Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ezma odam bilan suhbat (hajviya)

Ezma odam bilan suhbat (hajviya)

– Men nima haqida gapirayotgan edim?.. Ha, qatiq haqida... Yo‘q, suzma boshqa narsa. Chakkimi, u ham qatiq! Bir xil yegulik, faqat ikki xil nom bilan yuritiladi... Suzma qatiq emas, dedim-ku! Mayli, qatiq bo‘la qolsin... Rosa o‘jar odam ekansiz, uka. Yoshi katta odam gapirganda hurmatini qilib, gapga quloq soling-da, garchi mehmon bo‘lsangiz ham... Obbo, yana bahslashadi-ya!..

Qatiqning tayyorlanishimi? Sut qaynatilib, sovigandan so‘ng moya uriladi, zardobi olinsa, qatiq-da... Tvorog umuman boshqa narsa. Qatiq bemaza bo‘lsa, demak, qaymog‘i olingan... O, yashang, qaymog‘i olinmagan sutdan mazali qatiq chiqadi... Nega endi, tvorogni tatib ko‘rganman.

Jiyanimning ishxonasiga yuqori idoradan boshliqlar kelishgan ekan. Xizmat mashinasi buzilib qolgani uchun mening avtoulovimda ular yotgan mehmonxonaga bordik. Mehmonxona yemakxonasida ularning nonushtasiga taklif etishdi meni.

Stolga har bir kishi uchun alohida likopchalarda qatiqqa o‘xshash yegulik tortishdi. Ko‘rinishi – oftobda qotib, suvi qochgan qatiqning o‘zginasi! Bilsam, tvorog deyisharkan. Qarshimda o‘tirgan mehmon ko‘z ochib-yumguncha likopchadagi tvorogning rangini o‘chirdi. Men qoshiqcha bilan ozroq olib og‘zimga solsam, biram bemaza! Jiyanim shakar va qaymoq qo‘shib yeyishni maslahat berdi. Shunday qildim. Yo‘q, baribir mazasi yoqmadi. Bundan ko‘ra qatiqqa barra piyozni botirib yeyish ming marta afzal.

Keyin chalpakka o‘ralgan yegulik keltirishdi. Ichida go‘sht bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Yo‘q, yana tvorog ekan! Xamirli pishiriqdan tatib ko‘rmoqchi edim, u ham tvorogdan! O‘rgilib ketdim bunaqa nonushtadan, deya jiyanga dashnom berdim. Bu ovqatdan yangang pishirgan atala tuzuk, dedim unga...

Nima, davolovchi ovqat dedingizmi? Tvorog-a? Menimcha qatiqqa keladigani yo‘q. Quritib uni qurut qiling, suyultirib chalop qiling, lekin o‘zi asl holida ichimlikka zo‘r gazak-da!..

E-e-e, suzma deyishni qo‘ymadingiz-da. Odam degani ham shunaqa ezma bo‘ladimi-a?.. Mutaxassissiz?.. Qayerda ishlaysiz?.. Qaysi sut kombinatida? Texnolog bo‘libmi? Yaxshi... Demak, suzma ham qatiqqa o‘xshagan narsa ekan-da. Qarang, bilmagan ekanmiz.

Musallasmi? O, u zo‘r ichimlik. Ham vino, lekin vino emas. Shoshmanglar, ichingizda vino kombinatida texnolog bo‘lib ishlaydigan ojdam yo‘qmi?.. Yaxshi, unda aytaman...

Ammo bilib qo‘ying, siz rosa ezma ekansiz!

Xurshid Nurullayev

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring