Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Endilikda mediamahsulotlar «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkaziladi

Endilikda mediamahsulotlar «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkaziladi

Endilikda O‘zbekistonda mediamahsulotlar axloqsizlikni targ‘ib qilmasligi uchun «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkaziladi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanovning ma’lum qilishicha, bu tartib Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinomotografiya agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Milliy media birlashmasining birgalikdagi qarori bilan kelishilgan. 

«Bugun shiddatli davrda axborotlar ko‘lami va oqimi keng. Mediamakon zamonaviy, qiziqarli va dolzarb mavzudagi xilma-xil mediamahsulotlar bilan to‘ldirilmoqda. Lekin ularning barini ham sifat jihatidan ham, mazmun jihatidan ham milliyligimizga mos va xos, tarbiyaviy ahamiyati yuqori deb bo‘lmaydi. Shu boisdan ham yoshlar tarbiyasiga va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish va ularning sofligi, milliy axloqimizga moslik darajasini tahlil qilib borish ancha muhim», – deyiladi xabarda.

Shuning bilan tele va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino, qo‘shiq va kliplarni ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Qayd etilishicha, hozirga qadar ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlab bo‘lingan. Unga muvofiq,  ma’naviy ekspertiza guruhining asosiy vazifalari belgilangan.

Jumladan, soha mutaxassislaridan tarkib topgan guruh tomonidan O‘zbekiston hamda xorijda ishlab chiqilgan va O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan mediamahsulotlarning davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga zid, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi ahloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi holatlar mavjud va mavjud emasligi o‘rganiladi.

Mediamahsulotlarning yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetimizga ta’siri baholanadi.

Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari ko‘riladi.

Bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi.

Markaz tomonidan tayyorlangan videorolikda esa axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi mediamahsulotlar sifatida seriallar, klip va turli blogerlar tomonidan tayyorlangan videolar ko‘rsatilgan.

«Ma’naviy ekspertiza» loyihasining to‘liq ishlashi va jamiyatda kutilgan natijani berishi uchun esa Markaz barchani hamkorlikka chorlagan.

«Axloqsizlik va tarbiyasizliklar targ‘ib qilingan mediamahsulotlarni aniqlash, namoyish qilish va keng targ‘ibot qilish bo‘yicha bildirilgan har bir fikr, mulohaza va talif qimmatli. Zero ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlarni azaliy milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning asosiy vazifamizdir», – deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring