O‘zbekiston ekologiyaga doir Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi mumkin
Senatning navbatdagi majlisida «Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998 yil 25 iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi Qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur Konvensiya insonning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanadi. Konvensiyaning asosiy tamoyillari O‘zbekistonning milliy ekologik strategiyasi mos keladi. Mamlakatning ushbu konvensiyaga qo‘shilishi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beradi va quyidagi huquqlarni kafolatlaydi:
- fuqarolarning davlat organlarida mavjud bo‘lgan ekologik axborotni olish huquqi;
- fuqarolarning atrof-muhit holatiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan, xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq reja va dasturlar, strategiyalar va qonun hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etish huquqi;
- fuqarolarning axborotdan foydalanish yoki jamoatchilik ishtiroki bilan bog‘liq huquqlari buzilgan hollarda ularni sudda ko‘rib chiqish jarayonlarida ishtirok etish huquqi.
Konvensiyaga qo‘shilish atrof-muhit sohasidagi milliy qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratining zamonaviy tizimini rivojlantirish uchun asos bo‘ladi. Qolaversa, O‘zbekistonning demokratik rivojlanishi va ekologik xavfsizlikka bo‘lgan sa’y-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilib, xalqaro maydondagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter