Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Guliston shahar «elektroset» boshlig‘i qo‘lga tushdi (video)

Guliston shahar «elektroset» boshlig‘i qo‘lga tushdi (video)

Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i avvalgi lavozimida olgan porasi sabab qo‘lga olindi.

DXX axborot xizmati xabariga ko‘ra, u 2023-yilning may oyidan 2024-yilning may oyiga qadar ushbu korxonada elektr energiyasi oqimini hisobga olish va nazorat qilish muhandisi vazifasida ishlab kelib, savdo faoliyatini olib borishga ixtisoslashgan MChJning elektr energiyasidan 202 mln. 500 ming so‘mlik qarzdorligini tanishlari orqali hisobdan chiqartirib berish evaziga 90 mln. so‘m talab qiladi.

U 2023-yilning iyun-dekabr oylari davomida tadbirkordan jami 78 mln. so‘m oladi, ammo, va’dasini ustidan chiqa olmasdan, ya’ni, qarzdorlikni bazadan o‘chirtira olmasdan, barcha olgan pullaridan dastlabki 3 mln. so‘mni uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi xususiy korxona rahbari esa o‘zining mansabdor tanishlari orqali, Namangan viloyatining Davlatobod tumanida barpo etilayotgan «Yangi Namangan shaharchasi»ni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun Kosonsoy shahridagi suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish loyihasini tender savdolarida yutib berish evaziga tadbirkordan 4 mlrd so‘m talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari ushbu noqonuniy ishga aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

Shuningdek, Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining Kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor xodimi Karmana tumanida yashovchi fuqaroning plastik kartasidan 62 mln. so‘m pul mablag‘ini noqonuniy yechib olgan shaxslarni aniqlab berish evaziga 600 AQSh dollari talab qiladi.

Bunday holatlarni fosh etish katta tezkor xodimning bevosita xizmat vazifasiga kirsada, u jabrlanuvchidan so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda, Yangiyer shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi katta inspektori probatsiya nazoratida turgan, joriy yilning fevral oyida sud hukmiga asosan JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan aybli deb topilib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan shaxsni jazoni Yangiyer shahrida o‘tamaslik, Toshkent shahrida erkin tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun yordam berish, yashash manzilini tekshirmaslik hamda chora ko‘rmaslik evaziga Yangiyer shahridan 2 xonali uyni sotib olib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i berishini talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta inspektor 400 AQSh dollari hamda 1 mln 260 ming so‘mni o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring