Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jinoyat kodeksiga mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilishiga doir yangi moddalar qo‘shiladi

Jinoyat kodeksiga mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilishiga doir yangi moddalar qo‘shiladi

Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, 149-modda  “Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish” o‘zgartiriladi va asar, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i va integral mikrosxema topologiyasiga bo‘lgan mualliflikni o‘zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek ushbu intellektual mulk ob’yektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular rasman e’lon qilingunga qadar muallifning roziligisiz oshkor qilish BHMning ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Agarda o‘sha harakatlar takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda hamda juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi;

Shu bilan birga kodeks mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish jinoyatini malakalaydigan 1491 – 1493-moddalar bilan to‘ldiriladi.

Unga ko‘ra, asarlardan yoki turdosh huquqlar ob’yektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’yektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning e’tiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar ob’yektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari to‘g‘risida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolg‘on axborotni ko‘rsatish ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar, takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib hamda  juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring