilish kerak-ku, deguvchilar ham bor.
Jumladan, 2018-yil 28-mart kuni Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» telegram kanalida so‘rovnoma o‘tkazildi. Savol quyidagicha: «Mast holda avtomashina boshqarayotganda, fohishalik bilan shug‘ullanayotganda va boshqa huquqbuzarliklar sodir etayotgan vaqtda ushlangan shaxslarning video yoki fototasvirlari televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatilishi haqida qanday fikrdasiz?»
- Ko‘rsatish kerak, bunday noma’qul ishlarni boshqa qilmaydigan bo‘ladi. — 3 100 ta ovoz.
- Ko‘rsatish kerak emas, bu o‘sha shaxslarning shaxsiy ishi — 1 000 ta ovoz.
- Men qarshiman, bu noqonuniy — 1 700 ta ovoz.
- Menga farqi yo‘q — 128 ta ovoz to‘plagan.
Agar firibgarlar, boringki, o‘g‘riyu kazzoblar, odam savdogarlariyu boshqa shunga o‘xshash shaxslarni ogohlikka chaqirish maqsadida qilinayotgan xayrli ish bo‘lsa, ularni xalqqa tanitish maqsadidagi bu ishni oqlash mumkin. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor-da. Bu yerda inson sha’ni, qadr-qimmati, uning huquqlari masalasi turibdi. Isnod degan tushuncha o‘zbekning qon-qoniga singib ketgan. Bir nomaqbul oila a’zosining isnodini butun avlod ko‘tarib yurishiga to‘g‘ri keladi. Aslini olganda, bu millatimizning yozilmagan qonunlari. Biroq rasmiy qonunchilik nuqtai nazaridan olib qaraganda ham inson sha’nini kamsitishga hech birimizning haqqimiz yo‘q-ku! Shu ma’noda aybdorni ochiq-oydin teleekran orqali namoyish etishimiz, uni hammaga tanitishimiz, urug‘-aymog‘igacha isnod botqog‘iga botirishimiz to‘g‘rimi?
Bunday kadrlar yoki xabarlar nafaqat «MY5»da, balki boshqa telekanallarda ham oshkora e’lon qilinyapti. Masalan, «O‘zbekiston-24» telekanalidan uzatilgan xabarda uyida fohishaxona ochgan onasini va 5 yashar ukasini o‘ldirgan yigit haqidagi lavha namoyish etildi. Unda yigitning yuzi aniq-ravshan ko‘rsatildi. Xo‘p, u qotil ham deylik, jinoyatchi ham deylik, biroq buni keng ommaga ko‘rsatgandan nima naf? Siz ham onangizni, ukangizni o‘ldirmang. Oramizda shunday odamlar ham bor ekan. Siz buni takrorlamang, demoqchimi? Aslida, jinoyatlar haqidagi xabarlar jamiyatda salbiy holatlarning oldini olishga bag‘ishlangan profilaktika tadbirlari uchun kerak emasmi? Bu xabar bilan kim, qanday tarbiyalanadi? Masalaning yana bir tomoni bor. Ushbu material yoritilganda yigit qanday qilib odam o‘ldirgani, ya’ni faktlar to‘liq keltirilgan. «Yetti marta g‘isht bilan boshiga urib» jumlasi kadr ortidan o‘qib eshittirilgan. Bu tarbiyalashga emas, balki odamlarda, ayniqsa, voyaga yetmaganlarda jinoyatga moyillikni uyg‘otuvchi yoki uni qanday qilib amalga oshirish mexanizmlari borasidagi «shpargalka» vazifasini o‘tamaydimi?
«ZO‘RTV» kanalidagi «Xafa bo‘lish yo‘q» loyihasi haqida ham ikki og‘iz fikr bildirish o‘rinli bo‘lardi. To‘g‘ri, bu ko‘ngilochar, hazil ko‘rsatuv. Uning har soni bir tomon bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Lekin dastur qahramonining bo‘ladigan hodisa va sarguzashtlardan umuman xabari bo‘lmaydi. Xullas, ko‘rsatuvning beshinchi sonida «Afruz» guruhining vakili va uning avtomashinasi nishonga olingan. Manzara: lotereya o‘yini o‘ynalayotgan sahna. Yutuqqa xonandaning mashinasi qo‘yilgan. Atrofda atayin uyushtirib yig‘ilgan odamlar. «Afruz» guruhi vakilining avtomashinasi raqami egasining yo‘qligidan foydalanib, yechib olingan va usti bantiklar bilan o‘ralgan. Xonanda savdo markazidan chiqib kelayotganda mashinasi lotereyada o‘ynalayotganini ko‘radi va tabiiyki, bu nohaqlik ustidan noroziligini bildirib, o‘zini himoya qila boshlaydi. Buni tomoshabinlar kulib tomosha qiladi, albatta. Lekin ikkinchi tomonning ma’naviy zarari-chi? Bunga qancha asab, qancha vaqt sarflanadi. Biz esa ularni ekran orqali ko‘rib, sirkda o‘tirgan tomoshabindek xatti-harakatlari ustidan kulib o‘tiramiz. Bu ochiqchasiga inson hayotiga daxl qilish emasmi? Birovning ko‘nglini olaman deb, boshqalarning huquqlariga daxl qilishga qonunchiligimiz aslo yo‘l qo‘ymaydi.
Yana bir gap. «Uchburchak» ko‘rsatuvining o‘sha mashhur soni, ya’ni qaynotasi keliniga sevgi izhor qilgani tanqid ostiga olingan efirni eslaylik. To‘g‘ri, bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda xo‘b va ko‘p tanqid qilindi. Lekin keyin-chi, bugun bu oila mahallada qanday qilib bosh ko‘tarib yurgan ekan? Shu haqda biror marotaba o‘ylab ko‘rdikmi? Mahallaning to‘rt-besh «internetchi» xotinlari (podezd oldida yig‘ilib o‘tiradigan ayollar nazarda tutilmoqda) ularning yonidan yelkasini qisibgina o‘tib ketmayotganmikin? Balki teleekranda oilaviy muammolari ochiq-oydin namoyish etilganlar shu mahalladan bosh olib ketishga majbur bo‘layotgandir. Har holda aytilgan gap aytildi. Bir oilaning sha’niga aytilgan so‘zlar, nafaqat mahallada, balki xalqimiz orasida duv-duv gap bo‘ldi. Biroq tanqid ostiga olingan bu oilaning boshqa vakillari ham bor edi-ku. Mahalla-ko‘y «ana, keliniga sevgi izhor qilgan qaynotaning katta kelini yoki nevarasi kelyapti», deb qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatmasligiga kim kafolat bera oladi?
Insonlarning shaxsiy hayotiga daxl qilish mumkin emas. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan yuqorida ta’kidlaganimiz e’tiroz va ogohlantiruvchi maktubida shunday deyiladi:
«Birinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi belgilangan. Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida to‘liq implementatsiya qilingan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.
«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga asosan, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
«Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishi shart.
Jurnalist axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
Ikkinchidan, Nodavlat teleradiokanallar Xartiyasida jurnalistlarning kasbiy burchini bajarishda insonlarning axloqiy, jismoniy va ruhiy sog‘ligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan teleradioko‘rsatuvlarni ommaga uzatishda ruxsat etilgan chegarani va kasbiy etikani e’tiborga olish qayd etilgan.
Ushbu Xartiya jurnalistlar tomonidan umumiy axloq me’yorlarini ilgari surish jarayonida chuqur insoniylik, tarbiyaviylik, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish orqali amalga oshirish majburiyatini nazarda tutadi.
Shu kabi me’yorlar O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining professional jurnalisti axloq kodeksida ham o‘rnatilgan.
Uchinchidan, so‘zsiz, o‘sib kelayotgan avlod kelajagi uchun ularni boy tarixiy-ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash muhimdir.
Shu bilan birga, axloq-odob qoidalari jamiyatda fuqarolarning dunyoqarashi, e’tiqodi, shaxsiy fazilatlari va boshqa omillardan kelib chiqib shakllanadi.
Adliya vazirligi tarbiya muhimligini, lekin bu inson huquqlari buzilishi hisobiga erishilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etadi.
Telekanal kadrlarida ko‘rsatilgan yoshlar xulq-atvorida amaldagi qonunchilik talablari buzilishi holatlari mavjud emas va bunda OAV vakillarining harakati ularning yetarlicha kasbiy tayyorgarlikka ega emasligidan dalolat beradi.
Inson huquqlari oliy qadriyat ekanini inobatga olgan holda, OAV vakillari fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilishlari lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, kelgusida teledasturlarni tayyorlashda ushbu qonunchilik normalariga rioya qilish shartligini bildirib o‘tamiz».
Televideniye, matbuot va internet nashrlarida e’lon qilinayotgan materiallarga nafaqat Adliya vazirligi, balki boshqa mutasaddi tashkilotlar (jumladan, Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz) ham o‘z fikrini bildirsa, yaxshi bo‘lardi. Zero, kichik tuyulgan xatolarga o‘z vaqtida chek qo‘yish katta xatolar yuzaga kelishining oldini oladi.
Adliya vazirligi nega aynan «MY5»ni ogohlantirdi? Boshqa telekanallar (davlat va nodavlat) tomonidan tayyorlanayotgan shu xildagi ko‘rsatuvlar ham ko‘p-ku! Yoki ularniki «yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir» ko‘rsatadimi?
Biz tahlilimizni tugatganimizcha yo‘q. Bu borada matbuot va internet nashrlaridagi xatoliklar alohida mavzu. Tez orada bu boradagi xatoliklar bo‘yicha ham sizlarni xabardor qilamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter