Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Erzurum: «2025-yil turizm poytaxti»

 Erzurum: «2025-yil turizm poytaxti»

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) tomonidan Erzurum «2025-yil turizm poytaxti» va «2025-yil Yevropa qishki sport poytaxti» deb e’lon qilindi. Erzurum o‘zining tarixiy yodgorliklari, mahalliy lazzatlari va Palando‘ken chang‘i markazi bilan dam oluvchilar va chang‘i sevuvchilarning tez-tez boradigan sevimli maskanlaridan biri hisoblanadi.

Palando‘ken chang‘i kurorti

Palando‘ken tog‘-chang‘i kurorti Turkiyadagi birinchi va eng ilg‘or chang‘i markazi bo‘lib, Erzurum shahar markazidan atigi 10 daqiqalik masofada joylashgan. Palando‘ken va Konakli tog‘-chang‘i kurortlarida jami 55 tog‘ -chang‘i yo‘lidan 40 tasi Xalqaro chang‘i va snoubord federatsiyasi (FIS) tomonidan tasdiqlangan. Palando‘ken tog‘-chang‘i markazida 44 ta tog‘-chang‘i yo‘li bor va uzunligi 51 km bo‘lib, ko‘plab qulayliklari bilan chang‘i ishqibozlari uchun e’tiborli maskanlardan biridir.

Tog‘ chang‘isi, snoubord, paraplan, alpinizm, muzga ko‘tarilish, qorda yurish, chang‘i safari va peyntbol kabi turli xil faoliyat bilan boyitilgan Palando‘ken ham professional sportchilar, ham havaskor sarguzasht sevuvchilar uchun ideal muhitni taqdim etadi.

Qo‘sh minorali madrasa

Erzurumning asrlar davomida ta’lim markaziga aylanishida «Xatuniya» madrasasi sifatida ham tanilgan egizak minorali madrasa katta rol o‘ynaydi. Turk islom me’morchiligida to‘rt ayvonli va ochiq hovlili madrasalarning eng muhim namunalaridan biridir. Saljuqiylar sultoni Alouddin Kayqubodning qizi tomonidan qurilgani aytiladigan ushbu binoning qaysi sanada qurilganligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Madrasa ikki minorasi bir-biridan farq qilishi bilan diqqatni tortadi. O‘ng tarafdagi ustunlar, devor qirralari va boshqa detallar ancha sodda tuzilishga ega bo‘lsa, chap tomondagi detallar yanada nafis va takomillashgan. O‘lchami 35x46 metr bo‘lgan madrasa o‘ziga xos go‘zal bezaklari va ko‘zni qamashtiruvchi estetikasi bilan shaharning eng muhim tarixiy obidalaridan biridir. Murot IV buyrug‘i bilan bir muddat kazarma sifatida foydalanilgani qayd etiladi. Bugungi kunda u muzey va ko‘rgazma zali sifatida xizmat qiladi.

Yakutiya madrasasi

Erzurumdagi Yakutiya madrasasi Onado‘lidagi yopiq hovlili madrasalarning eng yaxshi namunalaridan biridir. Hulokuiylarning mahalliy hokimi Xoja Yoqut buyrug‘i bilan 1310-yilda qurilgan inshoot Erzurum tarixiy va madaniy merosida muhim o‘rin tutadi.

Madrasa to‘rt ayvonli dizayn asosida qurilgan bo‘lib, hovlisi yopilgan. Hovli atrofida o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun hujralar mavjud. Bundan tashqari, binoning shimoliy jabhasidagi toj darvozasi va minoralar alohida ajralib turadi. Bu jihatlar turk islom san’atining nafis mahoratini aks ettiradi. Bugungi kunda muzey vazifasini bajarayotgan Yakutiye madrasasi Erzurumda ziyorat qilinadigan muhim tarixiy binolardandir.

Erzurum qal’asi

Qal’a Erzurumning markaziy tumanlaridan biri Yakutiya chegarasida joylashgan. U 415 yilda Vizantiya imperatori Feodosiy tomonidan qurilgan. U ikki qismdan iborat: ichki va tashqi qal’a. Ichki qal’a 8 ta qal’aga ega bo‘lib, uning hovlisida g‘ishtdan qurilgan eski hammom mavjud. Usmonlilar imperiyasi davrida ichki qal’aning shimoliy devori yonida «Ichki qal’a masjidi» qurilgan.

Soat minorasi

Erzurumning muhim tarixiy obidalaridan biri bo‘lgan Soat minorasi, Tarixiy Erzurum qal’asining janubi-g‘arbiy burchagida qurilgan. U 1124-1132 yillarda amir Muzaffar G‘oziy tomonidan kuzatuv minorasi va qal’a masjidining minorasi sifatida qurilgan. Eshikdan kirgandan so‘ng, 65 ta yog‘och zinapoya orqali minora tepasiga chiqiladi. Bundan tashqari minorada yozuv bor.

Uch maqbara

Shahar markazida joylashgan Uch maqbara o‘tgan davrlarda hukmron bo‘lgan monumental qabr an’analarining muhim namunalaridan biridir. Qo‘sh minorali madrasaning orqa tomonida joylashgan maqbaralar dizayni va bezaklari bilan diqqatni tortadi. Gumbazlar har xil o‘lchamda. Kesilgan toshlardan yasalgan gumbazlarda gul va hayvon siymolari bor.

Erzurum muzeyi

Erzurum viloyati o‘tmishdan hozirgi kungacha turli sivilizatsiyalarga mezbonlik qilgan qadimiy aholi punkti bo‘lgani uchun keng madaniy merosga ega. Ushbu madaniy merosni samarali targ‘ib qilish va taqdim etish Erzurum muzeyida amalga oshiriladi. Muzey qadimdan hozirgi kungacha o‘zining betakror va ibratli asarlari bilan e’tiborni tortadi.

Ata muz muzeyi

Turkiyadagi birinchi va yagona muz muzeyi bo‘lgan Otaturk universiteti Ata muz muzeyi muz ustida aks ettirilgan noyob san’at asarlari bilan mahalliy va xorijlik sayyohlarni o‘ziga rom qilmoqda. Muzey muz haykallari va san’at asarlari bilan badiiy va madaniy tajribani taklif etadi, bu esa, shubhasiz, barcha yoshdagi mehmonlar uchun unutilmas daqiqalarni taqdim etadi. Muzeyda muz nafis shakllarga aylanib, an’anaviy va zamonaviy san’atning uyg‘unlashtirilgan namunasi sifatida namoyish etiladi.

Otaturk uy muzeyi

Bugungi kunda Otaturk uyi deb ataladigan uy 19-asr oxirida Erzurumli badavlat kishi tomonidan qurilgan. G‘ozi Mustafo Otaturk va uning do‘stlari ozodlik urushi yillarida Erzurumga kelganlarida, bu qasrga joylashdilar, shundan keyin u tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Otaturk va uning do‘stlari 52 kunlik davr mobaynida Erzurum Kongressining ko‘p ishlarini va eng muhim yig‘ilishlarini shu yerda o‘tkazdilar. Saroy 1984 yilda muzeyga aylantirildi va Otaturk uy muzeyi sifatida ommaga ochildi. Uch qavatdan iborat bo‘lgan inshoot 1800 yillarning me’morchilik mahorati va xususiyatlari bilan diqqatni tortadi. Ichkarida G‘ozi Mustafo Kamol Otaturk, Kazim Karabekir posho va Raif Dinchga tegishli buyumlar bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring