Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bu xabar dunyo bo‘ylab siyosiy shok to‘lqinini yaratishi aniq» – tahlilchi

«Bu xabar dunyo bo‘ylab siyosiy shok to‘lqinini yaratishi aniq» – tahlilchi

Hatto demokratik partiyadagi safdoshlari ham undan nomzodini qaytarib olishni so‘rayotgandi.

Foto: Getty Images

Kecha, 21 iyul kuni AQSh yetakchisi Jo Bayden mamlakat prezidentligi uchun saylovda o‘z nomzodini qaytarib olishini ma’lum qildi. «Men qayta saylanish niyatida bo‘lganim holda, o‘z partiyam va mamlakatim manfaatlari sabab chekinishim va qolgan muddat davomida faqat prezidentlik vazifamni bajarishga e’tibor qaratishim kerak deb hisoblayman», – deya qarorini izohladi Oq uyning amaldagi xo‘jayini.

Noyabr oyida 82 yoshga to‘ladigan Baydenning prezidentlik poygasidan chiqishi u qadar kutilmagan hodisa bo‘lmadi. Demokratik partiya vakili bo‘lgan amaldagi prezident 27 iyun kuni Atlanta shahrida respublikachilar nomzodi Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan ilk saylovoldi teledebatda qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Baydenning bo‘sh-bayovligidan ko‘ngli to‘lmagan demokratlar u prezidentlik poygasidan chiqishi va o‘rnini boshqa kuchliroq nomzodga bo‘shatishi kerakligini talab qila boshladi.

13 iyul kuni Trampga qarshi uyushtirilgan suiqasd ortidan respublikachilar nomzodining reytingi keskin ko‘tarildi. Shu sabab ayrim siyosatshunoslar majoziy ma’noda «Respublikachi Trampga otilgan o‘q demokrat Baydenga tegib uni yiqitdi», deb yozishdi.

Bu orada Bayden koronavirusga chalingani o‘rtaga chiqdi.

Shu tariqa demokratik partiya vakillarining kuchli bosimi ostida keksa prezident galdagi saylovda qatnashmaslikka qaror qildi.

Bayden saylovda safdoshi va  hammaslagi, vitse-prezident Kamala Harris nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Vitse-prezident allaqachon prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi ekani haqida bayonot berdi. Prezidentning dastagi Kamala Harrisning nomzodga aylanganini anglatmaydi. Bu qaror demokratik partiya qurultoyida ko‘pchilik ovoz bilan  tasdiqlanishi kerak.

Asl kasbi huquqshunos bo‘lgan Kamala Harris endi bor mas’uliyatni zimmasiga olishi kerak. Karikatura muallifi – Ahmad Rahma.

O‘zbekistonlik siyosatshunos va tahlilchilar ham okeanortida ro‘y berib, butun dunyoda aks sado bergan hodisaga munosabat bildirmoqda.

«Boydin buva qarichilikni tan oldi va prezidentlik saylovidan chiqqanini e’lon qildi. Vorisi sifatida vitse-prezident Kamala Harrisni ko‘rsatdi. Tramp esa ayollar ustidan g‘alaba qozonishga usta. Ko‘raveramiz...» – deb yozdi jurnalist Shuhrat Shokirjonov.

«Vaqtida, obro‘si borida keta bilish ham noyob qobiliyat», – deya Baydenning qaroriga qisqa izoh berdi «Generalissimus» kanali.

«Anchadan beri kutilayotgan bo‘lsa-da, bu xabar dunyo bo‘ylab siyosiy shok to‘lqinlarini yaratishi aniq. Zamonaviy AQSh tarixida saylovga sanoqli oylar qolganda amaldagi prezidentning o‘z nomzodini qaytarib olishi kuzatilmagan... Demokratlar nomzodligini qo‘lga kiritsa, Kamala Harris Trampni qanchalik yenga olishi noma’lum. Chunki uning ham reytingi u qadar yaxshi emas», – deb yozdi jurnalist va tahlilchi Behzod Mamadiyev.

Tramp da’vosicha, «Baydendan ko‘ra Harrisni mag‘lub etish osonroq bo‘ladi». Foto: AP.

«Bayden o‘zining vitse-prezidenti Kamala Harris nomzodini ilgari surgani – opa aniq nomzod bo‘ldi degani emas. Hali Demokratlar partiyasi ichida praymeriz bo‘lishi kerak. Chunki nomzod ko‘rsatishning o‘z protsedurasi bor. Muammo shundaki, AQSh tarixida joriy prezident nomzod bo‘lib turib, saylovga oz qolganda o‘z nomzodligini olmagan. Saylovga uch yarim oy qolyapti – 5 noyabrda saylovlar. Shu qisqa vaqt ichida demokratlar «kimni ko‘rsatsak Trampni aniq yutadi?» degan s’yezd va jarayonlarni o‘tkazishi kerak. Kamola opa – asosiy nomzod, chunki maqomi yuqori – vitse-prezident. Lekin partiya ichida reytingi va xarizmasi yuqori bo‘lgan siyosatchilar bor. So‘rovnomalarga ko‘ra opa Trampni yenga olmaydi», – deb yozdi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

«Bayden yana bir bor demokratik davlat an’anasini ko‘rsatdi. Hokimiyat afyunidan qutula olish mumkinligi, bunga faqat xalq (saylovchilar) majbur qila olishi yana bir bor isbotlandi. Demokratlarni endi kim saylovga yetaklashidan qat’i nazar ularning g‘alaba qozonishi qiyin.

Bayden davridagi AQSh Rossiyaning Ukrainaga bosqinining oldini ololmagani bilan esda qoladi. Qolaversa, Bayden migrantlarga nisbatan yumshoq siyosat yuritdi. Umuman olganda, Bayden tipik mo‘’tadil diplomat va buni amalda ko‘rsatdi», – deya Bayden davriga umumiy baho berdi tahlilchi Muhammadqodir Sobirov.

«Qo‘rqamanki, 25 yil avval (Rossiya prezidenti Boris) Yelsinning kutilgan va kutilmagan qarori qanchalar kechikkan bo‘lsa va bu kechikish nafaqat rossiyaliklar uchun, butun insoniyat uchun qanchalar og‘ir oqibatlar olib kelgan bo‘lsa, Baydenning kechikkan qarori ham shundan kam bo‘lmagan oqibatlar yaratadi», – deya AQShdagi prezidentlik saylovi geosiyosatga qanchalar kuchli ta’sir etishi mumkinligiga ishora qilda iqtisodchi Otabek Bakirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring