O‘zbekistonliklar Afg‘onistonga 200 mln dollarlik sarmoya kiritmoqchi

Joriy yil 1-mart kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Surxondaryo viloyatidagi «Termiz xalqaro savdo markaziga tashrif buyurgan Afg‘oniston Savdo vaziri Nuruddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Uchrashuv Islom Amirligidan O‘zbekistonga oliy darajadagi delegatsiya tashrifi yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan.
«Tolonews» nashrining yozishicha, uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonning Afg‘onistonga kiritayotgan sarmoyalari, qiymati 200 million dollardan ortiq sabzavot va mevalarni qayta ishlash korxonalarini barpo etish, Hayraton portida iqtisodiy-savdo majmuasini qurish, ikki davlat savdogarlari uchun uzoq muddatli biznes vizalarini osonlashtirish kabi masalalarni muhokama qilgan.
«Balx, Samangan va Qunduz viloyatlarida dastlabki bahosi 200 million dollardan ortiqqa baholanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, parrandachilik, farmatsevtika sanoati, sement va qurilish materiallari ishlab chiqarish, bog‘dorchilik hamda meva-sabzavotlarni qayta ishlash kabi loyihalar muhokama qilindi», – deydi Afg‘oniston Islom amirligi Sanoat va savdo vazirligi matbuot kotibi Oxundzoda Abdul Salam Javad.
Nashr, shuningdek, ayni paytda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘zini Afg‘onistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri deb bilishi va bunday uchrashuvlarni ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim deb qarashini ta’kidlaydi.
Jumladan, Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi a’zosi Xanjan Aloko‘zoy har ikki mamlakat transport vositalarining erkin harakatlanishi uchun o‘zaro transport, tranzit va logistika xarajatlari kamayishi kerakligini ta’kidlagan.
«Shundagina biz Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston orqali tranzit yo‘nalishlarimizni kengaytirishimiz mumkin», – deydi u.
Ma’lumot uchun, 1-mart kuni Termizda bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama muzokaralar haqida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati am ma’lumot bergan va unda o‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangani qayd etilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter