Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident marhum akademik Behzod Yo‘ldoshev oilasiga hamdardlik bildirdi

Prezident marhum akademik Behzod Yo‘ldoshev oilasiga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Behzod Yo‘ldoshev kecha, 28 avgust kuni vafot etgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ta’ziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Davlat rahbari marhumning ezgu ishlarini, Vatan oldidagi xizmatlarini yodga oldi.

Behzod Yo‘ldoshev 1945-yil 9-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1968-yilda Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti stajyor-tadqiqotchisi sifatida boshlagan. Yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan olim Yadro fizikasi instituti direktori, Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimlarida o‘zining yuksak ilmiy va tashkilotchilik salohiyatini namoyon etgan. Yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy natijalarni iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘llash ishlariga munosib hissa qo‘shgan. U Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikda va universitetlarda ishlagan, ko‘plab  yirik loyihalarga rahbarlik qilgan.

B.Yo‘ldoshev Oliy Majlis deputati, keyingi vaqtda Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib borib, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda fidoyilik ko‘rsatdi.

Akademik B.Yo‘ldoshevning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» faxriy unvoni, «Fidokorona xizmatlari uchun» va «Mehnat shuhrati» ordenlari, Beruniy nomidagi davlat mukofoti, «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» unvoni bilan mukofotlangan edi.

Davlat rahbari marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Ular tashrifi va dalda so‘zlari uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring