Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boshliqning yumushlari (hajviya)

Boshliqning yumushlari (hajviya)

Boshim qotib qolgan. O‘ylayveraman-o‘ylayveraman. Boshlig‘im bilan munosabatimiz avvalgi holatiga qaytmayapti-da! Nima qilsam ekan? To‘g‘risi, boshlig‘im menga hech qanday e’tiroz bildirmadi, u kishidan xafa bo‘lishga asosim ham yo‘q. Zimmamga yuklatilgan vazifani qoyilmaqom qilib bajarganimning isboti shuki, boshliqdan biror marta dakki eshitmaganman. Ko‘nglimning bezovtaligi sababi... boshliqning men bilan bir xonada ishlaydigan hamkasbimga nisbatan mehri ortib borayotganida. Xuddi bir kunda bor budidan ayrilib, xonavayron bo‘lgan odamdekman.

Avvallari boshliqning biror shaxsiy ish chiqsa, uyiga meni yuborardi. Ayniqsa, dam olish kunlarida haqiqiy bayram bo‘lardi. Chunki, boshliqning dala hovlisini tartibga keltirishdan tortib, hovli sahnida marmar hovuzi bor ikki qavatli muhtasham binodan iborat shahardagi hovlisigacha saranjom-sarishta qilarkanman, xuddi jannatda yurgandek sezardim o‘zimni. Arzimas shu xizmat sabab rahbarimiz bilan yaqin edik.

Xullas, hammasi yaxshi edi. Ammo bir kuni hamxonamning hasadini keltirish uchun uni o‘zim bilan o‘sha dala hovliga olib bordim. Keyin esa...

Mehnat ta’tiliga chiqish zarilmidi menga? Bir oy ishda bo‘lmaganimda hammasi bunchalar chappa bo‘lib ketishini kim ham o‘ylabdi, deysiz!

Hamkasbimdan ikki yil oldin ishga kelganim uchun xonadagi yagona telefon mening ish stolimda turar, qo‘ng‘iroqlarga ham o‘zim javob qaytarardim. Bu safar ham shunday bo‘ldi.

– Alyo?

– Xonadoshingizga ayting, bizning uyga borsin.

– A?.. Xo‘p bo‘ladi.

Go‘shakni qo‘yib, hamkasbimga qaradim. U so‘zsiz tushunib, o‘rnidan turdi.

– Xo‘jayingami?

– Uylariga, – dedim bazo‘r tilib aylanib.

Xonadoshim chiqib ketishi bilan yuragimga og‘riq kirdi. Hasad qilish yaxshi emas, ammo nima qilay? Ahvolim sira yengillashmasdi. Axiyri chidolmay, boshliqning xonasi tomon yo‘naldim.

Boshliqqa gap yo‘q. Yig‘lagudek bo‘lib aytgan har bir so‘zimni jim turib eshitdi. Keyin keladigan shanba kuni dala hovlisiga o‘zim borishimni aytib, yupatgan bo‘ldi. Do‘stlari bilan ulfatchilik qilisharkan. Hovuzni tozalashdek sharafli ish yana kaminaga yuklatilganidan sevinchim ichimga sig‘masdi.

– Xonadoshingiz esa uy ishlariga boradi, – dedi boshliq. – Rosa mug‘ombir ekan, yangangizning ko‘nglini topganga o‘xshaydi.

Boshliq oxirgi so‘zni ayta turib, bir ko‘zini ma’noli qisib qo‘ydi.

Men xonamga qaytib, og‘ir o‘yga botdim. Xuddiki xonadoshim xonada paydo bo‘lib, menga tirjayib qo‘ygandek tuyuldi. Hayotimdagi eng katta xatoim boshliqning uyiga qatnab, xotiniga yetarli e’tibor bermaganim, degan xulosaga keldim. Endi yanganing ko‘nglini topishim kerak.

Shu haqda o‘ylayveraman-o‘ylayveraman. Boshim shishib ketdi.

Xurshid Nurullayev.

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring