Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Borsa kelmas», Sariqamish, Sudoche, Qoplonqir... Sarguzashtlarga to‘la to‘rt kun

«Borsa kelmas», Sariqamish, Sudoche, Qoplonqir... Sarguzashtlarga to‘la to‘rt kun

Foto: «Xabar.uz»

«Ayiqlarni yaxshi ko‘raman, ular 4-5 oy uyquga ketadi, bolalaydi, ovqatlanmay, suv ichmay bolasini emizadi. Uyqudan uyg‘ongach, tabiat qo‘yniga chiqadi. Bu paytda ayiq odamga tashlanmaydi, kuchi bo‘lmaydi, bolalari esa xavf-xatarni bilmaydi. Mana shu payt ovchilarga qo‘l keladi, inini poylab yurib, holdan toygan ayiqni, uning bolalarini otishga harakat qiladilar».

«Katta trassada qarshimdagi mashina toshbaqaning ustiga kela boshladi. O‘zimning va boshqalarning jonini xatarga qo‘yib ulovimni mashina qarshisiga to‘xtatdim. Haydovchining rangi oqarib ketdi, u bilan janjallashdik. «Nima bo‘pti toshbaqaning joni qattiq bo‘ladi», deydi haydovchi, ishonasizmi shu gapi uchun haydovchini urvoray dedim, aytdimki: «bu toshbaqaning joni bor sizniki kabi, qizil kitobga kiritilgan...»

Davlat ekologiya qo‘mitasi, «Qaraqalpaqstan ekologiyası» gazetasi va Ekolog.uz sayti hamkorligida Orolbo‘yi hududi va mintaqadagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga tashkil qilingan mediatur ayiqlarga mehri baland ekologiya davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev, toshbaqani qutqarish uchun hayotini xavf ostiga qo‘ygan ekofaol Nargis Qosimovaning hikoyalari bilan boshlandi. Ushbu mediatur boshqa tadbirlardan mutlaqo farq qiladi, jazirama issiq, kechki sovuq, yo‘l azobi, ochlik, tashnalik va nihoyat ko‘zlangan betakror manzil.

«Borsa kelmas»

Nomining o‘ziyoq ko‘nglingizni alag‘da qiladi. Bekorga borsa kelmas deb nomlanmaydi axir. «Borsa kelmas» tuz konining uzunligi 75 km, eni 70-72 km bo‘lib, chuqurligi 30-60 km.ni, zaxirasi 105 mlrd. tonnani tashkil qiladi. Ushbu tuz konlaridan sanoatda foydalanish maqsadida Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilib, ishga tushirilgan. «Borsa kelmas» sho‘rxokligi 21 million yil avval yo‘q bo‘lib ketgan Tetis ummonining qoldig‘idir. Ishongingiz kelmaydi mana shu taqir yerlarda bir paytlar suv mavjlanib oqqaniga, tagida hayot qaynaganiga. Bu yerlarda karvonlar izsiz yo‘qolgan, deyishadi. Tuz koniga cho‘kib ketish oson bo‘lgan. Darvoqe, biz bosib turgan mana shu oppoq yer ham shu qadar yumshoq, sal qattiqroq harakat qilsangiz sizni yutib yuboradigandek.

Rivoyatlarda aytilishicha, sho‘rxoklik ichidagi qadimiy qal’aga miloddan avvalgi IV asrda Xorazmda hukmdorlik qilgan Farasmanga tegishli bo‘lgan ko‘p miqdorda oltin ko‘milgan. Necha asrlardan davomida ushbu xazina vasvasasida yo‘lga otlangan ko‘plab odamlar izsiz g‘oyib bo‘lib, qaytib kelmagan. Shuning uchun «borsang, qaytib kelmaysan» degan gap tarqab, mazkur joyga shunday nom berilgan...

Ustyurt kengliklari adoqsiz, cheksiz. Xuddi osmon bilan birlashib ketgandek, uning adog‘i ko‘rinmaydi. Besh nafar faqatgina bu cho‘l yo‘llariga chidaydigan «Niva» ulovida yo‘lda davom etdik. Ro‘paramizdan toshbaqa chiqdi. To‘xtadik, hamrohlarimizdan biri toshbaqani chetga oldi. Bu yerda har bir o‘tning nomi, tarixi bor, har bir hayvonning yurak urishi eshitilib turadi go‘yo....

Kaltakesak, chayon, yana allaqanday hasharotlar. Chayonni suratga olayotganimizda ekologlarning «Hov chayonni o‘ldirib qo‘ymanglar, ehtiyot bo‘linglar», degan ovozi eshitildi. Rostdan-da chayonni ko‘rsak darrov o‘ldirishga oshiqishimiz bor gap.

Toshbaqa nega qizil kitobga kiritilganiga sabab ko‘plab bo‘sh kosalarini ko‘rdik, uning kushandalarining biri burgut bo‘lsa, yana biri hind asalxo‘ri, yanada ayanchlirog‘i — u to‘nkarilib qolsa o‘nglanolmas ekan.

Ustyurt juda sirli joy, uning sinoatlari ko‘p. Hamrohimiz jurnalist, ham tarix fanlari doktori, tarixchi Esimxon Qanoatov Qoraqalpog‘istonning vikipediyasi. Ishonavering, har bir o‘ti bilan bog‘liq rivoyatni, har bir hayvon bilan bog‘liq afsonani biladi.

Qozoq cho‘ponlari qabrlari

Ustyurt platosidagi Qoratoshda 200 yillik tarixga ega qabrlar mavjud. Bir paytlar bu kimsasiz joylarda ko‘chmanchi qozoq cho‘ponlari yashaganiga ishonging kelmaydi. Har bir qabrda o‘ziga xos belgi bor. Biri cho‘michli urug‘i, boshqasi shemekey va aday urug‘iga ega bo‘lgan cho‘ponlarning qabrlari ekan. O‘tgan yilning 60-yillarigacha davom etib kelgan massagetlarning udumi bo‘yicha ovuldan biror oqsoqol yoki yoshulli, bahodir odam o‘lsa mana shunday qo‘rg‘oncha qabristonga urug‘ini yozib qo‘yishar ekan. Ularning udumi bo‘yicha o‘lgan odamning ruhi o‘sha toshga singib abadiy yashashda davom etarkan.

Ora-orada biz hech qayerda uchratmagan o‘t-o‘lanlarga duch keldik. «Mana bu bovirsoqbosh», zarg‘aldoq rang boshli o‘tni ko‘rsatib, «yeb ko‘ringda, bo‘g‘irsoqning ta’mi keladi, bolalikda yer edik», deydi Esimxon og‘a.

«Brakonerlarni quvganimiz»

«Azamat, Azamat», ratsiyadan tashvishli signal keldi, «qara-qara brakoner»... Azamat Aydarbekov «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘i direktori o‘rinbosari ekanini xayrlashayotgan chog‘imiz bildik. Ismiga munosib bu yigit, mardligi, do‘stlarini ora yo‘lda qoldirib ketmasligi, eng qiyin vaziyatlarda birinchi bo‘lib yordamga shoshilishi bilan bizda juda iliq taassurot qoldirdi.

Yo‘lboshchilik qilayotgan ana o‘sha azamat yigit yonidagi yo‘lovchilariga, qing‘ir-qiyshiq yo‘lga qaramay, ikki ko‘zi bilan brakonerlarni izlashga tushdi, mashinani qattiqroq haydadi, «ana, ana san bu o‘y (chuqurlik)dan dush» degan ovoz keldi yana ratsiyadan, keng cho‘lda mashinalarning changitib bir-birini quvib ketayotgani sarguzasht kinolaridagi holatni eslatadi.

Mening xayolimdan esa agar brakonerlarga uchrasak, ular bizga o‘q uzsachi, degan hadikli o‘y o‘tdi. «Ular otib tashlashdan toymaydi», degandi yo‘lda inspektorlardan biri. «Menga hatto miltiq o‘qtalgan, cho‘lni o‘rtasiga bog‘lab ketgan», degandi yana biri. O‘tgan yili qurollangan brakonerlar Qoraqalpog‘istondagi «Janubiy Ustyurt» bog‘i inspektorlariga hujum qilishgani haqidagi xabar shov-shuv bo‘lgani ham kechagidek esimda...

Ammo keyin ma’lum bo‘ldiki, biz brakoner deb o‘ylaganimiz qulonlar podasi ekan.

Qulonlar

Ha, Ustyurtda qulonlar ham bor ekan. XIX asrda O‘zbekistonning Ustyurt kengliklarida ko‘p sonda uchragan turkman qulonlari XX asrning 30-yillariga kelib butunlay qirilib-yo‘qolib ketgan edi. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish uyushmasining Qizil kitobiga yovvoyi tabiatda yo‘qolib borayotgan hayvonot turi sifatida kiritilgan.

Kiyiklar o‘ch oladi

Yonginamizdan jayronlar shiddat bilan shamolday yelib o‘tdi, suratga olishga ulgurmadik, faqat changi qoldi. «Nimaga bu yerning hayvonlari buncha hurkak, masalan xorijdagi qo‘riqxonalardagi hatto sherlar odamlarni ko‘rsa yugurib keladi» degan savolimga hamrohlarimizdan biri bizdagi jayronlar, umuman hayvonlar bolalikdan ta’qib qilinadi, deb javob berdi.

Lavhalar orqali jayronlarni ko‘rish boshqa, cho‘l bag‘rida ularning yugurib o‘tganini ko‘rish boshqa, bir boshqacha bo‘lib ketdi odam. Uzoq yo‘lda hamrohing suhbatdosh bo‘lsa yo‘lning azobi bilinmaydi. Azamat yaxshi suhbatdosh ham ekan: «Bu yerda ikki ovchi bor. Ikkalasiyam kiyik ovlagan. Shu qadar usta ovchilar bo‘lganki, eng zo‘r inspektorga ham tutqich bermagan. Hatto men ham tan berganman. Ortidan quvsangiz o‘y(jarlik)ga qarab qochadi, sizni o‘yda adashtirib ketadi. O‘sha ovchilar 10 yildan ortiq nechta kiyikning boshiga yetadi. Va bir kuni mashinasi ag‘anab halokatga uchraydi, yarim tanasi ishlamay qoladi. Yana bir ovchi miltig‘ini o‘qlayotganda qo‘lidan toyib ketadi va tikka bo‘lib qoladi. O‘sha payti miltiqning uchi uning iyagi to‘g‘risiga qadalib otilib ketadi, iyakka tekkan o‘q miyaga borib qadaladi. Hozir o‘sha ovchining miyasida o‘q bor, olish mumkin emas, o‘ladi. Har ikki ovchiyam hozir ovga yaramay qolgan».

Oldingizda yelib ketayotgan mag‘rur jayronlarni ko‘rib, Muhammad Yusufning misralari yodingga tushadi: «Yurak qoning to‘kilgan so‘qmoq, Bag‘ri alvon lolaqizg‘aldoq, Senga toshlar otdi qay gumroh, Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh»... Beixtiyor o‘tgan yili otilgan jayronlar ko‘z oldinga kelib, ko‘ngling allanechuk cho‘kadi.

Sariqamish mo‘’jizalari

«Borsa kelmas»dan 250 km.li yo‘llarda birgina mashina bilan yurib bo‘lmaydi. Albatta yana bitta mashina, oziq-ovqat, ehtiyot qismlar, suv bo‘lishi shart. Yo‘lda bir necha marta sherik mashinalarni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun to‘xtab oldik.

Bir mashina tiqilib qolgan edi, ikkinchi mashina bilan tortib chiqardik. Bir xil manzara, manzil esa sira ko‘rinay demaydi, o‘rkachli yo‘llarda silkinib silkinib ketaverasiz, ketaverasiz. Osmonda qushlar charx urib ucha boshlaganini ko‘rib suv yaqinligini anglaysiz. Uning ustiga muzday havo, shamol.

Bu yerning baliqchilari mehmon kutib ko‘nikib qolishgan. Mashinalardan tusha solib uychalarga joylashdik, palatkalarni ochdik. Kechasi shamol aralash yomg‘ir yoqqani sababli tongda ko‘lning sathi ko‘tarilgan.

Baliqchi Eduard akaning aytishicha, 2018 yildan buyon aprel-iyun oylarida ko‘lda baliq ovlash taqiqlangan.

Baliqchilarning hayoti tashqi olamdan uzilgan. Ammo suvi sho‘r, qumlik, tuzli joyga ham bu yil birinchi marta pomidor, bulg‘or qalampiri ekishibdi, tuproq va suvni mashinada olib kelishibdi. Uyda chiroq yonib turibdi, kichkinagina quyosh batareyasida radio ham ishlaydi.

Hamrohlarimizning ma’lumotiga ko‘ra, 1970 yillar oxirida Sariqamish ko‘li atrofida timsohmi, kaltakesakkami o‘xshaydigan uch metrdan oshiq g‘alati maxluqni baliqchilar, ovchilar va geologlar ko‘rganini aytishadi. Bunday g‘ayritabiiy maxluqning paydo bo‘lishiga Sariqamish ko‘liga paxta plantatsiyalaridan oqib kelayotgan zaharli ximikatlar ta’sir ko‘rsatib, mutatsiyaga uchragan degan taxminlar mavjud. Bu gaplarning ilmiy asosi yo‘q. Lekin hali-hamon mahalliy baliqchilar o‘rtasida Sariqamish maxluqi haqidagi hikoyalar tildan-tilga o‘tib boradi.

Qoplonqirda qoplon bormi?

Qoplonqirga yetishimizga o‘n besh kilometrlar qolganida bir mashinaning balloni loyga tiqilgani ma’lum bo‘ldi. Endigina ne azoblarda yetib kelgan haydovchi Azamat men o‘zim bormasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, deb yana ortiga qaytib ketdi. O‘nqir-cho‘nqir yo‘llar, endigina dam olishga chog‘langan payti muammo paydo bo‘lishi... aytishlaricha 3 soat deganda, odam bo‘yi chuqur kovlashib mashinani chiqarib olishibdi.

Qoplonqirda sukunat bor, vahimali sukunat, na telefon, na internet ishlatmayotganimizning ikkinchi kuni. Bu vaziyat yanada ko‘ngilni g‘ashlaydi, yurakka vahima soladi. Shunda anglaysanki, cheksiz yolg‘izlik, poyoni yo‘q yo‘l...Yolg‘izlikdan qo‘rqinchliroq narsa yo‘q. O‘sha yerga palatkalarni tikdik, o‘t yoqdik. Shamol uvillaydi, chaqmoq chaqadi, yashin... qo‘rquv paydo bo‘ladi, sel kelib oqizib ketsachi, oyog‘imizning ostida cheksiz jarlik.

Qoplonqirda qoplon bormi? Yo‘q. 1910 yilda oxirgi qoplon otilgan, otgan odamga mukofot berilgan. Naqadar ayanchli yutuq va mukofot.

Qoplonqir O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston davlatlari o‘rtasida shimol g‘arbdan janubga qarab 190 km.ga cho‘zilgan, balandligi 305 metr.

Bu yerda Ustyurt tog‘ qo‘ylari, jayronni uchratishingiz mumkin. Mazkur hududning baland-baland chinklari (jarlik, tepaliklar), bepoyon kengliklari sizga o‘zga sayyorani eslatadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir qoplon Qozog‘istonning ustyurt qo‘riqxonasi fotoqopqoniga tushgan. Demak, Turkmaniston va O‘zbekiston chegarasiga ham o‘tib yurgan bo‘lishi kerak.

Sudoche ko‘li

Flamingo qushlari bilan mashhur bo‘lgan Sudoche ko‘li Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan. Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan ushbu ko‘llar tizimida 240 ga yaqin turdagi minglab ko‘chmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud.

Sudoche ko‘li o‘zining joylashishi bo‘yicha Sibir va Tundradan janubga va janubiy-sharqga, issiq mamlakatlarga va orqaga uchadigan transkontinental migrant qushlarning G‘arbiy-osiyo migratsion yo‘lida joylashgan.

Flamingo O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan 40 turdagi qushlarning biri hisoblanadi. Ko‘lda sariqqamishlar o‘ziga xos shovullaydi, qushlarning hech qayerda eshitmagan sayrashini eshitasiz. Qoraqalpog‘iston hududini qo‘llar diyori ham deb atashadi.

Hududda pitomniklar quriladi, ekoturizm rivojlanadi

— Janubiy Ustyurtning muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maqomiga ega bo‘lishi hududdagi biologik resurslar va tabiiy landshaftlar muhofazasini to‘liq ta’minlashga zamin yaratadi, marshrutlar va yo‘l pasportlari yaratiladi. Hududda noyob hayvon va qushlarni, suv havzalarida esa endemik baliq turlarini ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklarni tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida kelgusida ular genofondini saqlab qolish imkonini beradi, — deydi biz bilan suhbatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya qo‘mitasi raisi maslahatchisi Ulbo‘sin Mirzanazarova. — «Qoraqalpoq ekologiyasi» gazetasi tomonidan loyiha tashkil qilganmiz. «Sudoche akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi, «Saygachiy» davlat buyurtma qo‘riqxonasi, janubiy ustyurt milliy tabiat bog‘i hududlarida, quyi Amudaryo davlat biorezervati rezerlarida turistik marshrutlar tashkil qilamiz. Gazeta jamoasi bilan 500 mln. so‘mlik grant yutib oldik. Eski majmua ob’yektlarini, turistlarga xavfsiz to‘liq ma’lumotlarga ega loyihalarni tayyorlayapmiz».

Ha, aytgancha bu tinib-tinchimas tabiat jonkuyari ikki marta prezident bilan uchrashgan, bir gal qo‘lini qattiq siqib ko‘rishgan prezidentga dangal, «men ishlayotgan «Qoraqalpoq ekologiyasi» gazetasi uchun qachon bosmaxona qurib berasiz», deb ayta olgan.

Biz ortga qaytayapmiz.... Yana kiyiklar galasi shiddat bilan o‘tib ketadi. Muhammad Yusufning qo‘shiqqa aylangan she’ri xayolga keladi: «Labim bilan yarang silayman, Senga dardi shifo tilayman, Kel, tug‘ishgan og‘ang bo‘lay man, Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?»...

Tabiat bizning og‘amiz, to‘rt kun ichida ko‘rgan kechirganlarimiz orqali anglab yetganim shu bo‘ldiki, tabiat bizga muhtoj emas, biz tabiatga muhtojmiz, biz tabiatning hukmroni emas, tabiat bizning hukmronimiz, u bizdan bir necha barobar kuchliroq, shafqatliroq, olijanobroq...

Barno Sultonova, Toshkent —Nukus—Ustyurt

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring