Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘rta yer dengizi va qirg‘oqdagi Antaliya: sayyohlarni nimalar jalb qilyapti?   

O‘rta yer dengizi va qirg‘oqdagi Antaliya: sayyohlarni nimalar jalb qilyapti?   

Yillar davomida Turkiyaning eng mashhur dam olish maskanlaridan biri bo‘lgan Antaliya har xil yoshdagi mahalliy va xorijiy sayyohlarning e’tiborini tortib keladi. Bu har bir sayyohning ideal dam olish umidlarini qondiradigan imkoniyatlar bilan bog‘liq.

Ushbu hudud nafaqat ajoyib plyajlari va yuqori xizmat ko‘rsatish standartlarini taklif etadi, balki o‘zining madaniy merosi bilan ham ko‘plab sayohatchilarni jalb qiladi.

Antaliya – Turkiyaning eng xushhavo va xushmanzara mintaqalaridan biri bo‘lib, u yerga sayohat uyushtirish uchun sabablar yetarlicha. Quyida shunday sabablarning asosiy 10 tasini sanab o‘tamiz.

O‘rta yer dengizi va ajoyib plyajlar

Antaliyaning mashhur dam olish shahriga aylanishida dengiz, qum va quyosh uchligi muhim ahamiyat kasb etadi. Dengizi akvariumdek jonli Antaliya plyajlariga xoh oilaviy, xoh yolg‘iz boring, shahar nima uchun bunday sevimli dam olish maskani ekanligiga shohid bo‘lasiz. Antaliya tabiati va musaffo suvlarida ilgari hech qachon boshdan kechirmagan sokinlik va osoyishtalikni his etasiz.

Afsonaviy Likiya yo‘li

Fethiyedan boshlanib Antaliyagacha cho‘zilgan Likiya yo‘lidagi maxsus yo‘llar Onado‘lidagi ko‘plab qadimiy tamaddunlarni kuzatish, Antaliya tarixiga va boshqa tomondan esa shaharning hayratlanarli tabiiy go‘zalliklariga guvoh bo‘lish imkonini beradi.

Qiziqarli va sarguzashtli sayohatlar

Sarguzashtlarga boy ta’til istovchi sayyohlar uchun ham Antaliya mukammal tanlov bo‘lishi mumkin. Antaliyaning turli mintaqalarida paraplandan raftingga, «off-road» sayohatlaridan kanon sayohatlariga qadar ko‘plab faoliyatlar ta’til davrida o‘zgacha hayajon va zavq berishi mumkin.

Juftliklar uchun shohona takliflar

Antaliya juftliklarga romantik ta’til o‘tkazish uchun muhtasham maskan ham hisobalanadi. Bundan tashqari, turmush tashvishlaridan biroz uzoqlashib, umr yo‘ldosh bilan maroqli hordiq gashtini surish imkoniyatlarini ham taqdim etadi.

Tarixiy va madaniy boylik

Antaliya qadimiy shaharlar ko‘chalarida va asrlarga tengdosh binolar soyasida sayr qilishni xohlovchilar uchun ham ajoyib maskan. Shahar o‘zining boy madaniyati va qadimiy tamaddunlarga mezbonlik qilgan uzoq tarixi bilan sayohatchilarni maftun qiladigan ko‘plab variantlarni taklif etadi.

Qulay va shinam mehmonxonalar

Ana shunday tarixiy, madaniy va tabiiy go‘zalliklarga ega bo‘lgan Antaliyani jozibali dam olish maskaniga aylantirgan yana bir xususiyat barcha imkoniyatlarni qamrab olgan mehmonxona va turli ehtiyoj hamda talablarga javob beradigan mehmonxona va xostellardir.

Tabiiy go‘zalliklar

Antaliyada unutilmas dam olishni ta’minlaydigan yana bir omil - bu ko‘plab tabiat go‘zalliklarini ko‘rish imkoniyatidir. Noyob plyajlar, sharshara va o‘rmonlar shahar tabiiy go‘zalliklaridan faqat bir nechtasi, xolos. Bundan tashqari, suv ostida kashf qilinadigan mo‘’jizalar ham bisyor.

Apelsin va apelsin mahsulotlari

Agar siz apelsinlarni yaxshi ko‘rsangiz, demak Turkiya apelsinining to‘rtdan birini yetishtiradigan Antaliya kurortlariga tashrif buyurish uchun yana bir sababingiz bor. Antaliyaning Finike tumanida yetishtirilgan apelsin dunyoda yetishtirilgan eng mazali apelsinlardan biri hisoblanadi.

Oilalar uchun munosib dam olish imkoniyatlari

Antaliya o‘zining sayyohlik joylari va bolalar uchun qulay mehmonxona imkoniyatlari tufayli oilalar uchun eng ko‘p afzal ko‘rilgan shaharlardan biridir. Mehmonxonalar, shuningdek, akvaparklar, bolalar uchun dasturlarni ishlab chiqadigan muzeylar va dunyodagi eng katta tunnel akvariumiga ega shahar bolalar uchun qiziqarli va yangi narsalarni o‘rganish uchun takrorlanmas imkoniyatlarni taqdim etadi.

Tanlash erkinligi

Antaliyaning jozibasi deyarli har bir ta’til umidlarini qondira oladigan imkoniyatlarni taklif qilishidadir. Belekda Tayger Vuds kabi mashhur golfchilarning turnirlarda qatnashadigan maydonlarida golf o‘ynashingiz, 200 dan ortiq cho‘milish havzalarida cho‘milishingiz, Antaliyaning o‘ziga xos tungi hayotida sayr qilishingiz mumkin. O‘rta yer dengizi oshxonasining eng yaxshi taomlarini tatib ko‘rish imkoniyatingiz ham bo‘ladi.

Unday bo‘lsa manzil: Antaliya!

Antaliyada turli xil didga ega bo‘lgan barcha yoshdagi mehmonlar juda ko‘p tengsiz imkoniyatlar mavjudligi bilan noyob ta’tilni boshdan kechirishlari mumkin. Bu xususiyati bilan Antaliya nafaqat Turkiyada, balki dunyoda yozgi ta’tilni o‘tkazish uchun eng rang-barang shaharlardan biri sifatida ajralib turadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring