Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston fevralda xorijiy investorlari bilan 16 mlrd dollarlik shartnomalar imzolagan

O‘zbekiston fevralda xorijiy investorlari bilan 16 mlrd dollarlik shartnomalar imzolagan

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonga 2024-yilning shu davriga nisbatan 3 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilingan va o‘zlashtirilgan.

Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Jamshid Xo‘jayevning ta’kidlashicha, bu «xorijiy hamkorlarning ishonchi ortib borayotgani» bilan izohlanadi.

Xo‘jayev barcha hududlar sarmoya jalb qilish, xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro sherikchilik qilish, biznes uchun qulay shart-sharoit yaratish masalalarida faolroq harakat qilishlari kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, fevral oyida tadbirkorlar va viloyat rahbarlari Malayziya, Indoneziya, Quvayt, Xitoy, Gruziya, Shvetsiya va boshqa davlatlarga xizmat safarlarida bo‘lgan.

Ushbu tashriflar natijasida umumiy qiymati 12 milliard dollardan ortiq 178 ta istiqbolli shartnoma imzolandi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Fransiya, Turkmaniston, Rossiya, Germaniya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Yaponiya, Vetnam va boshqa davlatlardan 40 dan ortiq xorijlik tadbirkorlar mamlakatimizga kelgan. Muzokaralar natijasida umumiy qiymati 3,8 milliard dollarlik 51 ta yangi investitsiya shartnomasi imzolandi.

Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari yangi shartnomalar imzolash bilan birga, allaqachon imzolangan loyihalarni amalga oshirishga ham e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu borada tashqi savdo-iqtisodiy maslahatchilar, xalqaro investorlar va tadbirkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Birinchi chorak yakunlari bo‘yicha 8 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Xususan, bu maqsadda xorijiy banklar tomonidan kredit liniyalari taqdim etish jarayoni jadallashtirilib, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik mexanizmlari kengaytirilmoqda.

Investitsiyalarni samarali jalb etish maqsadida maqsadli biznes missiyalari tashkil etilib, O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro ko‘rgazmalardagi ishtiroki ortib bormoqda. Mart oyida infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring