Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Gitlerning targ‘ibot mashinasi. U qanday ishlagan?

Gitlerning targ‘ibot mashinasi. U qanday ishlagan?

«Oshqozon miyadan aqlliroq. Chunki u qayt qilishni biladi. Miya esa har qanday chiqindini qabul qilishi mumkin».

Chingiz Aytmatov

1928 yil Germaniya, Reyxstag (Germaniya parlamenti)ga saylov o‘zining ayni avj pallasiga chiqqan vaqt. Bu galdagi parlament saylovida Adolf Gitler boshliq natsistlar partiyasi ham qatnashayotgan edi. Ular saylov targ‘ibotida jamiyat tafakkuriga zo‘r berib o‘zlarining chirkin g‘oyalarini singdirishga urinishdi. Aslida, Gitler ilgari surayotgan natsional-sotsializm ortida pinhona yovuzlik payt poylab yotardi!

Ishonuvchan xalq Gitlerni hokimiyatga ko‘tardi va uning g‘oyalari ortidan Ikkinchi jahon urushini boshladi. 1945 yil boshida Germaniya urushni boy bergan bo‘lsa-da, nemis xalqi hamon o‘zining dohiyiga ishonar, tasavvurda u qandaydir mo‘jiza ko‘rsatishga qodir shaxs edi. Shu yerda bir savol tug‘iladi. Gitlerga bu darajadagi ishonch nimaning mahsuli?

XX asrning 20-yillardagi nemis jamiyatining ruhiyati

Bir urug‘ yerga qadalgach, uni nish otib, ko‘karishiga unumdor yer va qulay shart–sharoit zarur. Bir g‘oyani ham jamiyatga singdirish uchun qulay muhit kerak! XX asrning 20-yillarida nemis jamiyatida alamzadalik va tushkunlik hukmron edi. Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat va iqtisodiy inqiroz nemis xalqining qaddini ancha egib qo‘ygandi. Bundan tashqari, Germaniya bo‘yniga ilib qo‘yilgan og‘ir shartlarni nemis xalqi o‘zi uchun tahqirlanish deb qabul qildi. Shunday bir og‘ir ijtimoiy vaziyatda Gitler va uning maslakdoshlari sahnaga chiqib keldi.

Gitler sobiq harbiy bo‘lib, Birinchi jahon urushida qatnashgan edi. U o‘zining nutqlarida jahon urushidan keyingi xo‘rlanishni jamiyatga doimo eslatib turdi. Fyurer parlament boshqaruvi va kapitalistik tuzumni yo‘q qilishni targ‘ib qildi. Shuningdek, Gitler nemis millatining o‘ziga xosligini ta’kidlab, Germaniyani birlashtirish, ya’ni Versal shartnomasi bo‘yicha yo‘qotilgan hudud va mustamlakalarni qaytarish zarurligi haqida bot-bot takrorladi. Natijada, Germaniya jamiyatida revanshizm kayfiyati uyg‘ona boshladi.

Gitler targ‘ibot mashinasining yaralishi

Bugun germaniyaliklar 30 yanvar sanasini odatdagiday quvonch bilan emas, biroz achinish hisi bilan qarshi olsa kerak!? Nega bilasizmi? Ayni shu sanada Germaniya prezident Gindenburg Adolf Gitlerni kansler(bosh vazir) etib tayinlagan. Ushbu voqea Germaniyada Veymar demokratiyasining intihosi, totalitar diktaturaning ibtidosi bo‘lgan.

Gitler hali hokimiyatga kelmasidan xalqni o‘z g‘oyalariga qanday qilib ilintirish haqida o‘ylagan. U o‘zining «Mein Kampf» asarida shunday yozgandi:

«Targ‘ibot san’ati aynan shundan iboratki, g‘oyalarning shahvoniy dunyosini psixologik jihatdan to‘g‘ri shaklda idrok etish orqali keng omma e’tiboriga, so‘ngra qalbiga yo‘l topadi».

1933 yilning 30 yanvarida Gitler kansler bo‘lgach, qalbining tubida yashirinib yotgan maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun propaganda vazirligini tuzdi. Bu vazirlikka Gitlerning eng ishongan odamlaridan biri Yozef Gebbels bosh etib tayinlandi. Shu tariqa, Germaniyada natsistlar mafkurasini targ‘ib etuvchi propaganda mashinasi ishga tushdi. Uning asosiy vazifasi – nemis xalqini g‘o‘rlik botqog‘iga botirish va bo‘lajak urushga tayyorlash bo‘ldi.

Natsistlar qanday tashviqot usullaridan foydalangan?

Yuqoridagi maqsadga erishish uchun natsistlar bir qancha ishlarni amalga oshirishdi. Xususan, propaganda vazirligi mamlakatdagi barcha gazeta, jurnal, kitoblar, san’at, teatr, musiqa, kino va radioni o‘z nazorati ostiga oldi. Insonlar ongi shu darajada manipulyasiya qilindiki, ko‘zi va qulog‘i berkitilgan nemis xalqi Adolf Gitlerni yangi payg‘ambar deb tasavvur qildi. Jurnallar, filmlar, multfilmlar va boshqa ommaviy axborot vositalarida yahudiylarning salbiy harakatlari ko‘rsatildi. Jamiyat orasida natsistlarning targ‘ibotini keng yoyish uchun xalqqa arzonga radiolar tarqatildi. Jamoat joylarida natsistlarning nutqlari radio va ovoz kuchaytirgichlar orqali eshittirildi. Yoshlar orasida Gitler yoshlari (Gitleryugend) va nemis qizlar ittifoqi kabi guruhlar tashkil etildi. Bu ishlar natsistlar qo‘liga jamiyat tafakkurining kalitini tutqazdi.

Propaganda mashinasi ijtimoiy hayotning deyarli barcha jabhalariga kirib borib, insonning his-tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatishga urindi. O‘quvchidan «nega aynan his-tuyg‘ularga», degan savol tug‘ilishi tabiiy. Odamlarni his-tuyg‘ularini boshqarish orqali har qanday g‘oyani jozibador ko‘rsatish va unga ishonch hosil qildirish mumkin! Bundan tashqari, inson agar hissiyotga berilsa, to‘g‘ri tafakkur qilishdan uzoqlashadi. «Insonlar aqlan dangasa bo‘lsa, istagan ishimizni qilamiz», degan edi propaganda otasi Gebbels.

Tafakkur qiluvchi inson natsistlar partiyasi amalga oshirayotgan ishlar tag zamirida nima yashiringanini anglay olardi. Shu bois partiya targ‘ibotiga qarshi chiqqanlar darhol konslagerga tashlandi. Tez orada Germaniyada axloqiy qonun-qoidalar ishlab chiqilib, undan bir qadam chetga chiqqanlar xoin, deb ataldi. 1934 yildan boshlab partiya va uning liderlarini tanqid qilish qonunan taqiqlandi. Hatto, Gitler haqidagi hazil ham xiyonat sifatida qabul qilinadigan bo‘ldi.

Propaganda mashinasi maktablarni ham qamrab ola boshladi. Maktab darsliklar yangidan ishlab chiqilib, nashr etildi. Yangi darsliklarda o‘quvchilarning ongiga fashistlar partiyasiga itoat etishlari, Gitlerni sevishlari va yahudiylardan nafratlanishlari quyildi!

1930 yilning bahorida natsistlar g‘oyasiga to‘g‘ri kelmaydigan kitoblar ro‘yxati tuzildi. Ro‘yxatga yahudiy mualliflarning kitoblari ham kiritildi. 1933 yil 10 may kuniga o‘tar kechasi bu kitoblar yoqib yuborildi. O‘sha kuni nemislar ko‘cha bo‘ylab mash’ala ushlagancha yurib, qo‘shiq kuylab, kitoblarni yoqib yuborishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni 25 000 dan ortiq kitob yoqib yuborilgan.

Uchinchi reyx propagandasida kino targ‘iboti ham bo‘lib, 150 ga yaqin harbiy mavzudagi filmlar xalqqa namoyish etilgan. Insonlar film tomosha qilishga borganda, ularga har bir seansdan oldin maxsus suratga olingan qisqa metrajli propagandaga boyitilgan filmlar qo‘yib berilgan.

Natsistlar partiyasi nemis xalqini informatsion qobiqqa solib qo‘ydi. Yuzaga kelgan informatsion bo‘shliq esa natsizm g‘oyasi bilan boyitildi. Xalq asl haqiqatdan yiroq tutilib, yolg‘onning zarpechaklariga o‘rab tashlandi. Shu tariqa, manqurtga aylangan Germaniya jamiyati fashizm bo‘yinturug‘ini kiydi va navbatdagi jahon urushini boshladi.

Urush vaqtidagi tashviqot

1939 yil 1 sentyabr kuni Germaniyaning Polshaga bostirib kirishi bilan insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush boshlandi. Urush boshlanishidan ko‘p o‘tmay natsistlar rejimi xorijiy radio eshittirishlarini tinglashni taqiqladi. Axir, xorijdan oqib kelayotgan informatsiya «shirin uyqu»da yotgan xalqni uyg‘otib yuborishi mumkin edi-da! Hatto, urush oxirida xorijiy radio eshittirishlarini tinglaganlar uchun o‘lim jazosi belgilandi.

1945 yilning boshida Germaniyaning Ikkinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchrashi aniq bo‘ldi. Dushman armiyasi poytaxt Berlinni bombardimon qilayotgan bo‘lsa-da, manqurt xalq radiodagi Gitlerning otashin nutqlariga ishonar, yoshu-qari qo‘liga qurol olib, dohiy uchun jon fido qilishga tayyor edi. Eng qizig‘i ular buni o‘zlari uchun sharaf deb hisoblardi.

Adolf Gitlerning tug‘ilgan kuni, anirog‘i, 1945 yil 20 aprel sanasida nemislar o‘z «payg‘ambar»ini qutlash maqsadida Berlin ko‘chalariga natsistlar bayrog‘i va «Berlin ishg‘ol qilindi, lekin bizning qalbimiz emas», degan yozuvdagi shiorlarni ilishdi. Bir necha kundan keyin ular dohiy o‘z joniga qasd qilganini, Germaniya urushda tor-mor etilganini bilishdi. Lekin endi kech edi…

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring