Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JPK hamda «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda

JPK hamda «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi;
  • gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ta’minlanishi;
  • aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi;
  • gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi;
  • hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi;
  • agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi;
  • shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi.

Deputatlar ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishiga, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarning Yangi O‘zbekiston g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarilishiga, fuqarolarning sud orqali himoya qilinish huquqi kafolatlarini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring