Ulkan gumbaz ostidagi durdona (video)
Bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga OAV vakillari va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi. Ular markaz ekspozitsiyasi va noyob megaloyiha bilan tanishishdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmatining xabar berishicha, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni Shavkat Mirziyoyev markaz poydevoriga tamal toshi qo‘ydi.
Bugungi kunda muhtasham bino kad rostlab, yakuniy bosqichga o‘tilgan. Kiraverishda markazning tarixi va qurilishiga oid ko‘rgazma tashkil etilgan.
Markaz uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida bunyod etilgan. Sharqona naqshlar, issiq ranglar va simmetriya unga ajoyib ko‘rk bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoklar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Ushbu gumbaz tagida Kur’oni karim zali bo‘ladi. Bu yerda markaz durdonasi, Kur’onning eng qadimiy nusxasi Usmon Musxafi joylashtiriladi. Uning atrofida qoraxoniylar, g‘aznaviylar, somoniylar, saljuqiylar, temuriylar davrida bitilgan mukaddas kitobimiz nusxalari va ularning turkiy tarjimalari o‘rin oladi. Shuningdek, devorda jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlar suratlari ko‘yiladi.
Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulug‘larimizning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi urg‘ulangan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi olimlar hamda jadid bobolarimizning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan.
Markazda Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Nodirabegim, Uvaysiy kabi muhtarama momolarimizning buyuk ishlari alohida bo‘limda yoritilgan. Bu bugungi qizlar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat kiladi.
Markaz O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro markazlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirib boradi.
Xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YuNESKO, AYSESKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatiladi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida ilmiy konferensiyalar, forumlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Buning uchun ikkinchi qavatda anjumanlar zali ham bor.
Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, chiptaxona, nashriyot va kitob do‘konlari bo‘ladi. Uchinchi qavatda islom tamadduniga oid 100 mingdan ortiq qo‘lyozmalar, toshbosma asarlar va ularning elektron ko‘rinishlarini qamrab olgan kutubxona joylashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter