Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Anvarjon Niyazov: AQSh yuk tashish sanoatida avtomatlashtirish va raqamlashtirish darajasi e’tiborga molik

Anvarjon Niyazov: AQSh yuk tashish sanoatida avtomatlashtirish va raqamlashtirish darajasi e’tiborga molik

Xorijdagi vatandoshlarimiz haqida juda ko‘plab maqolalar yozganmiz – va har doim e’tibor beriladigan jihat, ularning tajribalari bilan o‘rtoqlashishga chanqoqligi. Ya’ni, ular o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtini ham rivojlangan davlatlar qatorida ko‘rishni chin yurakdan istashadi.

Bugungi hamsuhbatimiz o‘ttiz ikki yoshli samarqandlik Anvarjon Niyazov Amerikada yetakchi kompaniyalarning birida faoliyat olib bormoqda. Maktabni a’lo baholarga bitirgan Anvarjon Narpay tumanidagi iqtisodiyot kollejiga qabul qilindi. Bir yil o‘tmasdan, ya’ni 2009 yilda J2 vizasi orqali AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Mahwah High Schoolda tahsil oldi. 2010-yilda O‘zbekistonga qaytib, kollejda o‘qishini davom ettirdi. Amerikadagi bir yillik hayoti uning kelajagiga mustahkam poydevor bo‘ldi. Kollejni tugatgach Toshkentdagi Westmnister universitetiga 20 ta iqtidorli talabadan biri sifatida stipendiya asosida o‘qishga kirdi. Men suhbatdoshimga o‘qishni tugatgach, UzBAT va «Javlon Audit» firmasida orttirgan tajribalari, Samarqand viloyatidagi «Yagona hisob-kitob markazi» davlat unitar korxonasi rahbari sifatida buxgalteriya hisobiga markazlashtirish va billing tizimini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgani, 2022-yilda AQShning Kentukki shtatidagi Campbellsville universitetida biznes boshqaruvi bo‘yicha magistratura dasturiga o‘qishga kirgani va logistika sohasidagi muvaffaqiyatlari borasida savollar berdim.

 

– Siz hali oq-qorani ajrata olmaydigan yoshingizda Amerikaga borgandingiz va yana shu yerga qaytib kelaman, deb o‘ylaganmisiz?  

– Birinchi marotaba AQShga kelganimda menda bu davlat ko‘plab yaxshi taassurotlar uyg‘otgan. Ilk marotaba 2009-yilda AQShga Nyu Jersi shtatining Maxvax shaharchasiga kelganman va bu yerda bir akademik yilni o‘tkazganman. Menga AQShning kuzi judayam yoqqan, chunki daraxtlarning barglari nafaqat sariq rangda balki qizil, pushti, to‘q sariq va boshqa ranglarda jilolanadi. Menga bu davlatdagi o‘qitish uslubi juda ma’qul kelgan va kelajakda, albatta, shu yerga kelib yana o‘qishni reja qilgandim.

–  O‘zbekistonda o‘qishni bitirib UzBAT va «Javlon Audit» firmasida ish boshlagansiz va bu tajriba keyingi faoliyatingizda qanchalik qo‘l keldi?  
– UzBAT mening hayotimda ilk xalqaro firma sifatida yorqin iz qoldirgan. 2017-yilda o‘zim uchun ko‘plab tajribalar va yangi ma’lumotlar olganman, chunki ishxonadagi barcha menejerlarim va biz taqdimot qilishimiz kerak bo‘lgan barcha kadrlar o‘z sohasini juda yaxshi bilgan va judayam malakali edi. Men ulardan vazifani qanday qilib o‘z vaqtida bajarishni, qanday qilib aniqlik bilan tadqiqot olib borishni va topgan ma’lumotlarimni qanday qilib odamlarga tushunarli qilib yetkazishni o‘rganganman.
«Javlon Audit» – men uchun audit sohasida yangi dunyo ochilishiga sababchi bo‘lgan. Men bu yerda o‘qishim davomida o‘rganib kelgan hisob-kitob usullari va ularni qanday qilib hayotga tadbiq qilishni o‘rganganman. Rahbarim va menejerim menga bir firma uchun kerak bo‘lgan barcha buxgalteriya hisobi yuritishni, ularni qanday qilib soliq va boshqa tashkilotlarga taqdim qilishni, shu bilan birga qanday qilib audit qilishni chuqur o‘rgatishgan. Hozirgi kungacha shu ikki ishxonadan olgan bilimlarimni ishlatib kelyapman va menga ta’lim bergan ustozlarimga, ish o‘rgatgan menejerlarimga rahmat aytaman!

O‘zbekiston va Amerikadagi ish joylarida odamlarning ishga, jamoaga munosabatidagi farqlar nimalarda ko‘rinadi?

– Ikki davlatdagi odamlarning ishga munosabati o‘zgacha va ikkalasidayam o‘ziga yarasha ma’qul tomonlari shu bilan birgalikda o‘zgartirish kerak bo‘lgan tomonlari bor. O‘zimizda ish kunlari haftasiga 6 kun, AQSh da esa 5 kun. AQShda dam olish kunlarining ikki kun bo‘lgani menga judayam ma’qul, chunki shu ikki kun mobaynida inson kelasi haftadagi ish uchun yetarlicha energiya oladi va bu uning ishchanlik koeffitsiyentini oshiradi. AQShda odamlarning o‘z ishiga nisbatan munosabati boshqacha, bu yerda odamlar ish kuni tugasa qolgan ishni ertangi kunga qoldirib, uylariga ketishadi, o‘zimizda esa ish tugatilmasdan uyga ketilmaydi.

–  AQShning Kentukki shtatidagi Campbellsville universitetida biznes boshqaruvi bo‘yicha magistraturani ham tugatdingiz...

– Men bakalavrni o‘zimizdagi Westminster universitetida budjet o‘qiganman va bu universitet Angliyadagi Westminster universitetining filiali bo‘lgani uchun ham barcha fanlarni Yevropa tizimida o‘qiganman. Oldin aytib o‘tganimdek, AQSh universitetlarida o‘qish va ulardagi professorlardan amerika o‘qitish tizimidagi bilimlarni o‘rganish niyatim bo‘lgan. Magistraturani AQShdagi Kentukki shtatining Campbellsville universitetida o‘qish menga nasib etdi. Menga bu universitetda har xil dunyoviy bilimlar berishdi va ayniqsa o‘qitilgan fanlarning nafaqat ta’lim berishi, balki ulardagi amaliy qismining ko‘pligi judayam yoqdi. Chunki o‘qitilgan bilim agar ish davomida ishlatilmasa yoki uni qanday ishlatishni o‘rgatilmasa unutilishi mumkin. Bizga maxsus fanlardan darslar o‘tishdi va bu mening kelajagim va hozirgi qilayotgan ishim uchun samarali poydevor yaratib berdi, deya olaman.

  Adagium Inc. logistika kompaniyasida ishlashning murakkab tomonlari...

  – Hozirda bu firmada boshqaruvchi menejer sifatida o‘z faoliyatimni olib borayapman. O‘z faoliyatim davomida har xil muammoli va chigal vaziyatlarga duch kelaman, masalan: yuk tashuvchi haydovchilarimizning kompaniyamizdagi boshqa ishchilar bilan kelishmay qolishi, ishlatayotgan uskunalarimizning ishdan chiqishi, xodimlarimiz orasidagi samarasiz aloqa yoki kiber xavflar. Shunday muammoli vaziyatlar bo‘lib qolganda shu sohada yetarlicha tajriba olgan xodimlardan maslahat olishni, vaziyatni ikki tomonlama tahlil qilishni va undan keyin qaror qabul qilishni o‘zimga maqbul ko‘raman.

– «Amerika orzusi», degan gapni ko‘p eshitamiz... Bu yerda orzular ushalishi shunchalar osonmi?

– «Amerika orzusi» an’anaviy tarzda har qanday kishi, kelib chiqishidan qat’i nazar, mehnat, qat’iyat bilan farovonlik va muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi g‘oyasining ramziy ma’nosidir. Bu ko‘pincha moddiy boylik (uyga ega bo‘lish, tovar sotib olish) yoki martaba ko‘tarilishi (ish davomida zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilish va yaxshi maosh olish) g‘oyasi bilan bog‘liq.

Zamonaviy muhokamalarda bu elementlar ko‘pincha adolat, erkinlik va orzuga hamma uchun bir xil tarzda erishish mumkinmi yoki yo‘qmi degan savollarga asoslanadi. Ba’zilar uchun «Amerika orzusi» shaxsiy yutuqlar va yuqoriga ko‘tarilish, lekin ko‘pchilik uchun u imkoniyatlar va mukofotlarni, xususan, ish va hayot muvozanati nuqtai nazaridan adolatli taqsimlashni o‘z ichiga oladi. Bugungi dunyoda Amerika orzusi cheksiz individualizm haqida emas, balki kelib chiqishi yoki iqtisodiy holatidan qat’i nazar, hamma uchun muvaffaqiyatga erishishni ta’minlashga qaratilgan.

– Farzandlaringiz uchun u yerdagi bilim dargohlarida qanday o‘zgacha muhit yaratilgan?

– Oilaliman va 3 farzandim bor. Katta qizim Amerika maktabining bolalar bog‘chasiga boradi va undagi imkoniyatlarning sanog‘i yo‘q. Amerikada bolalarga judayam erta, ya’ni 3-4 yoshidayoq harf va sanoq o‘rgatiladi va bolalar 6 yoshida maktabning 1-sinfiga o‘qishga qabul qilinadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekistondagi bolalar bog‘chasi madaniy, ta’lim va ijtimoiy ustuvorliklarni aks ettiruvchi bir necha jihatdan farqlanadi. Qo‘shma Shtatlarda bolalar bog‘chasi ko‘pincha rasmiy ta’limning birinchi qadami sifatida qaraladi, asosiy akademik ko‘nikmalarni rivojlantirishga, ijtimoiylashuvga va o‘yinga asoslangan, bolaga yo‘naltirilgan muhitda hissiy o‘sishga qaratilgan. O‘quv dasturida odatda ijodkorlik, savodxonlik va hisob-kitoblarga urg‘u beriladi, bunda mustaqillik va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar mavjud. Bundan farqli o‘laroq, O‘zbekistondagi bolalar bog‘chalari erta yoshdagi rivojlanishga e’tibor qaratish bilan birga, ko‘pincha tizimli yondashuvga ega bo‘lib, tartib-intizomga, hokimiyatni hurmat qilishga va rasmiy maktab ta’limiga tayyorgarlikka ko‘proq e’tibor beradi. Shuningdek, o‘zbek bog‘chalarida an’anaviy madaniy qadriyatlarning ta’siri kuchaygan, ayrim hududlarda esa eslab o‘rganish va yodlashga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Ushbu farqlarga qaramay, ikkala tizim ham erta bolalik ta’limiga o‘ziga xos madaniy yondashuvlarni aks ettirsa-da, kelajakdagi ta’lim muvaffaqiyati uchun poydevor qo‘yishni maqsad qilgan.

–  Sohangiz misolida u yerda sizni hayratlantiradigan jihatlar. O‘zbekistonda joriy qilinishi mumkin bo‘lgan tajribalar...

– AQShdagi yuk tashish kompaniyasida operatsion menejer sifatida ishim menga logistika, samaradorlik va transport sohasidagi innovatsiyalar haqida qimmatli tushunchalar berdi. O‘zbekiston foyda ko‘rishi mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan biri samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish uchun AQShda keng qo‘llaniladigan GPS kuzatuvi, marshrutni optimallashtirish dasturi va ma’lumotlar tahlili kabi ilg‘or logistika texnologiyalarini joriy etishdir. Bundan tashqari, Amerika kompaniyalarida keng tarqalgan uzluksiz takomillashtirish va xodimlarning imkoniyatlarini kengaytirish madaniyatini yuksaltirish O‘zbekiston yuk tashish va logistika sektorlarida unumdorlik va innovatsiyalarni oshirishga yordam berishi mumkin. O‘zbekistondagi vatandoshlarimni hayratga solishi mumkin bo‘lgan jihatlarga kelsak, AQSh yuk tashish sanoatida avtomatlashtirish va raqamlashtirish darajasi e’tiborga molik – inventarlarni boshqarishdan tortib, yetkazib berishni kuzatishgacha bo‘lgan barcha narsa uzluksiz raqamli tizimlarga integratsiyalashgan. Bu ko‘p jarayonlar qo‘lda yoki qog‘ozda qolgan O‘zbekistonda hali keng tarqalmagan narsa. O‘ylaymanki, bu tajribalar bilan o‘rtoqlashish va O‘zbekistonning transport va logistika sanoatida raqamli transformatsiyaga o‘tishni rag‘batlantirish samaradorlik va iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, g‘arbiy yetakchilik va boshqaruv usullarini, masalan, tejamkor boshqaruv yoki tezkor amaliyotlarni moslashtirish tashkilot samaradorligini oshirishga va yanada dinamik ishchi kuchi rivojlantirishga yordam berishi mumkin. Hozircha O‘zbekistonga qaytish bo‘yicha aniq rejalar tuzmagan bo‘lsam-da, men bu yerda o‘rgangan zamonaviy boshqaruv amaliyotlari, texnologik yutuqlar va operatsion innovatsiyalarni joriy etish orqali uning rivojlanishiga hissa qo‘shishga umid qilaman.

– Mazmunli suhbat va vaqt ajratganingiz uchun tashakkur.

                                                                     Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring