Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Armonlar qoldirgan farishtaginalar: fojia orti bayonoti mantiqsizligi, «Xabar.uz» suratlarni izlayotgani va boshqalar haqida

Armonlar qoldirgan farishtaginalar: fojia orti bayonoti mantiqsizligi, «Xabar.uz» suratlarni izlayotgani va boshqalar haqida

Suratda: Dunyo O‘lmasova (25.10.2019 — 25.10.2022), Muhammadjon Tursunqulov (10.02.2021 — 06.12.2022), E’zoza (27.06.2020 — 28.11.2022)

Foto: «Xabar.uz»

Dunyo, Muhammadjon, E’zoza... Bu ro‘yxat hali uzuuun. Yigirmata beg‘ubor bola. Ilohim, undan oshmasin endi. Shifo deganlari zahar chiqqan siropning qurbonlari ular.

«MAJOLSIZ QO‘LLARI BILAN BO‘YNIMDAN QUCHOQLADI...»

Toyloq tumani, Olmazor qishlog‘idagi Tursunqulovlar xonadoniga kirib boramiz. Xonadonda hamon kirdi-chiqdi, Muhammadjonni berib qo‘yganlariga hali bir oy bo‘lmadi.

O‘zi «bolam» degan eshikka kirib borishdan qiyini yo‘q. Norasida go‘dagining yuzini, hidini, qiliqlarini entikib sog‘inayotgan onaga taskin bilib nimalardir deysanu, iching tilka-pora bo‘laveradi, ovozi titrayotgan suhbatdoshning ko‘ziga qaray olmaysan...

Muhammadjon Tursunqulov 2021-yil 10-fevralda tug‘ilgan. 2022-yil 6-dekabrda vafot etdi. Onasi Zilola Hotamova Toyloq tumanidagi 46-maktabda ingliz tilidan saboq beradi. Turmush o‘rtog‘i stomatolog, qaynakasi travmatolog. Qaynotasi esa bir umr til va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Aytmoqchimanki, oila a’zolari oq-qorani tanigan, bolaga duch kelgan prepatarni beraveradigan odamlar emas.

Muhammadjon Zilolaning ikkinchi farzandi. Vaqtida kattasi Ibrohimjon ham shamollaganini eslaydi.

«Travamaks» berardik, «Sinepar Kid» berardik. «Dok-1 Maks»dan o‘tgan yili shamollaganda, yo‘tal bo‘lganda Ibrohimjonga ham berganman. O‘zim ham ichganman, dadasiyam ichgan. Shundan olsak, isitmani tez tushiradi, tomoq og‘rig‘i, shamollashga yaxshi deb, umuman salbiy natijasini ko‘rmaganmiz. Muhammadjonning sog‘ligidan shu paytgacha shikoyatimiz yo‘q edi. Shamollash belgilari bo‘lganda aptekadan olib keldik, deb eslaydi Zilola.

U, bola tuzalish o‘rniga ko‘ngil aynishi, yeganini qayt qilishi, keyin siymay qo‘yganini aytadi. Shunda shahardagi tanish vrachga murojaat qilishgan.

«Olib bordik. U yoqdan keyin «mikrorayon»dagi shifoxonaga jo‘natdi. Bolalar shifoxonasi bor ekan buyrak bo‘yicha. UZI qildi, tekshirdi, buyrak qotgan ishlamayapti, siydik qopi bo‘sh dedi. Bizlar davolay olmaymiz, «Havasi»ga (Samarqand tez tibbiy yordam markazi) boringlar dedi. U yerda ham UZI qildi, qon oldi, analiz qildi. Bizning har xil apparatlarimiz yo‘q, svet o‘chib qolsa muolaja qilolmaymiz, «ko‘p tarmoqli»ga yuboramiz, dedi. Bugundan kechga qolmasin. Shanba bugun, ertaga hech qayer qabul qilmaydi dedi.

Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga bordik, u yerda ham joy yo‘q, hamma shunaqa kasallik bilan kelgan. Xudoning zorini qilib qoldik. Yakshanba kuni kun davomida bilan qaradi. O‘zgarish bo‘lmadi. Qonini tozalashdi katiter qo‘yib. Uyam foyda bermadi. Nechadir foiz qoniga zahar, mochivina toshib ketgan, siydik tanaga yoyilgan deb qonni tozalashdi. Qonini tozalagan kun 5-dekabr edi, yana ahvoli og‘irlashdi», deydi bolaning onasi.

Toyloqning eng chekka, Urgut bilan tutashgan qishlog‘idan Samarqand shahriga kelib bir necha soat ichida to‘rt-besh dargohga bosh urib borgan oilaning holini shunchaki tasvirlab bo‘lmasdi. Ayol yig‘lar edi. U telefonidan Muhammadjonning o‘nlab suratlarini ko‘rsatadi. Chiroyli, chehrasidan sog‘lom bo‘lgani ko‘rinib turgan bolakay. Farishtadek beg‘ubor.

Muhammadjon. Foto: «Xabar.uz»

Ona bolasining so‘nggi kunlarini eslayveradi:

— Komaga tushmadi, reanimatsiyaning o‘zida... shunchalar hayot uchun kurashdi u bola. Ko‘zi o‘ldi birinchi, ko‘zi qotdi, ko‘zda sezgi yo‘qoldi. Faqat qo‘l oyoq, yurak, nafas olish ishlab turdi. Oxirgi kun deyarli harakat bo‘lmadi. Lekin bir kun oldin gapirib «aya olib keting», dedi. Egilib qulog‘iga «sen kuchlisan» dedim, deyarli harakatsiz qolgan majolsiz qo‘llari bilan bo‘ynimdan qanday quchdi bilmadim, — Zilola chuqur tin oladi. 

Ayolning aytishicha, zahar butun tanaga yoyilib, miyagacha yetib ketgan, tozalashning iloji bo‘lmagan.

«Tanadagi hujayralarga singib ketgan zahar qonga o‘tadi, qonni 3 marta tozalashga yetolsa yashab ketishi mumkin, buyrak tozalanadi deyishdi. Lekin ikkinchisiga yetmadi...», deydi u.

Zilolaning og‘riqli dardi ustiga tunov kuni 2-3 ayol «shikoyat yozdingizmi, yaqinlarimizni ishdan olishdi» deb kelishibdi.

Zilola bolasining o‘limida Olmazor OShP (oilaviy shifokorlik punkti) vrachlari va hamshiralarinig aybi yo‘q deydi.

«Ularning «Dok-1 Maks» siropi bilan bog‘liq holatda ishdan bo‘shatilgani tushunarsiz. Samarqand shahridagi mana-man degan bir necha tibbiy dargoh uddalay olmagan ishni vrachlik punktidan talab qilish qanchalik to‘g‘ri? Yo‘llanma berilmagan, degan vaj ko‘rsatilibdi. Yo‘llanma uchun o‘zimiz bormaganmiz. Oilaviy shifokorlik punktida vrachlarimiz tajribali, yaxshi qarashadi, davolanganmiz, lekin bolaning holatida zudlik bilan shaharga jo‘nashimiz zarur edi. Ular retsept yozib bermagan bo‘lsa», ta’kidlaydi Zilola.

Zilola ichidagini to‘kib soladi: «Asl aybdorlar zaharli moddasi bo‘lgan siropni ishlab chiqqan korxona, mahsulotni tekshirmasdan uni olib kirish uchun shartnoma imzolagan firmalar, chegaradan kiritilishiga yo‘l qo‘yganlar va hokazo tashkilotlar deb o‘ylayman».

Unga «Xabar.uz» barcha «Dok-1 Maks» qurboni bo‘lgan bolajonlar suratlarini to‘playotgani, suratlardan jamlanma tayyorlab xotiralari abadiylashtirilishini aytdik. Bu xatolar takrorlanmasligi uchun muhim dedik.

***

Aynan shu hududdan «Dok-1 Maks» bilan bog‘liq yana bir o‘lim holati qayd etilgan. Dunyo O‘lmasova tug‘ilgan kunida, 3 yoshga kirgan kunida yerga qo‘yilgan. Onasi Shahnoza Pirmatovaning aytishicha, u ham siropni o‘zi sotib olgan. Ikki kun 3 mahaldan sirop bergan. Uchinchi kunda bir marta ichirgandan so‘ng vrachga olib borishgan. 

«O‘ladigan bola emas edi», deya yig‘laydi ona... Bola qayt qilayotganida biroz eskirgan gummadanmi deb bilishgan.

Vrachlik punkida peshobni tahlil qildirmoqchi bo‘lgan kunda dargohda kun bo‘yi elektr berilmagan... kechga yaqin viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib borishgan. Ikki kunda, 25-oktyabrda qizaloqni manguga yo‘qotishgan.

«DOK 1 MAKS»dan o‘lgan bolalar faqat Olmazordami? Vazirlik bayonotida ikki hamshiraning nomi nega tushib qoldi?

Qishloqda gap tez aylanadi. Ikki bolaning o‘limida hind siropi sabab bo‘lgan degan gap bir tomon bo‘ldiyu, bir necha haftadan keyin bunda QVP vrachlari va hamshiralari aybdor emish, aybi bo‘lmasa ishdan bo‘shatarmidi, degan gap yana bir tomon bo‘ldi.

29-dekabr. Hech kimni ogohlantirmasdan to‘g‘ri Olmazor oilaviy shifokorlik punktiga kirib boraman. Bizni kutib olgan ayol — Oyjamol bosh hamshira ekan. 3 nafar xodim ishdan bo‘shatilgani haqida so‘rayman.

«Voy, 5 nafar, opa» deydi u. Ma’lum bo‘lishicha, buyruqda ko‘rsatilgan Olmazor OShP mudiri Xudoyberdi Muzaffarov, ushbu OShP oilaviy shifokori Ulashboy Mahmudov, OShP doya hamshirasi Muqaddas Siddiqovalar qatorida patronaj hamshirasi Sayfara Rustamova, hamshira Latofat Qurbonova ham Toyloq tibbiyot birlashmasining 26-sonli buyrug‘i bilan ishdan bo‘shatilgan. Shundan buyon 10 200 dan ortiq aholi bo‘lgan hududda 3 ta vrachdan bittasi ishlayapti ekan.

Hamshiradan OShP mudirini chaqirib berishni iltimos qildim. Xudoyberdi Muzaffarov qishloq vrachlik punktida 16 yildan buyon ishlayotgan ekan.

«QVP — kaptarxona, institutni bitirganidan keyin bir-ikki yil ishlaydi ketadi, lekin men iqtisodiy sharoitim bo‘lmagani sabab magistraturaga kirolmadim. Toyloq tumanida kovid pandemiyasi og‘ir keldi. Kecha-kunduz «tez yordam»da tekinga ishlagan joyimiz bo‘ldi. Bir so‘m pulsiz turib berdik», dedi u.

Xudoyberdi Muzaffarov.

Suhbatimiz endi bemorlar mavzusiga o‘tadi. Dunyo O‘lmasova 20-oktyabrda keltirilgan ekan. Unda qusish kuzatilgan.

«Bir tovoq gumma qilgandim, bola shundan yeganmi, dedi onasi. Qusishga qarshi muolajalar qildik. Zaharlanish shubhasi bilan birinchi yordamni ko‘rsatdik. Kunduzgi stansionarda ukol qildik, biror soat yotdi. Ertasi kuni keldi, bolani ahvoli tetik bo‘ldi dedi. Vazirlikdan kelgan vakil tezlik bilan yuborishing kerak edi deydi. Yengil darajada edi ahvoli. Onasi ikkinchi kuni kelib kechagi davolashni qilaylik, ahvoli ancha yaxshilandi dedi. Tekshirib ko‘rdim, bolaning ahvoli o‘rta og‘ir edi. Biz og‘ir kasallarni jo‘natamiz. Chunki, bu yerdan tuman markazigacha 25 km. Ikkinchi kuni ukol qilayotganda bola yana qusdi. Onasidan so‘radim, mendan nimanidir yashirmayapsanmi dedim. Bola shinada edi. Onasi shinani qandaydir soatda olganida bola yiqilganini aytdi. Unda avvalo jigari, buyragini tekshirish kerak edi. Bizga eng zamonaviy apparatlar berilgan. Lekin haftalab elektr berilmaydi. Mana shu tekshir- tekshirlardan keyin svet beriladigan bo‘ldi», deydi shifokor.

Shundan keyin tahlil uchun qon va siydigini olib markazga yuborishgan. Mudirning aytishicha, vazirlik vakili nega tahlil qilmagansiz degan da’vo bilan punkt xodimlarini ayblagan. Elektr yo‘qligi tahlil qilishga imkon bermaganligini aytadi.

Ulashboy Mahmudovni esa yo‘llanma bermaganligi xatosi deb aytishgan ekan. Mahmudov qarashi kerak bo‘lgan hududdan nobud bo‘lgan bolaning onasi haqida yuqorida iqtibos keltirdik, u o‘zlari yo‘llanma olmagani, bu — xayollariga kelmaganini aytdi.

Xudoyberdiga ko‘ra, 18 nafar bola bilan bog‘liq holatni o‘rgangan komissiya so‘nggi ish kunida siropning tarkibida zaharli modda aniqlangani, bolalar o‘limida shifokorning aybi yo‘qligini aytib ularga taskin bergan. Shu kuni 26 dekabr oqshomida besh nafar tibbiyot xodimini tuman markaziy tibbiyot birlashmasiga chaqirishgan.

«Borsak, kutilmaganda ariza yozdirib olishdi. Yozmasak, modda bilan ketkazishlariga tahdid qilishdi... Yozdik. Lekin kecha hammamiz borib, bizga qo‘yilayotgan ayblar ishdan olinishimizga asos bo‘lolmasligi sababi bilan ariza yozib qoldirdik», deydi u.

Shu yerda bir savol paydo bo‘ladi? «Dok-1 Maks»dan faqat Olmazordan bolalar o‘lganmidi? Toyloqning «Eski Juma» hududidan ham bir qizaloq ayni sabab bilan olamdan o‘tdi. Jomboydan, Ishtixondan, Samarqand shahrining Qorasuv maskanidan va yana qancha hududdan...

Nega Olmazor oilaviy shifokorlik punkti vazirlik ro‘yxatidan o‘rin oldi? Xo‘p, vazirlik ro‘yxatida nega 3 xodim ko‘rsatildi, amalda 5 nafari ishdan bo‘shatildi? Bu holat avvaldan ism-sharifsiz aytilgan 7 nafar tibbiyot xodimi degan joyni to‘ldirish uchun yuzaga kelmadimikan? Hind siropi qurboniga aylangan 18 nafar begunoh go‘dak yashagan tumanlar soni, bo‘lmaganda 10 tadan oshiqdir. Boshqa joylardagi o‘rganishlar tahlili nega ochiqlanmayapti? Toyloqdagi xodimlar xatolari komissiya vakillari tomonidan qanday o‘rganilgan, xulosalari qanday? Nega ma’lumotlar ommaviy axborot vositalariga taqdim qilinmayapti?

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili aytishicha, Toshkentdan kelgan ishchi guruh xodimlar nimalarda ayblangan va qaysi band bilan ishdan olingani haqida boshqarmaga hech qanday ma’lumot bermagan, hujjatlar nusxasini ham qoldirishmagan.

«Aftidan joylardagi xodimlarni jazolashda sirop bilan bog‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri holat emas, balki shu asnoda o‘rganilgan kamchilik va xatolarni nazarda tutishgan», dedi ismini oshkor etishni istamagan suhbatdoshimiz.

Bugun qishloqning bir guruh oqsoqollari vrachlik punktida kasal ko‘radigan vrach yo‘qligidan navbat ko‘payib ketayotgani, shifokor ko‘rsatmasi bo‘lmaganidan hamshiralar o‘zlaricha hech bir ish qilolmayotgani haqida tibbiyot markaziga murojaat qilishgan.

«ORDEN O‘RNIDA JAZOMI?»

Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga ko‘ra, «Bolalar o‘limi tahlilini o‘z vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni ko‘rmagani uchun» lavozimidan bo‘shatilgan 7 nafar mas’ul xodimlar orasida Mamatqul Azizovning nomi bo‘lishi kutilmagan holat edi...

Toyloq safaridan bir kun avval — 28-dekabrda Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida bo‘ldik. Bu kun ertalab Azizovning lavozimidan ozod etilishi hali ovoza bo‘lmagan, o‘zim ham eshitmagan edim, intervyu vaqtini kelishish uchun kirgandim.

Qabulxonadagi ayol qandaydir chehrasi tundligi yoqmadi. U bosh vrach yo‘qligini aytdi. Qachon kelishini so‘rayman.

«Ana, o‘rinbosarga uchrashing», — dedi.

O‘rinbosarning xonasida formali kishilar suhbat olib borardi. Ular chiqqach, «xizmat ishi bilan» deb fuqarolik kiyimidagi boshqasi kirib ketdi. Bu orada qo‘limda telefonni titib bildimki...

Bosh shifokor o‘rinbosari bayramdan keyin kelishimni aytdi. Qaytayotganimda pastda yo‘lakda bir yigitga duch keldim. Muxbir ekanligimini bilib to‘xtadi. Keyin ichi to‘lib turgan ekan, aytadiganini aytdi: «Biz ustozga, jamoaga orden berilishini kutgandik, uning o‘rniga lavozimdan ketkazishdi. Bilasizmi, Mamatqul Azizov istagan xorijiy davlatda mavqei yana ko‘tarilib ishlayverishi mumkin. Lekin bunda yutqazadigan tibbiyotimiz, xalq bo‘ladi. Ular jon kuydirdilar, izlandilar. Jamoa birgalikda ish olib bordi. Aslida Azizov tufayli o‘nlab, yuzlab o‘limlarning oldi olindi. Rahmatiga shumi? Zaharlangan sirop orqali o‘limlar faqat Samarqand shifoxonasida yuz berganiga kim ishonadi? Boshqa hududlar jim turgani uchun jazolanmadi. Shum bola nima deydi, bilasizmi? «Endi bildim, yeyish kerak», — deydi.

Rasmiylar jazolangan xodimlar lavozimdan ketishsa-da, ishsiz qolmasligi, viloyatda katta sondagi shifokorlar yetishmasligini ta’kidlashadi.

P.S Xabar.uz «Dok-1 Maks» qurboniga aylangan yana 17 nafar bolaning suratini izlamoqda. Ularning yaqinlari, mahalladosh va qo‘ni qo‘shnilari bu borada tahririyatga ko‘mak beradi, degan umiddamiz. Aloqa uchun telegram-raqam: 93 743 59 67

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring