Fuqarolar ham hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda ishtirok etishi mumkin
O‘zbekiston fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Bu haqda O‘RQ–860-sonli tegishli qonunda belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazuvchi sub’yektlar etib quyidagilar belgilandi:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
- Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari;
- normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiquvchilari bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari;
- tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi:
- o‘z tashabbusiga ko‘ra – har qanday normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan o‘rganish va tekshirishlar natijalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatning qo‘llanilishi chog‘ida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar fakti aniqlangan hollarda;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko‘ra.
Adliya vazirligi:
- O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining;
- vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan buyruqlari hamda qarorlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazishga haqli bo‘lib, ushbu ekspertiza doirasida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga doir takliflar va tavsiyalar ishlab chiqilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- normalarning barqarorligi va huquqiy jihatdan muvofiqligi bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
- nazorat-tekshirish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha ekspertlar reyestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi o‘tkazilishi chog‘ida ularga Adliya vazirligi bilan birgalikda uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter