Ta’limni rivojlantirishga 7 yilda 216 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi – Prezident
Bugungi muloqotda Prezident Mirziyoyev ta’lim va tarbiya sohasidagi barcha o‘zgarishlar markazida bilimdon, ijodkor, vatanparvar va jonkuyar muallim shaxsi turishi kerakligini ta’kidladi.
Aks holda sohaga yo‘naltirayotgan shuncha mablag‘, qurilayotgan bino va inshootlar, moddiy-texnik baza havoga sovurilgandek bekorga ketishi qayd etildi.
«Biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Davlatning, xalqning peshona teri bilan topgan boyligi, birinchi navbatda, yosh avlod tarbiyasi uchun, kelajagimiz uchun ishlashi shart», - dedi Prezident.
Davlat rahbari sohada amalga oshirilayotgan katta ishlar borasida ba’zi misollarni keltirdi.
O‘tgan 7 yilda ta’limni rivojlantirishga jami 216 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun budjetdan 19,5 trillion so‘m sarflanib, 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bog‘cha rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi.
Xususiy ta’limga keng imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bog‘chalar 250 tadan 30 mingtaga ko‘paydi.
Bu moddiy resurslar birinchi navbatda intellektual-ma’naviy resurslar bilan to‘ldirilishi kerakligi, shundagina ta’limda sifat, samara bo‘lishi ta’kidlandi.
Intellektual-ma’naviy resurslar – bu avvalo o‘qituvchining bilim va tajribasi, mahorati, uning madaniy darajasi, ma’naviy saviyasi deganidir.
Albatta, bunday uyg‘unlikka erishish oson emas. Buning uchun katta-katta mablag‘lardan tashqari ulkan insoniy resurs, bilim va tajriba, kadrlar salohiyati, eng muhimi, o‘qituvchilarning vatanparvarlik fazilatlari talab etiladi.
Ayni vaqtda, bugungi kunda ta’lim sohasida strategik tafakkur zarur. Bu nima degani?
Bu o‘n-o‘n besh yil oldinni ko‘rib, ta’lim maskanlarini faqat bugungi kun uchun emas, kelajak uchun ishlaydigan darajaga ko‘tarish degani.
Chunki ta’limda, ma’rifatda orqada qolganlar – hech shubhasiz, taraqqiyotda ham orqada qoladi. Bu – tarixda isbotlangan haqiqat.
«Har bir o‘qituvchi va murabbiy, bog‘cha mudirasi, maktab direktori ma’lum ma’noda strateg bo‘lishi zarur.
Ular avvalo el-yurt taqdiri va kelajagini hal qiladigan ulug‘ maqsadlar yo‘lida xizmat qilayotganlarini chuqur anglab yetishlari va shu asosda harakat qilishlari lozim», - dedi davlat rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter