Srechko Katanets: «Bu futbol, mag‘lubiyatni qabul qilishimiz lozim»
Osiyo kubogi chorak final bosqichidan o‘rin olgan Qatar va O‘zbekiston termalari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng, musobaqani tark etgan terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets matbuot anjumanida qatnashdi.
- Janob Katanets, o‘yindan keyingi fikrlaringiz bilan bo‘lishsangiz?
- Hammasini o‘zingiz ko‘rdingiz. Bunday o‘yindan keyin xafsalamiz pir bo‘lishi turgan gap. Futbolchilar o‘zlari ko‘rsatgan o‘yindan faxrlanishlari kerak. Yaxshi o‘yin o‘tkazdik. Penaltilar seriyasi esa har doim xavfli bo‘ladi. Biz musobaqani tark etdik. Bu futbol, mag‘lubiyatni qabul qilishimiz lozim. O‘yin davomida yaxshi harakat qilgandik. Kutilmaganda gol o‘tkazib yubordik. Hisobni tenglashtirib olganimizdan keyin Qatar hech qanday vaziyat yarata olmadi. Turnirda yomon ishtirok etmadik.
- Gol urganimizdan keyin nega tempni oshirib, yana hujum qilmadik? Nima sababdan himoyaga o‘tib oldik? Ruhiy ustunlik biz tomonda edi, hujumchi ham maydonga tushishi rejalashtirilgandi...
- Men ularga himoyalaning deb aytibmanmi? Men ularga ortga qaytib, himoyalaning deganim yo‘q. Dunyodagi biror murabbiy bunday demaydi. Bu futbolchilarga bog‘liq. O‘sha vaziyatdagi futbolchilarning ruhiy holatiga bog‘liq. Ikkinchi bo‘limda ko‘p pressing qildik. Futbolchilar ham tabiiyki charchab qolishdi. Biz durangdan qoniqib harakat qildik demagan bo‘lardim.
- O‘yindan oldingi matbuot anjumanida hakamlik haqidagi savolni berishga yo‘l qo‘yishmagandi, men aynan shu savolni qaytadan bermoqchiman. Bugungi hakamlik haqida nima degan bo‘lardingiz? Fayzullayevga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikda qizil kartochka yo‘qmidi?
-Hech narsa deya olmayman. To‘g‘risi, hakamlar chiqarayotgan qarorlar, VAR qanday ishlashini tushuna olmayman. Yaxshisi, bu mavzuga to‘xtalmay qo‘ya qolaman.
- Jamoa mashg‘ulotlar jarayonida penaltilar seriyasiga tayyorlanganmidi? Bugungi seriyada muvaffaqiyatsiz harakat qilishimizga sabab nima?
- O‘yinda doim boshqacha bo‘ladi. Penaltilar seriyasi har doim xavfli bo‘lgan. Mashg‘ulotlar jarayonida qanday penaltini amalga oshirmaylik, haqiqiy o‘yinda bari qiyinroq.
- Uchrashuv so‘nggida zaxiradan futbolchi tushirishga harakat qildingiz, ammo bunga vaqt yetmadi. Reja nimadan iborat edi?
- Penaltilar seriyasi uchun Iskanderovni maydonga tushirmoqchi edik, ammo ulgurmadik.
- Janob Katanets, O‘zbekiston termasi Osiyo kubogidan chiqib ketdik. Turnirdagi ishtirokimizdan qanchalik qoniqdingiz?
- Yuqorida aytib o‘tdim. Osiyo kubogida ko‘rsatgan natijamizdan qoniqish hosil qildim. Biz yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Shuncha jarohat va muammolar bilan chorak final bosqichiga chiqqanimiz men uchun qoniqarli natija hisoblanadi.
- Bu Osiyo kubogida O‘zbekiston termasi avvalgi yillarga qaraganda ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Jahon chempionati va keyingi musobaqalarda termaning rejalari qanday bo‘ladi?
- Tez orada JCh saralashi. Terma jamoamiz kelajagini ishonsa bo‘ladigan yoshlar bizda yetarli. Ular o‘sib kelishmoqda. Ushbu musobaqada ham yosh futbolchilar yaxshi harakat qilishdi. Mart oyida FIFA kunlari bo‘ladi. Ushbu o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Musobaqadagi ishtirokimiz yomon chiqqani yo‘q. Mavjud imkoniyatlardan yaxshi natija qayd etdik deb o‘ylayman. Kimdir qoniqmagan bo‘lsa, bu ularning muammosi. Masalan, birinchi o‘yinda Suriya bilan durang qayd etganimizda ko‘pchilik bizni tanqid qildi. O‘zbekistonlik jurnalistlar yoki yana boshqa shaxslar Suriyadan oson raqib yasab qo‘yishgandi. Biz durangdan qoniqmagandik. Suriya terma jamoasi esa Eron bilan qanday o‘yin ko‘rsatganini barcha ko‘rdi. Eronliklar faqatgina penaltilar seriyasidagina g‘alaba qozona olishdi.
Manba : championat.asia
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter