Qatar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun kvotalar sonini oshirmoqchi
O‘zbekiston Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi mutasaddilaridan iborat delegatsiya a’zolarining Qatar davlati Mehnat vaziri o‘rinbosari Shayha Najva Bint Abdulrahmon Al-Soniy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot har tomonlama konstruktiv kechdi. Najva xonim mamlakatida ishchi kuchiga talab yuqori ekanligini alohida qayd etdi. Qatarga malakali ishchi kuchini jalb qilish yuzasidan O‘zbekiston bilan katta loyihalarni amalga oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
«Hozirda Qatarda 560 nafar o‘zbekistonlik turli sohalarda mehnat faoliyatini olib boryapti. Bu tomonlar o‘rtasidlagi mavjud salohiyatni namoyon etmaydi. Buni bir necha karraga ko‘tarish uchun imkoniyatlar bor. Ayni omillarga e’tibor qilib, biz O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha hamkorlikga, Qatar Mehnat vazirligi sifatida o‘zbekistonliklar uchun kvotalar sonini keskin oshirishga tayyormiz», - dedi Qatar Mehnat vaziri o‘rinbosari Shayha Najva Bint Abdulrahmon Al-Soniy.
Uchrashuvda muhim hujjatga qo‘l qo‘yildi.
Migratsiya agentligi va Qatarning eng yirik davlat rekruting kompaniyasi «Jusour» bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu o‘z ichiga tibbiyot, turizm, mehmonxona biznesi, IT, muhandislik va boshqa sohalar mutaxassislarini Qatar bozoriga yo‘naltirish imkonini beradi. «Jusour» kompaniyasi ish beruvchilarning juda katta tarmog‘i bilan hamkorlik qiladi va bu ish o‘rinlarini tezkor topish va joylashtirishga xizmat qiladi.
Qatarda ishlamoqchi bo‘lgan nomzodlarni O‘zbekistonda til va kasbga tayyorlash bo‘yicha loyiha amalga oshiriladi. Uchrashuvda, O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi sohasidagi salohiyati taqdimoti ham o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter