Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har daqiqada 174 ming dollar! Xalqaro tashkilot mablag‘ni rasamadi bilan sarflashga chaqirdi

Har daqiqada 174 ming dollar! Xalqaro tashkilot mablag‘ni rasamadi bilan sarflashga chaqirdi

So‘nggi yillarda yadro quroliga ega davlatlar ommaviy qirg‘in qurollarini saqlash va takomillashtirish uchun juda katta  miqdorda mablag‘ sarflamoqda. Bu haqda Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro tashabbus (ICAN) hisobotida so‘z boradi.

Xalqaro tuzilma hisob-kitobiga ko‘ra, 2023 yilda  AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Isroil, Pokiston va Shimoliy Koreya yadro quroli uchun 91,4 milliard dollar mablag‘ sarflagan. Uning yarmidan ko‘pi (51,5 milliard dollar) AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni katta farq bilan Xitoy (11,8 milliard dollar) va Rossiya (8,3 milliard dollar) egallagan.

2022 yilda yadro quroliga ega davlatlarning xarajati 80,7 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu raqamga 10,8 milliard dollar qo‘shilgan. O‘sish ko‘rsatkichining 80 foizi AQSh ulushini tashkil etadi.

Shu tariqa dunyo davlatlari ommaviy qirg‘in qurollari uchun har daqiqada  173 884 dollar, har soniyada esa 2898 dollar sarflagan.

Ekspertlar kelgusida ommaviy qirg‘in quroli xarajatlari 100 milliard dollardan oshishini bashorat qilmoqda.

Ushbu holatni keskin tanqid qilgan Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro tashabbus ajal quroli uchun sarflanayotgan mablag‘ni iqlim o‘zgarishi, qashshoqlik, ochlik, atrof-muhit ifloslanishi kabi global muammolarni hal etishga yo‘nalitirishga chaqirgan.

Xalqaro tuzilma xulosasiga ko‘ra, ayni paytda dunyoning 9 davlati (AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Isroil, Pokiston va Shimoliy Koreya) ommaviy qirg‘in quroliga ega. Sayyoramizda mavjud 12500 dan ziyod yadro kallaklarining 5889 tasi Rossiya, 5224 tasi AQSh tasarrufida. Xitoy ham o‘z yadro arsenalini kuchaytirib bormoqda.

Xavotirli hisobot dunyoda geosiyosiy vaziyat o‘ta taranglashib, yadro qurolini ishga solish ehtimoli kuchayib borayotgan davrda e’lon qilindi.

Ukrainada urush olib borayotgan Rossiyaning katta-kichik rutbadagi siyosatchi va siyosatshunoslari so‘nggi vaqtlarda taktik yadro qurolini ishga solish haqida ochiq-oshkora bayonotlar bermoqda.

Bunga javoban NATO rahbariyati ham yadroviy qurollarni shay holatga keltirish, harbiy ittifoqning yadro arsenalini dunyoga namoyish qilish zarurati haqida gapirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring