Serial boshlandi, ssenariyning davomini esa tomoshabin yozadi...
Internet orqali milliy seriallarni qidirsangiz, bir qanchasi chiqib keladi. Serialni ko‘rishdan ham ko‘ra tomoshabinlarning izohlarini o‘qish qiziq. Tanqidchiyam shu yerda, tomoshabin ham, hatto serialni qanday tugatish, o‘zanni qayerga burish, qaysi personajdan voz kechishni aytib turadiganlaram shu yerda... Ya’ni serialning rivojlanishi, davomi tomoshabinlar tanloviga, maslahatiga qarab davom ettiriladi, qoyilmisiz?
«Mening yurtim» kanalida bundan ikki-uch yil oldin «Xon films» ijodkorlari tomonidan «Nomus» seriali qo‘yilishni boshladi. Hatto takroran qo‘yilmoqda.
Tomoshabinlarning izohlariga e’tibor qaratamiz:
50-qism. O: «Bu benomuslar kachon tugaydi shu kinoni ishlab chiqarganga la’natlar bo‘lsin. Shu kinoning qayerini yaxshi deb ayta olasizlar, yana 2-faslga balo bormi? O‘zbekistonda bunaqa odamlar bo‘lishi kerak emas».
«Bu serialning nomi nomus emas, benomuslar bo‘lishi kerak. Nimasi nomus buning, farzandi kimdanligini bilmagan ayolni ikki erkak talashib yotibdi».
Darhaqiqat, serial 247- seriagacha davom etgan demak, bu degani bir yilgacha cho‘zilgan. Istaymizmi, yo‘qmi odamlar bir yil qahramonlarning tuturuqsiz hayoti bilan yashagan. To‘g‘ri serialdagi voqealar uchrab turadi. Ammo ssenariy shu qadar bo‘sh, yo‘l-yo‘l yo‘lakay yozilganki, voqealarga ishonish qiyin. Masalan ushbu serialda bir qarasang bosh qahramon Alisherning sochi majnunnikidek o‘sib aqldan ozadi, bir qarasang, yana bir qahramon G‘olib daydi, ko‘cha odamiga aylanib qoladi. Ikki erkak ham bir ayolni sevadi Gulnorani. Gulnoraning farzandi Alisherdan, ammo u G‘olibga tegaman deydi, G‘olib bola boshqadan bo‘lganini bilib turib ham baxtiyor.
Shu yerda S nikidagi bir muxlis yozayapti, ya’ni 61-qismda «Tavba Alisher o‘z xotinini erga berayapti...»
Serialning oldingi qismlarida Gulnora G‘olibga turmushga chiqishga rozi bo‘lsa, oxirida Alisherga erga tegishga rozi bo‘ladi. To‘g‘ri hayotda shunday voqealar ko‘p. Ammo qaror qilish bu qadar tez va oson emasda. Serialning qismi ko‘p, bir yilga cho‘zilganiga qaramay insonning ichki olami umuman ochilmaydi, ruhiy kasal bo‘lish ham oson, tuzalish ham oson, bomj bo‘lish ham oson, o‘ziga kelish ham oson.
S: «Murojaat, hurmatli rejissyor, iltimos qizlarimiz baxti bilan hazillashmang, qaysi serial bo‘lmasin, qizning to‘yi kuni olib qochib ketadi. Nahotki shunchalik past ketasizlar, pul ishlash kerak, deb har xil uydirma narsalarning nima keragi bor.»
M: «G‘olib rolini zo‘r o‘ynagan, haqiqiy chiqqan, omadini bersin, hayotda bunday oilalar bo‘lmasin, birining erini tortib olgan, birining xotinini sevib qolgan.»
M: «Kino nima bo‘lib ketdi, men anchadan beri ko‘rmay qo‘ygandim, chalkashib ketdimi, Alisher shunda nechanchisiga uylanayapti?»
«Tomoshabinlarning yana biri shunday yozadi, o‘lim o‘yinchoq, bola o‘yinchoq, qizlarning iffati ham o‘yinchoq, muhabbat ham o‘yinchoq.
Agar muhabbat o‘yinchoq bo‘lmaganida Alisher serialdagi butun personajlarni navbati bilan sevib qolmas edi. Va oxirida yana Gulnoraga qaytmas edi...»
66-qismda esa bir muxlis serial ichida adashib qolganini kuzatasiz:
«Go‘zal rostdan o‘lganmi yoki yana tiriladimi? Javob yozinglar, iltimos, hech vaqt kinodagi bosh qahramon ham o‘lib qoladimi?»
Va nihoyat serial tugadi.
M: «Voy serial tugadimi, Hilola shuncha yomonlik qilib baxtli bo‘lib ketaveradimi, hech bo‘lmasa Gulnorani oxirida baxtli qilsalaring bo‘lardi. Bu rejissyorni Gulnoraning oilasida qasdi bormidi, hammasini o‘ldirvordi.»
Ssenariy yo‘l-yo‘lakay yoziladi, g‘oya boshidanoq bo‘lmaydi. Ya’ni serial tomoshabinlarning xohish-irodasi bilan davom ettiriladi.
Ancha oldinroq anonim bo‘lib qolishni istagan rejissyor, prodyusserlardan biri bilan gaplashgandim.
«Senzura kuchli, uni tushunamiz mayli, ya’ni qaysi mavzularni olish yoki olmasligimiz kerakligi hisob-kitobli. Maishiy mavzular uchun senzura yo‘qligi g‘alati. Fahsh sahnalar ketayapti, bu bilan hech kimning ishi yo‘qdek. Ochiqchasiga bo‘lib ketayapti. Bunga sabab esa televideniye kanallari bizdan shu narsalarni talab qilayotgani. Seriallarda bir xil mavzu opasining eriga singlisi tegib olishi, kimdandir homilador bo‘lib qolishi hammasini birdaniga ta’qiqlash, butun umrga ta’qiqlash kerak. Nimaga kanallar o‘sha mavzudagi intrigalari bor 18+ mavzularni talab qilayapti? Chunki tomoshabinlar bugun xususiy kanallarni ko‘proq ko‘rayapti va reyting mana shunday kinolar orqali ko‘tarilayapti. Reytinggi ko‘p ko‘rilgan kanallarga esa reklama talabgorlari ko‘payadi. Odamlar ko‘rishga narsa bo‘lmagach ko‘radi-da. Lekin xalq shuni ko‘rarkan, deb tiqishtiraverish noto‘g‘ri. Kanallarga saviyali narsalarni olib borsangiz, g‘oya bilan borsangiz bizning kanalga to‘g‘ri kelmaydi degan javob eshitasiz. Ularniyam tushunsa bo‘ladi, yon qo‘shni kanal maishiy mavzudagi serial qo‘yadi va reytingni olib ketadi. «Mening yurtim» kanalida «Piramida» degan yaxshi serial qo‘yildi, boshqa kanalda esa maishiy serial qo‘yildi. Va maishiy temasi yo‘q «Piramida» reyting ololmadi. Vaholanki, bugungi dolzarb firibgarlik haqidagi serial edi. Yana bir rejissyor 20 qismli serial oldi, ichki ishlar mavzusi bo‘yicha, chet el, gollivud filmlaridek juda katta budjet sarflandi, ammo bir reyting ham olmadi. Shuncha pulga serial va yana sifatli ishlashsayu pulini oqlamasa.
Ya’ni tomoshabinni yengil-yelpi asarga o‘rgatib qo‘ydik. Endi buni tuzatishning birdan bir yo‘li, barcha kanalga yengil-yelpi mavzularni ta’qiqlash kerak. Va asta-sekin odamlarni saviyali mavzularga o‘rgatish lozim, yuqorida aytganimdek boshqa narsa bo‘lmagach saviyali ko‘rsatuvlarni ko‘rishga moslashadi va asta-sekin did o‘sadi...»
Milliy TV kanalida «Yig‘lagan qizlar» seriali YouTube platformasi orqali ham ancha mashhur bo‘ldi. Maqola yozish asnosida ba’zi seriallarini kuzatdim. Jahongir ismli bosh qahramon 15 yil birga yashagan xotini Ismiguldan osongina voz kechib ketdi.
Serialga yozilgan izohlarda ko‘pchilik Ismigulning farzandli bo‘lib Jahongirni jazolashini kutayapti. Ismigul esa (qiziq shunday onadan qanday qilib yaxshi farzand tarbiyalanadi) shallaqi, urishqoq Jamila opaning qizi. Jamila opa rolida Saida Rametova. Serialning bosh g‘oyasi noma’lum. Xotinidan voz kechgan va bir necha qizlarning boshini aylantirgan subutsiz Jahongirning to‘xtagan bekati Nargiza ismli yana bir shantaj ayol. Umuman bu seriallarda ayollarning deyarli barchasi shantaj, shallaqi, ovam, pulga o‘ch, maqsadi faqat qanday qilib bo‘lsada erga tegish. Jamila opa Nargizani kuyovini ilintirishi, u haqda ma’lumotlar to‘plashi uchun yollaydi, Nargiza esa buyurtmani bajarish o‘rniga Jahongirni rostmanasiga sevib qoladi, ammo farzand bo‘lmaydi. Nargiza eri haydab yubormasligi uchun soxta homilador degan hujjat to‘g‘rilaydi. Va bir kuni er komandirovkaga ketganda birinchi erining yoniga borib urish chiqarmoqchi, undan kaltak yemoqchi va bola tushib qoldi deb aldamoqchi bo‘ladi. Tasavvur qiling, bu qahramon yoshlarga kelajak avlodga nimani o‘rgatayapti? Birinchi eriga shunaqa qo‘pol gaplarni gapiradiki. Mana uning so‘z boyligi «iflos, maraz, it, erkak bo‘lmay o‘l».
60 dan oshgan ona Jamila opaning ham so‘z boyligi xuddi shunday: «Sen iflosga ko‘rsatib qo‘yaman, bezbetlar, ifloslar...». Hatto qizlar o‘stirayotgan Jamila opa laqab qo‘yishga usta. O‘zining qizlaridan tortib begonalarning farzandigacha: «bo‘tako‘z, linzako‘z, ko‘karmas». To‘g‘ri Saida Rametova o‘z rolini juda qoyillatib o‘ynagan, har bir so‘zni mimikalari va ohanglar bilan yetkazib bergan, lekin yana o‘sha savol bu tomoshabinga nima beradi?
Kuyov Jahongir esa bir qismida qaynonasi haqida shunday deydi: «itga o‘xshab iskab keladi...»
Endi yana serialga yozilayotgan munosabatlarni, oddiy tomoshabinlarning izohlarini kuzatishda davom etamiz:
20-qism, D: «Mahzunaning sochini tekislanglar, har ko‘rganda asabim o‘ynaydi, hech bo‘lmasa peshanasidagi sochini».
Mahzunaning sochi har safar xuddi shunday tpnqid qilinadi. Keyin yana izohlarda shunday eslanadi:
«Bizni o‘qishadimi deyman, Mahzunani sochi o‘zgarib qolibdi, bo‘lmasa juda qo‘zichoqnikidek jingalak edi»... 60-qismga kelganda esa yana bir muxlis shunday yozadi: «Mahzuna sizga jingalak soch yarashmas ekan, shu sochingiz yarashibdi»...
Bu qanday kino sanoati ediki, tomoshabin serial o‘zanini qayoqqa burishni ijodkorga o‘rgatib tursa.
Yana izohlarga qaytamiz, axir tomoshabin ushbu yozganlari bilan kinoning va afsuski ko‘pchilikning saviyasini ham belgilab bermoqda.
55-qism, Sh: «Kinoning ma’nosi qolmadi, shilta singil, dayus aka, faqat ming‘ir-ming‘ir...».
Z: «Shuncha voqealar bo‘ldiyu Saida opa haliyam uyiga bormadi, ana bizning kinolar. »
N: «Nargizaning akasi kerakmas obraz, qamoqqa ketsin rejissyor amaki... »
M: «Mahzunaning homilador bo‘lgani qachon ediku, menimcha aytish esidan chiqib ketgan» ( qotib kulgan smaylik)
R: «Sabinani yo‘qotinglar, ortiqcha pul to‘layapsizlar, shu qizni ko‘rmasdan baribir o‘tkazib yuboramiz».
D: «Jamshid kinodan chiqib ketsin deganlar nechtamiz, Sabina bilan shu bor joyini o‘tkazib ko‘raman».
«Jamshid bilan Sabinani roldan chiqarish kerak, ular falokat», deydi yana bir muxlis serialning 45-qismida.
Yana bir izoh: «Jahongirning opa-singlisi yo‘qmi, degandik opasi paydo bo‘lib qoldi, bizni o‘qishadimi deymanda... »
M: «Kino tushunarsiz 6 oy dan keyin o‘ladi degandi lekin sog‘lom odamday yuribdi».
S: «multfilm ko‘rgan yaxshi bundan»...
M: «G‘olibjon va’dangizning ustidan chiqing Lolani qiynamay, shunchalik ham toshbag‘ir bo‘lasizmi, Muxlisaning ham yuzi yo‘q ekan, shunga insonlarga rahm kilish kerakmas, ayniqsa hozirgi zamonda rahmim kelyapti Lolaga».
«Bu G‘olib kinoni faqat o‘zi o‘ynabdi hamma joyda o‘zi, boshqalar yo‘qmi basharasini ko‘rib zerikdik kinodan».
N: «Muxlisa kasal edi lekin uni xatti harakati sog‘lom insonday tinimsiz hamshira bilan chiqisha olmayapdi. Muxlisadan boshka aktrisa yo‘qmidi, umuman zerikarli o‘ynagan Lolaning chiqishi o‘ziga yarashgan.
Lola G‘olib birga bo‘lsin»...
Demak, bu seriallarning tomoshabinlari orasida haqiqiy san’atkorlar, haqiqiy kino shinavandalari yo‘q, balki shunchaki bekorchilar. Demak seriallar shular talabi bilan yozilmoqda va hatto davom ettirilmoqda. Ammo shu muxlislarning didini o‘stirish yoki pastga tushirish mana shunday seriallar orqali «yediriladi». Afsuski ushbu seriallarning boshida norozilik ko‘rasiz va oxiriga kelib esa tomoshabinning ko‘nikkanini, didi moslashganiga guvoh bo‘lasiz.
M: «Biz kelinim bilan har bir serialni ahamiyat bilan ko‘rdik, filmda hamma aktyor va aktrisalar yaxshi rol o‘ynashgan, oilaviy va tarbiyaviy serial ekan...»
Yana bir anonim prodyusser: 15 yildan beri shu sohada ishlayman. Jar yoqasiga kelib qolishimizning asosiy sababi, kim ko‘proq o‘sha kanalni ko‘rsa, shunga ko‘p pul, ya’ni reklama keladi. Oldin MTRK olgan «Opa-singillar», «Tutash taqdirlar», degan seriallar bo‘lardi. Endi shunaqa serial olsangiz reyting ko‘tarmaydi. Hozir tajribaga ega bo‘lmagan odamlar ham serial olayapti. Dramaturgiyadan xabarsiz, epizod bilan epizod bog‘lanmaydi. Yengil-yelpi asarlar – million-million ko‘rishlar. Telekanallar o‘zini mablag‘ bilan qoplash uchun majbur shunday seriallarni ishlashga. Fikrimcha, bularning barchasiga birdaniga taqiq qo‘yish va bir joy tashkil qilish kerak. Ya’ni o‘sha yerda seriallar har tomonlama muhokamaga qo‘yilsin. 5 seriyasi taqdim qilinsin, agar talablarga javob bersa qolgan qismlari olinsin. Hozir 5 qismi yaxshi ishlanadi, kanallar bilan shartnoma qilib olingach qolgan seriyalari atala. Masalan «Qodirxon»ni ko‘rsangiz o‘lib ketgan odam qaytib tirilib kelayapti. Bir paytlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston havas qilardi bizning kino sanoatimizga. Hozir-chi, onalar seriallarimizda qizini u erdan olib bu erga berib yotibdi. Ijodkor xalqning orqasidan emas, xalq ijodkorning orqasidan ketish kerak, biz afsuski xalqning orqasidan ketayapmiz. Men hamma talablarga javob beradigan ikkita serial oldim, ammo ichida xiyonat, fahsh bo‘lmagani uchun reytinggi ko‘tarilmadi. Yana bitta katta fojeamiz bor. Turk seriallari bizga ana shu xiyonat, fahsh mavzularini olib kirdi, biz esa ulardan ham o‘tib ketdik. Telekanallar oldidan erkaklarni qochirib yubordik, ekran oldida ayollar qoldi. Sharmandali holga keldik, bunga chek qo‘yiladi, degan gaplarni eshitayapmiz, ishqilib tezroq chek qo‘yilsin...»
Ayni kunlarda «Sevimli» telekanalida «Yuragim seniki» seriali boshlandi.
7-qismida bir tomoshabin yozayapti: «Endi ko‘rmayman, jonga tegdi»...
R: «Bu kinodan ko‘ra qizcha va quyonlar multfilmni ko‘rib asabim tinchlansa kerak»...
Yana bir tomoshabin: «Asabga tegmasdan oxirigacha qo‘yinglar, chala qoldirmasdan, bo‘lmasa qo‘ymanglar... »
Nima deb o‘ylaysiz serial qanday davom etadi?
Bizning-cha esa, serial o‘zani har yoqqa burilib, tomoshabinlar ssenariysi asosida hali uzoooq «yonadi»...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter