Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nig‘matilla Yo‘ldoshev hokim o‘rinbosari tuzgan jinoiy guruh haqida gapirdi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev hokim o‘rinbosari tuzgan jinoiy guruh haqida gapirdi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisidagi chiqishida Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov ishi haqida ma’lumot berdi.

«So‘nggi yillarda jamoatchilik, ayniqsa blogerlar korrupsiyaga qarshi kurashishda faollashganini aytib o‘tmoqchiman. Birgina Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmonqulovning korrupsiyaviy qilmishlari to‘liq fosh qilinishida ularning hissasi katta bo‘ldi.

Aytish joiz, Rahmonqulov 2018 yilda viloyat hokimi o‘rinbosari etib tayinlangach, uyushgan guruh tuzib, milliardlab budjet mablag‘larini talon-toroj qilib kelgan. Shu maqsadda viloyatda qurilish sohasi rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qo‘yib, ular orqali o‘zining g‘arazli maqsadlariga sharoit yaratgan.

Xususan, 2018—2020 yillarda Rahmonqulov jami 494 mlrd so‘mlik 82 ta ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgan. Bu hozirgacha tergovda aniqlangani.

Tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi «Eski shahar» buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlandi. Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda», – dedi Bosh prokuror.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring