Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan OAVni cheklash taklif qilindi

Xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan OAVni cheklash taklif qilindi

Bir muddat avval ruslarning NTV telekanalidagi «tok-shou»da rossiyalik psevdotarixchi Mixail Smolin 1917 yilga qadar o‘zbeklar, qozoqlar va ozarbayjonlar millat sifatida mavjud bo‘lmaganini iddao qilib chiqqani haqida xabar berilgan edi.

O‘z navbatida, Smolinning shovinistik qarashlari Rossiyaning markaziy telekanallaridan birida uzatilgani o‘zbek jamoatchiligi o‘rtasida turli bahs-munozaralarga, e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ham bu borada o‘z fikrlarini bildirib, xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan OAVni O‘zbekistonda cheklash masalasi kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri ekanini ta’kidlamoqda.

«Garchi madaniyatsizlarcha va kaltabinlarcha bo‘lsa-da, shovinizmining asosiy basharasini ko‘rsatuvchi ushbu «siyosiy qarash» istibdod kishanlarini parchalab, necha ming yillik o‘z milliy davlatchiligini qaytadan tiklagan elu yurtlarni mana shunday olchoq g‘oyalari bilan ruhan cho‘ktirishga urinishdir.  Aks holda ularga bunday  media imkoniyat yaratib berilmagan bo‘lardi», – deydi Minhojiddin Mirzo.

Shuningdek, Markaz rahbari Smolinning O‘zbek milliy davlatchiligini  uch yarim ming yillik tarixga egaligidan bexabar emasligini, biroq uning shovinizm bilan  «emlangan tafakkuri azaldan buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqning kimligini tan olgisi kelmasligini aytadi.

«Bugun shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, o‘zining haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, ularning xatti-harakatida fashizmning qo‘lansa hidi anqiydi... Afsuski, shovinistlarning jinoiy harakatlari o‘zlarining jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘ta ayanchlidir.   Aslida, Mixail Smolin va unga o‘xshash «siyosatdon»larning og‘zida aylanayotgan «til» qora niyat egasining tilidir. 

«SSSR» deb nomlangan, allaqachon tarix axlatxonasiga itqitilgan imperiyani tiriltirish – amalga oshirib bo‘lmaydigan xom-xayoldan boshqa narsa emas. Tarixdan yaxshi bilamiz: faqat olchoqlik va zo‘ravonlik bilan kun ko‘rgan bu «imperiya» zuluk singari boshqa xalqlarning mehnati orqali «yashab» kelgan. Bugun prilepinlar, smolinlar yana o‘sha «sovet»ning istibdod asosiga qurilgan tuzumini qo‘msab ayyuhannos solishmoqda», – deb yozadi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari.

U, shuningdek, jamiyatni bunday xurujlardan, zaharli g‘oyalardan saqlash uchun O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televedeniye kanallari hamda internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash maslasini ko‘rib chiqishni vaziyatning o‘zi taqozo etayotganini ta’kidlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring