Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Homiladorlik ta’tilidaman: «keyingisi»ga ulab yuborsam ham «dekret puli» to‘lanadimi?

Homiladorlik ta’tilidaman: «keyingisi»ga ulab yuborsam ham «dekret puli» to‘lanadimi?

Savol: Yangi tahrirda chop etilgan Mehnat kodeksiga asosan ishchi xodimlarga yetarli mehnat sharoitlarni yaratmaganlik uchun qanday javobgarliklar mavjud?

Mehnat kodeksi 25-moddasida ish beruvchining majburiyatlari belgilangan. Masalan, xodimlarni o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, asboblar, texnik hujjatlar va boshqa vositalar bilan ta’minlashi; xodimlarga berilishi lozim bo‘lgan ish haqini ushbu Kodeksga, jamoa shartnomasiga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga, mehnat shartnomalariga muvofiq belgilangan muddatlarda to‘liq hajmda to‘lashi va boshqa yana bir qator majburiyatlar ish beruvchi zimmasiga yuklatigan.

Agar ish beruvchi ushbu majburiyatlarni bajarmasa qonunchilikda belgilangan tartibga javobgar bo‘ladi. Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda (3 million 300 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksi 148 (Mehnat qilish huquqini buzish), 257-moddalarida (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) ham javobgarlik belgilangan.

Savol: xodim homiladorlik ta’tilida 70 kun bo‘lib, so‘ng yana 30 kun yillik ta’til ham olsa, shu muddat ichida uning ish o‘rni bo‘sh turadimi? Uning ish vazifalari boshqa xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lanmaydigan ish sifatida taqsimlanadimi?

Ko‘pchilikda homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayolning o‘rniga muddatli mehnat shartnomasi tuzish mumkin emas degan no‘to‘g‘ri fikr shakllanib qolgan. Bu holatda qonunchilikda hech qanday cheklov yo‘q, bemalol muddatli mehnat shartnomasi tuzish mumkin. MK 112-moddasiga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq ish joyi o‘zida saqlanib qoladigan, yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqti uchun muddatli mehnat shartnomasi tuziladi. Ya’ni homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan xodimning ish joyi saqlanadi hamda uning o‘rniga boshqa xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzish qonuniy hisoblanadi. Yoki homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan xodimni vazifasi MK 116-modddasiga ko‘ra boshqa bir shaxsga yuklatilishi ham mumkin hamda MK 259-moddasida belgilangan tartibda haq to‘lanadi.

Bundan tashqari, MK 141-moddasiga ko‘ra, Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodim boshqa ishga bir yil muddatgacha vaqtincha o‘tkazilishi mumkin, bunday o‘tkazish qonunga muvofiq o‘zining ish joyi saqlanib qolinadigan vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning o‘rnini egallash uchun amalga oshirilayotgan taqdirda ushbu xodim ishga chiqquniga qadar o‘tkazilishi mumkin.

Savol: men maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Birinchi farzandimda «dekret puli» oldim. Hozir ikkinchi farzandim uchun homiladorlik ta’tilidaman va bu uchun ham «dekret puli» olganman. Hali ta’tildan ishga chiqmadim.

Hozirda 8 va 5 yosh farzandlarim bor: uchinchi farzandimga homiladorman. Aytingchi, uchinchi farzandimga «dekret puli» olishga haqqim bormi?

Farzandlar soniga hech qanday cheklov yo‘q. «Dekret»ni  keyingisiga ulasangiz ham takroriy homiladorlik  uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asosda berilaveradi. Ya’ni 3-farzandingizga ham «dekret puli» olishga haqlisiz. Agar 4-ni ham ulab yuborsangiz, unga ham to‘lanaveradi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2015-yil 20-martdagi 25-son buyrug‘iga ilova «Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnoma 29-bandiga ko‘ra, bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’til yoki ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’tilda bo‘lgan ayollarning takroriy homiladorligi uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asosda beriladi.

Mehnat huquqiga doir savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring