Chorvoqda gidrotsikli bilan ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan shaxsga hukm o‘qildi
Joriy yilning 20-iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Chorbog‘ suv ombori»da gidrotsikli bilan ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan 19 yoshli Q.F.ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudida hukm o‘qildi.
Sud tergovi bayonnomasida qayd etilishicha, Q.F. 2024-yil 20-iyul kuni soat 13:30 larda gidrotsiklni ijaraga olgan va amaldagi talablarni buzgan holda tegishli hujjatlarsiz boshqarib, suv omborning «Burchmullo» dam olish plyaji qismida ruxsat etilgan 10 km/soat tezlikdan yuqori (40 km/soat) tezlikda harakatlangan. Natijada fuqarolar O.I. va A.A. boshqarib ketayotgan katamaranni urib yuborgan. Bu vaqtda esa fuqarolar – S.A., J.A. va Z.U.lar mazkur katamaranning orqa tomoniga osilgan holatda kelayotgan bo‘lgan.
Ushbu daryo-transport hodisasi oqibatida ikki nafar fuqaro – S.A. va J.A.lar voqea joyida vafot etgan. Z.A. esa yengil tan jarohati bilan shifoxonaga murojaat qilgan.
Sudlanuvchi F.Q. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, ehtiyotsizlik oqibatida yo‘l qo‘ygan qilmishidan pushaymonda ekanligini bildirgan.
Jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakillari sudda sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, qasddan qilmaganligini inobatga olgan holda, imkoni bo‘lsa uni qamoqdan chiqarib yuborishni aytib ko‘rsatuv bergan.
Sud, sudlanuvchi F.Q. ning sodir etilgan jinoyatini O‘zbekiston Respublikasi JK 260-moddasining 3-qismi «a» bandi bilan to‘g‘ri malakalangan va ushbu moddalar bo‘yicha aybdor deb topdi.
Unga JKning ushbu moddasi bilan 3 (uch) yil ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter