Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kitob uchun yig‘la, bolam!

Kitob uchun yig‘la, bolam!

foto: iStockPhoto.com

Bir kuni kitob do‘koni yonidan o‘tayotsam, bir bola xomush o‘tiribdi. Kipriklarida tomchi yosh ilinib turibdi. Oldiniga yo‘limda ketaverdim. So‘ng, ortimga qaytdim. Uning oldiga tizzamni bukib o‘tirdim va so‘radim:

– Nima bo‘ldi, bolam?

U ko‘z yoshini ko‘rsatmaslik uchun chap tomoniga burilib, sekin, yengi bilan ko‘zini artdi. Yuragi to‘lgan. Hiqqillab, yig‘ladi, va:

– Kitob olmoqchi edim, – dedi.

– Otang olib bermadimi?

U boshini qimirlatib yo‘q ma’nosini anglatdi. Keyin:

– Otam... otam dunyodan o‘tgan...– dedi tili zo‘rg‘a aylanib.

 – Onang bormi?

U jiqqa yosh ko‘zlari bilan boshini pastga silkidi. Bu onasi borligini bildirardi. Taxminan, 9 yoshlardagi bola o‘ta nimjon, qo‘llarini suyaklari ko‘rinib turardi. Yaqin orada to‘yib ovqatlanmagan. Eskigina kuylagi esa yuvilaverib, iplari sitilib qolgandi. Rahmim kelib ketdi.

– Nima olish kerak, senga, mana men olib beraman, ayt, – dedim. U yenglari bilan ko‘zlarini artdi. Menga jiddiy qaradi.

– Rostmi? – so‘radi. Men boshimni pastga qimirlatib tasdiqladim. U:

– Menga «Graf Monte Kristo» kerak, yana «Mehrobdan chayon» – dedi.

– Uni nima qilasan?

– O‘qiyman.

– Rostdanmi?

– Rost, – dedi u jiddiylashib. O‘zi nimjon ko‘ringani bilan ko‘zida o‘t chaqnab turibdi. So‘radim:

– Sen rostdan ham kitob uchun yig‘ladingmi? Chunki, kitob uchun yig‘layotgan bolani yaqin yillardan beri birinchi marta ko‘rishim. Ota-onasiga shirinlik yoki «kola» olib berasan, yoki falon o‘yinchoqni olmadik, degan iddao bilan xarxasha qilgan bolalarni juda ham ko‘plab ko‘raman. Shuning uchun, yana:

– Sen chindan ham kitob uchun yig‘layotganmiding? – dedim.

U boshini yerga egdi va boshini qimirlatib tasdiqladi.

– Xo‘p, bu kitoblarni qayerdan eshitding va nimasi seni qiziqtirmoqda?

– Onam bilan chiqindixonada yashaymiz, odamlar tashlab ketgan qog‘ozlarni to‘playman. Kimdir, ana shu kitoblarni yirtib, tashlab ketibdi. Olib o‘qidim... – dedi va yerga egilib oldi.

– Keyinchi? – dedim.

U: – Shu yirtilib yotgan kitoblarni o‘qidim va juda qiziqib qoldim. Shu kitoblarni to‘liq holda, taxi buzilmagan holida o‘qiyman, dedim, lekin qo‘lim kaltalik qildi, ho‘rligim keldi... – deb bola keyingi gaplarini dona-dona, xuddi shunday gapirdi. Mening ham ko‘zim yoshlandi.

Uning yelkasidan tutib, o‘rnidan turg‘azdim. Va kitob do‘koniga olib kirdim. Unga istagan hamma kitobini olib berdim. Yana yoniga Tohir Malikning «Odamiylik mulki» kitobini ham qo‘shdim. Shirinlik yoki buyumlar emas, kitob olib bering, deb yig‘laydigan shunday bolalar, ko‘paysin!!!

                                                                                    To‘lqin Yorqulov, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring