Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Eski «prava»ni yangisiga almashtirish g‘avg‘osi

Eski «prava»ni yangisiga almashtirish g‘avg‘osi

Bugun vaziyat taqozosi bilan ayolimning eski «prava»sini yangisiga almashtirish uchun Davlat xizmatlari markazi (DXM)ga bordik. Bolalar bilan qiy-chuv, kamiga bizga o‘xshagan odamlarning navbati juda uzun.

Go‘yo hamma shu paytgacha bemalol yurganu, yil oxirlab qolgani uchun (eskini yangisiga almashtirish muddati shu yil oxirigacha) «patagiga qurt tushgan». Yo‘q, unday emas, asosiy ayb DXM va tizimda ekan.

Eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishning 3 xil usuli bor: onlayn, DXMga yoki YXHB bo‘limiga borib.

Uyimizga yaqinroq manzil: «Fayziobod GAI» edi. Afsuski, bunaqa «GAI»larda «prava»ni yangilashmayotgan ekan, hammasi DXMga o‘tib ketibdi. 

Mirobod tumani DXMga kelganimizda esa, yuqorida aytganimdek, odaaaaaaam.

«Prava»ning o‘ziga shuncha navbat sababini endi siz ham bilayotgandursiz. Endi buning yana bir omilini ham keltiraman: «prava»ni yangilash faqat uchta tuman DXMda amalga oshirilar ekan! Mana xalqqa yengillik, mana transformatsiya!

Butun Toshkent bo‘yicha eski «prava»ni yangisiga almashtirish faqat uchta tumandagi DXMda amalga oshirilgandan keyin, navbat ham shunga yarasha bo‘ladi. Yoki bugun kuzatilganidek, tizim ishlamay qoladi, koronavirus avj oladi.

Navbatimiz yetib kelishini chidab kutdik. Tushlik payti yaqinlashib qolgandi. Ammo DXM xodimi «prava»mizning muddati ancha yillar oldin tugaganini aytib qoldi. Qayerdan olingan bo‘lsa, o‘sha yerga borib, «haqiqatanam guvohnoma shu yerda berilgan», degan ma’lumotnoma olib kelishimizni so‘rashdi.

Xo‘p, deb u yerdan chiqibmizu, bunday ma’lumotnomalarni talab qilish allaqachon bekor bo‘lib ketgani xayolga kelmabdi. «GAI»dagilar ham aynan shunday deyishdi: «bunday ma’lumot so‘rashga haqqi yo‘q».

Keyin qidirib ko‘rsam, eski guvohnomani yangisiga almashtirish tartibida aniq yozib qo‘yibdi: «Eski namunadagi guvohnoma berilgan sanasidan va amal qilish muddatidan qat’i nazar, ko‘rsatilgan muddatgacha yangisiga almashtirilishi shart».

Ana endi asab tolalarining necha minggi uzildimi! Darrov DXMga bordik yana. Navbatsiz qabul qilaman degani uchun to‘g‘ri kiraverdik. Vaziyatni aytsam, «hozir» dedi-da, kimgadir qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakdan bittasi «mumkin», dedi shekilli, «keling, rasmga tushiraman», desa bo‘ladimi?

Hoy, baraka topgur, shuni boya so‘raganingda nima bo‘lardi? Avvalosi, DXM xodimi so‘rab o‘tirishi kerakmas, bu narsalarni bilishi lozim. Shundagina xalq sarson bo‘lmaydi.

Xullas, yuqoridagi muammolar tezroq hal etilsa, Toshkent shahri aholisi shunchalik kam sarson bo‘ladi va ishi tez bitadi. Axir DXM shu xizmati uchun har bir odamdan 11 ming so‘m haq olyapti.

Toshkentdaki shuncha ovoragarchilik bo‘lsa, viloyatdagilarni tasavvur qilib ko‘rish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring