Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Firdavs Abduxoliqov: «Ayni paytda Samarqand, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istondagi qadimiy maskanlarning virtual xaritalari ustida ishlayapmiz»

Firdavs Abduxoliqov: «Ayni paytda Samarqand, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istondagi qadimiy maskanlarning virtual xaritalari ustida ishlayapmiz»

Avval xabar berganimizdek, 10-11-dekabr kunlari mamlakatimizda «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining 2018-yil yakunlari va «Yo‘l xaritasi-2019»ni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro multimedia forumi bo‘lib o‘tadi. Mazkur yirik anjuman arafasida loyiha rahbari, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov bilan suhbatlashdik.

– Loyihaning asosiy maqsad va vazifalari, hamkorlari haqida gapirib bersangiz.

–Rahmat. Ma’lumki, O‘zbekiston dunyo tamanddunining qadimiy o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Bugun Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimiz hududida yaratilgan va turli sabablarga ko‘ra, jahonning turli hududlariga sochilib ketgan merosimiz namunalarini izlab topish, tadqiq qilish va keng miqyosda targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada bir qator me’yoriy hujatlar qabul qilindi. Bizning loyihamiz ham ana shu keng qamrovli loyihaga munosib hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan. Shu maqsadda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi, Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Madaniyat vazirligi, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, shuningdek, neft qazib chiqarish bilan shug‘ullanuvchi «Eriell Group» kompnaniyasi singari yirik biznes sub’yektlari bilan hamkorlikda ish olib boramiz.

Shu o‘rinda bir haqiqatni aytib o‘tsak. Keyingi paytlarda turli davlatlarda o‘z o‘tmishini yanada salobatli ko‘rsatish maqsadida tarixiy ma’lumotlarin ko‘pirtirish, o‘zlarini Buyuk ipak yo‘lininig markazi, tamaddunning eng qadimiy beshigi sifatida ko‘rsatish hollari kuzatilmoqda. Shunday paytda biz nega jim turishimiz kerak? Holbuki, Vatanimiz hududidan topilgan osoriatiqalar bobolarimizning qanchalik buyuk, oqil, dono va jasur bo‘lganini isbotlamoqda. Bizning diyorimiz Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan. Bu hududda turli madaniyatlar, tamaddunlar, qarashlar, bilimlar tutashgan. Ajdodlarimiz yaratgan moddiy va madaniy meros namunalarini Xitoydan Hindistongacha, Yevropadan Yaponiyagacha bo‘lgan hududlardan topilishi har birimiz uchun behad faxru iftixor bag‘ishlaydi.

– Navbatdagi forumning avvalgilaridan farqli jihatlari bormi?

–Bu galgi forum oldingilaridek ilmiy va madaniy qismlardan iborat. Tadbirda loyiha doirasida joriy yil davomida qilingan ishlar xususida so‘z yuritilib, xorijiy mamlakatlarda amalga oshirgan ilmiy ekspeditsiyalar, turli shaharlarda o‘tkazilgan yirik xalqaro anjumanlarning natijalari keng ommaga taqdim etiladi.

Shu bilan birga, «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidan chop etilgan kitob-albomlarning navbatdagi 10 jildi o‘quvchilarga taqdim qilinadi. Bu kitoblarda mamlakatimiz, shuningdek, Rossiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya singari mamlakatlardagi muzeylar, kutubxonalar, ilmiy muassasalarda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy yodgorliklar haqida so‘z boradi. Xuddi shu mavzularda suratga olingan filmlar namoyish etiladi.

Forum davomida loyiha doirasida faoliyat yuritayotgan olimlar o‘z natijalari va shov-shuvli topilmalari haqida so‘zlab berishadi. Masalan, dunyoga mashhur olim, tarix fanlari doktori, Yefim Rezvan Qur’oni karimning O‘zbekiston hududiga tegishli bo‘lgan, ayni damda dunyoning turli hududlarida saqlanayotgan 114 ta nusxasi haqida so‘zlab beradi.

–Mazkur anjumanda «O‘zbekistonning 100 mashhur qo‘lyozma yodgorliklari» loyihasi ham taqdim etilar ekan...

–Aslida bugun dunyoning turli mamlakatlarida ajdodlarimizning aql-zakovati mahsuli bo‘lgan minglab nodir kitoblar saqlanadi. Ularni borib o‘rganish, tadqiq etish, keng jamoachilikka tanishtirish zimmamizdagi asosiy vazifalardan sanaladi. Ayni paytda mazkur loyiha bo‘yicha bir qator durdona asarlarning faksimile nusxalari Yevropa texnologiyalari asosida ko‘paytirilib, yurtimizga olib kelindi. Ular qatorida «Temur tuzuklari», «Devoniy Husayniy», «Me’rojnoma», «Ravzatus-safo» singari noyob asarlarni misol keltirishimiz mumkin.

Ushbu forumda Sharafuddin Ali Yazdiyning Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi «Zafarnoma» kitobi noyob nusxasining faksimile nusxasini taqdim etamiz. Kelgusida mazkur turkumga kirishi mumkin bo‘lgan nodir asarlar ro‘yxatini shakllantiryapmiz.

–Bu yilgi X Ijtimoiy media mahsulotlar milliy festivali aynan shu mazkur ilmiy anjuman bilan birga paytda o‘tyapti. Buning o‘ziga yarasha sabablari bo‘lsa kerak?

–Albatta bor. X Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivalida bevosita «Madaniy meros – O‘zbekiston brendi» g‘oyasini targ‘ib etuvchi ijod namunalari taqdim etiladi. Mazkur media mahsulotlar orasidan eng yaxshilarini saralashda xalqimizning boy milliy madaniy merosi qay darajada asosli, qiziqarli va go‘zal tarzda targ‘ib etilganiga e’tibor qaratiladi. Mazkur festivalning mutlaq g‘olibiga «Spark» avtomashinasi taqdim etilishi ham uning qamrovi, talablari, mas’uliyati qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatib turibdi.

Biz bu festivalni 10 yildan beri o‘tkazib kelamiz. Uning asosiy maqsadi jamiyatimizdagi jiddiy muammolarga qisqa, lo‘nda, aniq roliklar orqali jamoatchilikning e’tiborini qaratishdan iborat. U atigi bir-ikki daqiqa davom etadi. Tomoshabinning ko‘p vaqtini olmaydi. Bunday roliklarni internetda joylashtirish, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish, jamot joylarida, transport vositalarida namoyish qilish mumkin. Muhimi, shu qisqa vaqt kesimida mualliflar yirik bir muammo va uning yechimini ko‘rsatib bera olishlari kerak.

– Mazkur yirik loyiha doirasida kelgusi yilda qanday rejalar ko‘zda tutilgan?

– Forumning ikkinchi kuni 2019-yilgi «Yo‘l xaritasi» muhokama qilinadi. Biz bu haqda joriy yilda Parij va Dehlida o‘tkazilgan anjumanlarimizda ham gapirib o‘tgan edik. Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha yirik olim Frederik Star yaqinda O‘zbekiston tarixiy go‘shalarining virtual lavhalarini yaratish haqida gapirdi. Ayni paytda Samarqand, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istondagi qadimiy maskanlarining virtual xaritalarini – o‘tmishda ular qanday ko‘rinishda bo‘lganini bugungi tomoshabinga namoyish qilish ustida ishlyapmiz.

Joriy yilda Sankt-Peterburgda o‘tgan kongressda dunyoning turli hududlaridan 300 olimni o‘zida birlashtirgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ta’sis etildi. Dunyoning biror mamlakatida bunday nufuzli xalqaro jamiyat tashkil etilmagan. Biz bu olimlarning ilmiy salohiyatidan, tajribasidan foydalanishimiz kerak.

Masalan, Yaponiyaning Mixo muzeyi mutaxassisi Sergey Laptev qadimiy sopol koshinlar sirini topish ustida izlanmoqda. Bilasiz, yurtimizdagi tarixiy obidalar gumbazlari asrlar o‘tsa-da, o‘z tusini yo‘qotmaydigan o‘ziga xos sirli koshinlar bilan qoplangan. O‘tmishda bobolarimiz bu gumbazlarga rang berishda qanday texnologiyalardan foydalangani hanuzgacha sir bo‘lib qolmoqda. Laptev esa ana shu sirni ochish arafasida. Biz esa unga qo‘ldan kelgancha yordam beryapmiz.

Biz kelgusi yilda ilmiy-madaniy anjumnalarimizni mamlakatimizning ko‘hna madaniy markazlari – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari bo‘ylab o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Ushbu shaharlarning har birida uning tarixi, madaniy durdonalari, o‘ziga xos qadriyatlari bilan bog‘liq anjumanlar, ko‘rgazmalar, taqldimotlar o‘tkaziladi. Bu mamlakatimizni jahonga yanada kengroq tanitishda katta ahamiyat kasb etadi.

Rustam JABBOROV suhbatlashdi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring