Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

Xitoydan qotil qovog‘arilar chiqqani rostmi?

Xitoydan qotil qovog‘arilar chiqqani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda qotil qovog‘arilar chiqqani haqidagi videolar keng tarqaldi. Bunga Xitoyda tadqiqot olib borayotgan biolog Baxtiyor Sheraliyevnng quyidagi izohi bilan tanishishingiz mumkin.

Ushbu savol so‘nggi kunlarda menga juda-juda ko‘p yuborilmoqda. Bu ari yoki qovog‘ari Xitoydan tarqalgani iddao qilinmoqda va uni koronavirusdan ham xavfli deyishmoqda. Xo‘sh, aslida bu qanday hasharot va u nega endi kun tartibiga chiqib qoldi?

Bu o‘zi qanday hasharot?

Ijtimoiy tarmoqlarda vahimasi tarqalayotgan videolarda katta ehtimollik bilan Osiyo gigant qovog‘arisi (Vespa mandarinia) haqida so‘z bormoqda. Bu hasharot pardaqanotlilar (Hymenoptera) turkumining haqiqiy arilar (Vespidae) oilasiga kiradi. O‘lchami bo‘yicha dunyodagi eng yirik qovog‘ari hisoblanadi. Uzunligi 45 mm.gacha, qanotini yoygandagi ko‘ndalang o‘lchami 75 mm.gacha, nishining uzunligi esa 6 mm.gacha yetadi.

2019 yilning dekabr oyida ushbu qovog‘ari AQShda ilk bor qayd etildi. Joriy yilning may oyi boshlariga kelib esa ingliz saytlari qovog‘ari haqida yoza boshladi.

Qayerlarda uchraydi?

Ushbu qovog‘ari Osiyo qit’asining janubiy, janubiy-sharqiy qismidan to Rossiyaning Uzoq sharq mintaqasigacha bo‘lgan hududlarda yashaydi. Uni tabiiy holda Hindiston, Bangladesh, Xitoy, Tayvan, Laos, Tailand, Myanma, Vetnam, Nepal, Yaponiya, Koreya davlatlari hududida uchratish mumkin. Ushbu hasharot tabiatda – tog‘li hududlardagi o‘rmonlarda yashaydi. Asosan boshqa hasharotlar, ayniqsa, koloniya hosil qiluvchi hasharotlar bilan oziqlanadi.

U chindan ham zaharlimi? Bir chaqishda odamni o‘ldiradimi?

Ha, bu hasharot haqiqatdan ham zaharli, ushbu qovog‘ari zahari neyrotoksik xususiyatiga ega bo‘lib, uni mandaratoksin deyishadi. Odamni chaqqanida allergen reaksiya chaqiradi va anafilatik shok holati yuzaga keladi, ba’zan yurak to‘xtashiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa mana shunday hasharotlarning chaqishiga allergiyasi borlar uchun juda xavfli hisoblanadi. Lekin bu ari bir chaqishda odamni o‘ldiradi degan xulosani bermaydi. Odam o‘lishi uchun ushbu qovog‘arining kamida 40-50 tasi birdaniga chaqishi kerak bo‘ladi.

Bu qovog‘ari chaqishidan yiliga nechta odam halok bo‘ladi?

Yaponiya statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, 2001 yildan beri mamlakat hududida turli pardaqanotlilar chaqishidan halok bo‘ladiganlar soni 12-26 ta oralig‘ida bo‘lar ekan, lekin bular orasida aynan Osiyo gigant qovog‘arisi chaqishidan halok bo‘lganlar kamchilikni tashkil qiladi. 2013 yilda Xitoyning Shaanxi provinsiyasida aynan mana shu qovog‘ari chaqishidan 41 kishi vafot etgani qayd qilingan.

Nima qilish kerak?

Agar holatga ilmiy yondashadigan bo‘lsak, bu qovog‘ari bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q, u kamida million yillar avval paydo bo‘lgan va mana shu hududlarda yashagan. Odatda to bir biologik tur yashash areali boshqa tur, masalan bu yerda odam tomonidan egallab olinmagungacha turlar bir-biriga zarar keltirmaydi. Tabiat muvozanati mana shunday ishlaydi. Tabiiyki, Yer yuzida odamlar soni oshgach, ular yashash joyi va ekin ekish uchun yangi yerlarni o‘zlashtira boshladilar. Mana shu jarayonda ushbu qovog‘arilarning yashash muhiti ham odamlar tomonidan o‘zlashtirildi va natijada ular odamlar bilan tez-tez to‘qnashadigan holat yuzaga keldi. Oqibatda esa qovog‘ari chaqishidan har yili nechadir odam halok bo‘lmoqda.

Men biolog sifatida bunga normal holat deb qarayman. Har bir turda tabiat tomonidan berilgan o‘zini himoya qilish instinkti bor. Ayni vaqtda qovog‘arilar ham shu instinktidan foydalanmoqda. Qovog‘ari chaqmasin desangiz uning hududlariga bormang, iniga cho‘p suqmang, tabiatga kamroq ta’sir o‘tkazing, shunda qovog‘ari chaqmaydi, joningiz yoningizda qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring