Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boburshohni sog‘intirgan, vazirlik lavozimini rad etgan, 94 yoshida vafot etgan alloma

Boburshohni sog‘intirgan, vazirlik lavozimini rad etgan, 94 yoshida vafot etgan alloma

Barcha amaldoru, hatto xizmatkorlar ham hayratda qolishdi. Negaki shohanshoh elchini o‘z saroyida emas, ancha nariroqdagi yo‘l boshida kutib olgan edi. Qolaversa, elchiga peshvoz chiqqan shoh otdan tushib, vatandoshlari qoshiga piyoda yurib bordi. Hindiston hukmdori Boburshohni intizorlik bilan kuttirgan elchi Hofiz Toshkandiy edi...

Hofiz Toshkandiyning nomi tarixiy manbalarda Qo‘ykiy, Qo‘yliqiy deb ham qayd etiladi. Bu hol ul zotning Ko‘hak va Qo‘yliq qishloqlarida yashaganligiga nisbat berib aytilganidan. Asli ul zoti sharif 1490-yilning oktyabrida Parkent tumanidagi Mavlono Mirzo Kamoliddin ibn Alouddin Ali Qushchi oilasida tug‘ilgan.

Avval otasidan, so‘ngra qozi Nizom Badaxshiy, Mavlono Asomiddin Ibrohimlardan ta’lim olgan Sulton Muhammad Hofiz Toshkandiy vaqt o‘tib, yetuk fiqhshunos, muarrix va riyoziyot, etnografiya, jug‘rofiya, handasa, ilmi nujum, tilshunoslik sohalarining bilimdoni darajasiga yetdi. Uning ilm olamida hurmati va salohiyati borligini anglagan Shayboniylardan bo‘lmish Samarqand hukmdori Ubaydulloxon Hofiz Toshkandiyni o‘ziga vaziri-a’zam qilib tayinlaydi.

Vazir bo‘lgan davrda u faqat davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib qolmay, Samarqand madrasalarida mudarrislik ham qildi. Shu bilan birga, «Tarixi Toshkandiy», «Mezon ul-adab», «Risolai fi fanni at-tavsir val usl furu’ val mantiq val kalom» kabi g‘arbu sharqqa mashhur asarlarini yozdi. Yetuk alloma, dono kishi bo‘lgan Hofiz Toshkandiyni Ubaydulloxon davlat ishlarini ado etish va aloqalar o‘rnatish uchun Iroq, Suriya, Yaman, Arabiston, Eron, Turkiya, Xitoy va Hindistonga elchi qilib ham jo‘natgan.

1528-yili Boburshoh hazratlari Hindistonni zabt etib, bu g‘aroyib o‘lka hukmdori darajasiga erishgani uchun g‘alabalari sharafiga qo‘shni davlatlardan mehmon chorlab, tantana uyushtirdi. U o‘z vataniga ham chorlov yuborgan, ammo Sibiru Xitoy, Dashti Qipchoqu Xurosondan vakillar kelsa-da, Samarqanddan elchining kelishi ortga surilayotgan edi. Boburshoh hazratlari buning sababini Samarqand hukmdori Ubaydulloxonning Shayboniylardan bo‘lgani bois, balki u Shayboniy bilan raqib sifatida toju taxt uchun kurashganimning alamidan elchilarni yubormayotganmikan, degan xayolga ham bordi. Ubaydulloxon esa mardlik bilan Hindistonga sovg‘a-salomlar ila Hofiz Toshkandiyni elchi qilib jo‘natdi. Bobur bu holdan g‘oyat sevinib ketdi va «Boburnoma»da yozishiga ko‘ra, «Hofiz Toshkandiy va mulla Farruh boshliq elchilarg‘a oltundin, kumushdin tarkash bila in’omlar bo‘ldi...»

Oradan yillar o‘tib, Hofiz Toshkandiy ikkinchi bor 1569-1570-yillarda Hindistonga tashrif buyurdi. Bu paytda afsonaviy o‘lkaning hukmdori Akbarshoh edi. U ham xuddi bobosi kabi saroy a’yonlari bilan Agradan bir kunlik yo‘lga chiqib, Hofiz Toshkandiyni katta tantanalar bilan kutib oladi. Buning sababi elchining faqat ota vatanidan bo‘lganida emas, bobosi bilan muloqotda bo‘lgan tabarruk alloma ekanligida edi. Shu tariqa Hofiz Toshkandiy ikki bor Hindistonga borib, katta tantanalarning tabarruk mehmoni sifatida vataniga qaytib kelgandi. Shuningdek, u Sulton Salimning hukmdorlik davrida Turkiyaga borgan, o‘zi yozgan asarlarni ul zotga sovg‘a ham qilgan. Shunda Sulton Salim Hofiz Toshkandiyning aqlu salohiyatini ko‘rib, unga Turkiyada qolishni, vazirlik mansabini egallashni taklif qiladi. Ammo Toshkandiy ilm bilan shug‘ullanishni afzal bilib, uzr aytganicha Toshkentga qaytib keladi.

Hofiz Toshkandiy ilmga intilib, yuqori mansablardan voz kechgani uchun ham qomusiy alloma sifatida XVI asr tarixida chuqur iz qoldirdi. U o‘zidan «Sharhiy odobul al-munozara», «Favoyidi ziyoyiya», «Ujolat ul-bayon fi sharh al-mezon», «Chingizxon va uning avlodlari tarixi», «Istiorali tamoila» kabi ko‘plab asarlar yozib, 1584-yili 94 yoshida Toshkentda vafot etdi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring