Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtomobil boshqaruvi uchun ishonchnoma olish yanada qulay bo‘ladi

Avtomobil boshqaruvi uchun ishonchnoma olish yanada qulay bo‘ladi

Foto: «Xabar.uz»

Avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatiladi.

Hukumat qarori (613-son, 20.11.2023 y.) bilan «Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti» tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, avtomototransport vositasiga ishonchnoma ariza beruvchi tomonidan YaIDXP (my.gov.uz)dan foydalangan holda, o‘zining va ishonchnoma berilayotgan shaxs(lar)ning biometrik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi hamda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlarini kiritish orqali mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi.

Davlat xizmati «Notarius» AATdan foydalangan holda YaIDXP (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladi.

Ishonchnoma ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oy, 6 oy va 3 yil muddatgacha beriladi.

Ariza beruvchi so‘rovnomada ko‘rsatilgan avtomototransport vositasining mulkdori bo‘lmasa, ishonchnoma rasmiylashtirilmaydi.

Ishonchnomaga kiritiladigan shaxslar soniga cheklov o‘rnatilmaydi.

Ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish uchun davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda, «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunida ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:

  • 1 oygacha bo‘lgan muddatga – 10 foiz;
  • 1 oydan ortiq va 6 oygacha bo‘lgan muddatga – 50 foiz;
  • 6 oydan ortiq va 3 yilgacha bo‘lgan muddatga – 100 foiz.

Elektron shaklda QR-kod qo‘yilgan holda rasmiylashtirilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan bir xil yuridik kuchga egadir.

Ishonchnoma quyidagi holatlarda bekor qilingan hisoblanadi:

  • ishonchnomaning amal qilish muddati tugaganda;
  • ishonchnomani bergan shaxs tomonidan bekor qilinganda;
  • ishonchnoma rasmiylashtirilgan vaqtdan so‘ng ishonchnomani bergan shaxs muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;
  • ishonchnoma berilgan shaxs(lar) muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;
  • avtomototransport vositasining mulkdori o‘zgarganda.

Eslatib o‘tamiz, my.gov.uz orqali avtotransportni boshqarish uchun elektron ishonchnomani rasmiylashtirish xizmati ishga tushirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring