Ayrim korxonalarga oltindan suvenir tangalar tayyorlash va sotish huquqi berilyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bugun, 24 dekabr kuni zargarlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabini qondirish, ularning rivoji uchun qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikda mavjud bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni liberallashtirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, 2027-yil 1-sentyabrga qadar «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni mol-mulk va yer solig‘idan ozod etish nazarda tutilyapti.
Shuningdek, affinaj korxonalariga (tarkibida qimmatbaho metal va qimmatbaho toshlar bo‘lgan xom ashyo bilan ishlash faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi korxonalar) qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shakl va miqdorlarga keltirgan holda sotish hamda qimmatbaho metallardan suvenir tangalar tayyorlash va realizatsiya qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda.
Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga ham o‘z navbatida o‘zlari yasagan zargarlik buyumlarining xomaki mahsulotlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilish huquqi berilmoqda. Qolaversa, yuridik va jismoniy shaxslardan qimmatbaho metallarni va zargarlik buyumlarini sotib olish faoliyati vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirishi belgilanyapti.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni bojxona to‘lovlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotuvga qo‘yish hamda chakana savdoda realizatsiya qilish taqiqlanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yurtimizda zargarlik sanoatini rivojlantirish, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvatlash va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter