«Davo uchun» ko‘knor yetishtirgan shaxsga jazo tayinlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudida o‘qilgan hukm 52 yoshli Shahnoza Xo‘jayevaning (ismi sharifi o‘zgartirilgan) salkam ikki yilga ozodligini chekladi. Sud raisining «Xabar.uz»ga bildirishicha, u o‘z xonadonida giyohvandlik o‘simligi hisoblangan 3 tup ko‘knor o‘simligini yetishtirgan.
Qorako‘l tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Shahnoza Xo‘jayevaning yashash uyi tomorqasidagi poliz ekinlari orasida qonunga xilof ravishda ko‘knor ekib, unga agrotexnik ishlov bergani va bu o‘simlikni parvarishlab kelgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ayol ushbu o‘simlikni o‘zi iste’mol qilib kelgan.
«Uzoq yillardan buyon suyak xastaligim kuchaygan. Ko‘knor kasallikka davo deyishgani uchun uni o‘zim parvarishlab, o‘zim iste’mol qilib kelganman. Undan moddiy boylik orttirish yoxud boshqa birovga pullash maqsadida foydalanmaganman. Va aybimga iqrorman», — degan u sudda.
4.55 grammga teng bo‘lgan ko‘kimtir rangli o‘simlik urug‘lari va 73,88 grammga teng bo‘lgan sarg‘ish rangli o‘simlik boshoqlari tegishli tartibda yo‘q qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 270-moddasi (Ta’qiqlangan ekinlarni yetishtirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, aybdorga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter