Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qadimgi Xettlar imperiyasi va tamadduni: Hayrat ichidagi Onado‘li

Qadimgi Xettlar imperiyasi va tamadduni: Hayrat ichidagi Onado‘li

Turkiya madaniy merosi jozibadorligining muhim qismini Onado‘li yarim orolida hukmronlik qilgan ko‘plab sivilizatsiyalar izlarida ko‘rish mumkin. Xususan, xettlar ushbu o‘ziga xos madaniy mozaikaning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, Onado‘lining ilk kuchli va nufuzli imperiyasi edi.

Ulkan Xett imperiyasi hududlari hozirgi Onado‘li bo‘ylab keng yoyilgan va Xett xarobalari Turkiyaning Markaziy Onado‘li mintaqasidagi Chorum viloyati chegaralarida joylashgan. Xett yo‘li Turkiyada kam o‘rganilgan tarixiy yo‘l bo‘lsa-da, Xett sivilizatsiyasining qadim manzilgohlarini kashf qilish va uning boy madaniy merosi bilan tanishish imkoniyatini beradi. Bu qudratli imperiya o‘zining 450 yillik hukmronligi davrida insoniyat tarixi va madaniyatiga behisob hissa qo‘shgan.

Xettlarning bronza davri merosi: Alajaho‘yuk

Uzunligi 385 kilometr bo‘lgan Xett yo‘lida bir-biridan taxminan 236 kilometr masofada joylashgan 17 ta piyoda yurish yo‘llari va tog‘ velosiped yo‘llari kabi oltita muqobil yo‘nalish mavjud. Marshrutning asosiy nuqtalari Xett poytaxti Xattusa, imperiyaning eng yirik shahri Alajaho‘yuk va Onado‘lining birinchi harbiy va ma’muriy markazi Sapinuva hisoblanadi.

Yo‘lning o‘zagini Bog‘azkale-Xattusa-Sapinuva, Alajaho‘yuk-Alaja-Sapinuva va Bog‘azkale-Alajaho‘yuk yo‘nalishi tashkil qiladi. Alajaho‘yuk, Bog‘azkale va Injesu yo‘nalishida yaxshi jihozlangan mehmonxonalar, bungalovlar (bir qavatli uy), yotoqxonalar va lager kabi turar joy turlari mavjud. Xett yo‘lida yovvoyi tabiat va tarixiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniyati, kanon yurish yo‘llari mavjud, shuningdek, Chorumga xos taomlar juda ko‘p.

Alajaho‘yuk Chorumning uchta muhim Xett shahridan biri va Xett yo‘lining boshlang‘ich nuqtasidir. Turkiyaning ilk milliy qazishma ishlari olib borilgan hududlaridan biri va bronza davri arxeologiyasiga qiziqqan har bir kishi tashrif buyurishi kerak bo‘lgan joy bo‘lib, hududda 6000 yildan ko‘proq vaqtdan buyon hayot mavjud. Uning xazinalari Xett davrlariga borib taqaladi. Alajaho‘yukdagi Xett aholi punktlari keng mudofaa tizimlari va bosqinlarning oldini olish uchun qurilgan kuchli darvozalari bilan diqqatni tortadi.

Sfenks darvozasi shaharning ikkita asosiy kirish darvozalaridan biri bo‘lib, minoralar, tosh bloklar va tashqi devorida o‘yma naqshlar mavjud. Alajaho‘yuk haqidagi to‘liq ma’lumotni Anqaradagi Onado‘li sivilizatsiyalari muzeyidan topish mumkin. Muzeyda shaharning eng muhim topilmalari, jumladan, Xett tamadduni va san’atining timsoli hisoblangan Sfenks darvozasining asl bezaklari va qirollik qabrlaridan topilgan qabr sovg‘asi bo‘lgan kumush naqshli bronza kiyik haykalchasi, Xett davriga oid kumush naqshli bronza buqa haykalchasi kabi noyob antik davr xazinalari mavjud.

Qadimgi Xett poytaxti: Xattusa

Manzilning keyingi bekati Bog‘azkale tumanida joylashgan Xattusa shahridir. Shahardan topilgan 30 000 ta loy lavhaning ko‘pchiligida «Mingta xudolar shahri» nomi bilan tilga olingan Xattusa 450 yil davomida Xett sivilizatsiyasining poytaxti bo‘lgan va YuNESKOning Jahon madaniy merosi hamda «Jahon xotirasi» reyestriga kiritilgan. Kadesh tinchlik shartnomasi loy lavhalar orasida ma’lum bo‘lgan qadimgi tinchlik shartnomasi bo‘lib, ushbu lavhalar hozirda Istanbul arxeologiya muzeylaridan Qadimgi Sharq san’ati muzeyida saqlanmoqda.

Uzoqdan qaralganda atrofi yashillik bilan o‘ralgan ulkan tosh jumboqni eslatuvchi Xattusa, shubhasiz, ibodatxona xarobalari, monumental darvozalari, qirollik binolari va shahar devori qoldiqlari bilan diqqatga sazovor ochiq osmon ostidagi muzeydir. Eng muhim inshootlardan biri bo‘ron xudosi Teshub va quyosh ma’budasi Arinnaga bag‘ishlangan Buyuk ibodatxonadir. Shaharga kirishni ta’minlovchi Sfenks darvozasi va Qirol darvozasi kabi haybatli monumental darvozalar ham xarobalar orasidagi ramziy yodgorlikdir.

Qadimiy Xattusa shahridan qazib olingan artefaktlar va yodgorliklar Anqara Onado‘li stivilizatsiyalari muzeyi va Bog‘ozko‘y muzeyida namoyish etiladi.

Xettlarning diniy markazi: Sapinuva

Xett yo‘lidagi so‘nggi bekat - Sapinuva. Bugungi O‘rtako‘y tumanida joylashgan shahar siyosiy va geografik joylashuvi tufayli Xettlar davrida muhim harbiy va diniy markaz bo‘lgan. Sapinuva keng qamrovli shahar bo‘lib, unda ikkita bo‘ron xudosi nomiga alohida qurilgan ikkita ibodatxona va malika saroyi va armiya qo‘mondonligi kabi muhim muassasalar joylashgan.

Bundan tashqari, shaharda 4000 ga yaqin Xett mixxat lavhalari topilgan. Xett sivilizatsiyasiga oid muhim hujjat hisoblangan ushbu lavhalar hozir Chorum arxeologiya muzeyi kolleksiyasining bir qismidir. Sapinuva yaqinidagi Alaja choy vodiysi va Injesu kanoni tashrif buyurishga arzigulik maskanlardan hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring