Men jinoyatchi emasman!
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi bilan bog‘liq turli fikrlar bildirilmoqda. Kimdir aviachiptalarning qimmatligidan nolisa, yana kimdir ko‘rsatiladigan xizmat sifatiga e’tiroz bildirayapti. Ish bor joyda xato bo‘ladi albatta, lekin qachongacha?!
Xizmat taqozosi bilan yanvar oyining oxirida Xitoyning Pekin shahridan mamlakatimiz poytaxti Toshkentga uchdim. Uzoq muddatli safar charchog‘i, qolaversa vatan sog‘inchi, tezroq O‘zbekiston tuprog‘iga oyoq qo‘ysam degan iliq tuyg‘ular bilan samolyotdan tushar ekanman, Toshkent xalqaro aeroportidagi chegarachi va bojxonachilarning muomalasidan kayfiyat rasvo bo‘ldi. Pasport nazoratidan o‘tayotganda o‘zimni xuddi so‘roq qilinayotgan jinoyatchidek his qildim. Nazoratchining kompyuterga uzoq vaqt tikilib turishi, shapkangni yech, ko‘zoynagingni ol kabi betakalluf va madaniyatsizlarcha muomalasi, o‘ylaymanki, o‘zini hurmat qiladigan hech bir insonga yoqmaydi. Beixtiyor «Men jinoyatchi emasman!» deb yuborgingiz keladi. U yerdan o‘tib yuklarni qabul qilib olishga kelsangiz egasi yo‘q bozorga tushib qolgandek bo‘lasiz, agar ikki samolyot bir vaqtda qo‘nsa tomoshani ko‘ravering.
Bir oylik ta’tildan keyin kecha yana Xitoyga qaytish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga keldim. Yuklarni qabul qilib oluvchi xonim xuddi men yeb, u quruq qolgandek qovog‘ini uyib muomala qiladi.
— Assalomu alaykum, Pekinga uchadigan samolyotga yuk qabul qilinayaptimi?
— Pasportingizni bering, — deydi u. Bular salomga alik olish yoki savolga javob berishni bilishmaydimi deyman? Yuklarimni lenta ustiga qo‘yar ekanman:
— Iltimos, mumkin bo‘lsa oyna oldidan joy qilib bersangiz, — dedim.
— Gapirmay turing birpas, — deydi pasportimdagi ma’lumotlarni kompyuterdagiga solishtirar ekan menga qaramay. Uning bu muomalasidan yanada ensam qotadi.
— Kechirasiz... — deyman tarbiyasizga teng bo‘lmay deb.
— Sizga ikkita sumkaga ruxsat bormi o‘zi? – nazoratchi ayol yuklarimga ko‘z tashlar ekan, menga istehzo bilan qaraydi.
— Xonim, mening 40 kg yuk olib ketishga ruxsatim bor, yuklarim esa hozir 23 kg turibdi, uning nechta sumka ekanligining nima ahamiyati bor? Qolaversa, men tranzit uchaman, hech xavotir olmang.
U menga ishonmadi shekilli, boshqa bir nazoratchini boshlab keldi. U kompyuterga tikilib turib, to‘g‘ri degandek bosh silkidi. Unga yana bir bor oyna oldidan joy qilib berishini eslatish uchun og‘iz juftlagan edim, «gapirmay turing dedim-ku sizga» degan javobni oldim. Yuklarimni qabul qilib olgach biletimni berar ekan, ko‘zi hali ham kompyuterda edi. Bu xonimga mijozlar bilan muomala qilish madaniyatidan bir shingil ma’ruza qilay dedimu, lekin safar oldidan buzilgan kayfiyatni battar buzmay deb indamay o‘tib ketdim. Samolyotga chiqqach oyna oldidan emas, umuman boshqa joydan joy berganiga guvoh bo‘ldim, vaholanki, birinchilardan bo‘lib registratsiyadan o‘tgan edim.
Shu o‘rinda ayni holatni Xitoydagi aeroport xizmatchilarining muomalasi yoki xizmat ko‘rsatishi bilan solishtiradigan bo‘lsam, ularga murojaat qilsangiz dastlab kulib turib salom beradi va so‘ragan savolingizga batafsil javob beradi. Pasport nazoratidan o‘tayotganimda nazoratchi «Xush kelibsiz! Xitoyga yana qaytganingizdan mamnunmiz!» deganida yuzimga tabassum yugurar ekan, o‘zimizning nazoratchilarning muomalasi ko‘z oldimga keldi. Ikkinchi samolyotga yuklarimni topshirish vaqtida yuklarni qabul qiluvchi xonim oyna oldida joy qolmagani, faqatgina yo‘lak qismida joy qolganini aytar ekan, afsuslanib uzr so‘radi. Oxirida «Aviakompaniyamiz xizmatidan foydalanayotganingiz uchun tashakkur» deb ham qo‘ydi.
Mana shularni o‘ylar ekanman, nega bizning milliy aviakompaniya o‘z mijozlariga mana shunday muomala qila olmaydi degan javobsiz savollar shuurimda charx uradi. Men-ku o‘zbekman, barchasiga andisha qilib indamay qo‘ya qolishim mumkin, lekin ayni bugun davlat boshlig‘i turizmni rivojlantiraylik deb to‘rt tarafga jar solib turgan bir paytda mamlakat ostonasida sizga noprofessionallarcha xizmat ko‘rsatishsa, qolaversa, qo‘pol muomalasidan zarracha xijolat bo‘lishmasa, O‘zbekistonga keladigan turistning yoki mehmonning diyorimiz haqidagi ilk taassuroti ijobiy bo‘lishiga gumonim bor. Milliy aviakompaniya bu kabi kamchiliklarni tez orada tuzatishiga ishonmasam-da, tuzatadi deb umid qilib qolaman.
Tahririyatdan: Yurtdoshlarimizdan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi faoliyati bilan bog‘liq xotiralari, boshdan kechirgan sarguzashtlari, parvoz davomida kuzatilgan va kuzatilayotgan ko‘ngilsizliklar, xodimlarning qo‘pol muomalasi, umuman, kompaniya imijiga, buning ortidan mamlakat imijiga soya soladigan har qanday holat haqida elektron pochtamiz ([email protected]) yoki «Telegram»dagi (+99890) 357-97-00 raqamiga yozib yuborishlarini so‘raymiz. Islohotlar jarayoniga Siz ham o‘z hissangizni qo‘shing!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter