Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Abdulla Oripov» filmining katta premerasi bo‘lib o‘tdi

«Abdulla Oripov» filmining katta premerasi bo‘lib o‘tdi

Kecha, 30 avgust kuni Kinochilar uyida uzoq kutilgan «Abdulla Oripov» badiiy filmining katta premerasi o‘tkazildi. Namoyishdan avval sahnaga Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa Mustafayeva va film ijodkorlari taklif etildi. Agentlik direktori Prezident topshiriqlari asosida yaratilgan filmni suratga olishda ko‘mak bergan barcha ijodkorlarga samimiy tashakkurini izhor qilib, premerani ochib berdi. Tadbirga mahoratli aktrisa Dilnoza Kubayeva va «Shuhrat» medali sohibi Hamza Hasanov boshlovchilik qildi.

Shundan so‘ng Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa Mustafayeva sahnaga chiqib, hissiyotlari bilan bo‘lishdi.

«Film suratga olingani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga, kinoijodkorlarga rahmat aytaman. Bu voqea men uchun ham iztirobli, ham faxrli. Tasavvur qilishim qiyin», — dedi Hanifa aya va shoirning so‘nggi yillarda bitilgan «Imtihon» she’rini katta sahnada o‘qib eshittirdi.

Nutqlardan so‘ng Firdavs Abduxoliqov Kinematografiya agentligi nomidan shoirning oila a’zolariga guldastalar taqdim etdi.

Filmda Abdulla Oripovning Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida o‘tgan va ijodga ilk qadam qo‘ygan bolalik yillari, Toshkent shahrida o‘tkazgan talabalik davrlari, ijod namunalarining ilk nashri, uning shoir bo‘lib shakllanishidagi hissiyotlari va tuyg‘ulari, shoirga xos sevgisi, mashhurlikning kelishi va Amerikada o‘tgan so‘nggi yillari ochib beriladi.

Filmda bosh rollarni «Do‘stlik» ordeni sohibi, Abdulla Oripovning shogirdi, shoir Shodmonqul Salom va mahoratli aktrisa Rayhon Asadova ijro qilgan. Shuningdek, Abdulla Oripovning keksalik davrini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Surxondaryo teatri aktyori Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Xanifa Mustafoyeva rolini esa O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilgan.

Film bosh rejissyori Muzaffarxon Erkinov, ssenariy mualliflari Abduqayum Yo‘ldoshev va Muqaddas Usmonova (Minxojiddin Mirzo, Furqat Usmonov ishtirokida), bosh operator Ravshan Mirzakamolov, Bosh muharrir Erkin A’zam, Badiiy rahbar Shuhrat Rizayev, bosh prodyuser Firdavs Abduxoliqov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring