Pora bilan qo‘lga tushgan IIB kiberxavfsizlik bo‘linmasi xodimi qamaldi
Navoiy viloyat IIB tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor vakili lavozimida ishlagan xodim Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi.
Navoiy shahar sudida ko‘rib chiqilgan mazkur jinoyat ishi tafsilotlarida qayd etilishicha, sudlanuvchi X.M. davlat organining mansabdor shaxsi bo‘lgani holda, yuqoridagi mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, o‘z ish vakolatiga kiradigan masalani fuqarodan pul talab qilish orqali hal etishni ko‘zlagan.
Gap shundaki, fuqaro R.J.ning tanishi (ayol)ga joriy yilning aprel oyida noma’lum shaxslar qo‘ng‘iroq qilib, uning nomiga tijorat banklaridan jami 62 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘larini noqonuniy ravishda chiqarib, so‘ngra ushbu kredit mablag‘larini ayolning bank plastik kartasiga tushirgan holda yechib olgan.
X.M. esa R.J.ning ushbu shaxslarni topishda amaliy yordam so‘raganidan foydalanib, viloyat IIB TQX kiberxavfsizlik katta tezkor vakili sifatida internet tarmog‘i, kompyuter axboroti hamda dasturlari, elektron to‘lov tizimlari, telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash, qarshi kurashish hamda ularni oldini olish uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri mansab vakolatlariga kirishini bilgani holda, ushbu qonuniy vazifalarini bajarish evaziga undan pul talab qilgan va 2024 yil 11 iyun kuni Navoiy shaar Ibn Sino ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kimyoviy ishlov berilgan 600 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sudlanuvchi sud majlisida, aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. Shuningdek, sudda fuqarodan pul talab qilmaganini, tadbir o‘tkazilgan kunda unga haqiqatda fuqaro pul berganini, u tadbir bo‘layotganini payqab pullarni og‘ziga solib olganligini, so‘ngra avtomashinani niqobli shaxslar ochib, uni qo‘lini qayirib avtomashinadan tushirishib, qo‘lini orqaga qilgan holda kishan solishganligi va u og‘zidagi pullarni chiqarib berganligini aytgan.
Sud, sudlanuvchi X.M.ning jinoyat sodir etganlikdagi aybi, uning o‘zini aybiga to‘liq iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvlaridan tashqari, guvohlarning ko‘rsatmalari, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2024 yil 11 iyulda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi kabi dalillar yig‘indisi bilan o‘z isbotini topdi deb hisobladi.
Sud, sudlanuvchi X.M.ni JKning 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga mazkur modda bilan 2 (ikki) yil muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida ishlash huquqidan mahrum etilgan holda 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Shu tariqa sudlanuvchi X.M. jazoni manzil-koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, sudlanuvchi IIV tizimida 2011 yildan, Navoiy viloyat IIB TQX Kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor vakili lavozimida esa 2023 yilning fevral oyidan buyon xizmat qilib kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter