Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

84 kunlik omadsizlik yoxud «Chol va dengiz» asaridagi chol aslida kim edi?

84 kunlik omadsizlik yoxud «Chol va dengiz» asaridagi chol aslida kim edi?

Jahonning mashhur yozuvchilaridan biri Ernest Xemingueyning jahon adabiyoti durdonalaridan biri hisoblangan «Chol va dengiz» asari uchun 1953-yil Pulitser, 1954-yili adabiyot sohasida eng yuksak bo‘lgan Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu asar jahon adabiyoti durdonalariga  kiruvchi 20 talikka kiradi.

Xemingueyning mazkur asarida insonning ulug‘ligi, undagi iroda matonat, oqillik va azmu qaroridan og‘ishmaslik o‘zgacha talqinda aks etgan. Asar kubalik keksa baliqchi Santyagoning hayotidagi eng katta o‘ljaga aylangan ulkan marlin balig‘i bilan ochiq dengizdagi jangi haqida hikoya qilinadi. Baliqchi Santyagoning qat’iyatli ekanligini 84 kun mobaynida baliq ushlay olmay, 85-kuni baliq ushlash uchun yana dengizga chiqishidan bilish mumkin. U dengizda baliq bor joyni topib, besh metrli marlin balig‘i bilan 3 kun mobaynida tinmay kurash olib boradi. Oxiri baliqni tutadi. Santyago balig‘ini qutqarish uchun oltita akulani o‘ldiradi. Afsuski, besh metrli baliqqa akulalar xujum qilib, yeb marlinning skeletini qoldirishadi. Santyago baliqning skeleti qirg‘oqqa olib chiqadi...

  «Chol va dengiz» voqealari Golfstrimda, Kubaning shimolida Florida bo‘g‘ozida sodir bo‘ladi. Asar bo‘yicha bir necha kino suratga ham olingan.

Romandagi bosh qahramon baliqchi Santyago asarda shunday «bitilganki», guyoki bu voqealikda Santyago hayotda bo‘lganday... Ha, Santyago hayotda bo‘lgan...

«Chol va dengiz»ning bosh qahramoni Santyago baliqchining hayotdagi prototipi (prototip–badiiy obrazga asos bo‘lgan real shaxs) mashhur baliqchi Gregorio Fuentes edi (1897–2002)...

 Gregorio Fuentes Ispaniyaning Kanar orollarida tug‘ilgan. Ayni bolalik davri, olti yoshida uning oilasi yaxshi yashash ilinjida Kubaga ko‘chib o‘tgandi. Bolalik chog‘idayoq uning hayoti dengiz bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Chunki u umrining oxirigacha dengiz sohilida umr kechirdi, baliq ovi bilan shug‘ullandi. Taqdir taqozosini qarangki, Gregorio Fuentes 1920-yillarning oxirida dengizda jahonning bo‘lajak mashhur yozuvchisi, AQShlik yosh Ernest Xeminguey bilan uchrashtirdi.

Ernest Xeminguey o‘sha davrda Kuba oroliga yaxshi joylashib olgandi. Yozuvchi o‘zining «Alvido qurol» romani gonoraridan Gavana shahri yonidagi San-Fransisko-de-Paula shaharchasidan uy, yaxta sotib olgandi. Yaxtasiga «Pilar» («Qo‘ng‘iroqchalar kimga chalindi» nomli asaridagi bosh qahramon ayol) nomini bergandi...

Ernest Xeminguey o‘zining kichik motorli qayig‘ida 1929 yili Kubaning Dray-Tortugas orollari Ki-Uest rayonida kuchli bo‘ronga uchraydi. Qayig‘i halokatga uchragan Ernest Xemingueyni Gregorio Fuentes o‘z katerida qirg‘oqqa olib chiqadi. Ular shu tariqa do‘stlashishgan. 1933 yildan Gregorio Fuentesni Ernest Xeminguey o‘zining «Pilar» kateri kapitani (maoshi juda katta: 250$) qilib tayinlaydi.

– Gregorio Fuentes bilan tanishish menga «mo‘’jiza» olib keldi. Taqdir sovg‘asi ekanmi, dengizchining mahorati keyinchalik «Pilar»ni uch marta bo‘ronda qutqardi, – deb yozgan edi «Katta moviy dengiz» ocherkida yozuvchi...

«Pilar» kateri kapitani Gregorio Fuentes baliq ovlash uchun Kubaning hamma sohillarini kezib chiqdi. U, hatto og‘irligi 300 funtli marlin balig‘ini ushlashga muvaffaq bo‘lgan. Ernest Xeminguey bilan birga ikkinchi jahon urushi davrida Kuba qirg‘oqlarida natsistlar Germaniyasi suv osti kemasini yashirin ravishda izlagan...

Ernest Xeminguey birinchi bor, do‘sti Gregorio Fuentes to‘g‘risida 1949 yili «Xolidey» jurnalida bosilib chiqqan «Katta moviy dengiz» ocherkida yozgan edi.

Gregorio Fuentes yaxshi biladiganlar uning xarakterini Ernest Xeminguey «Chol va dengiz» povestida juda yaxshi mujassamlantirgan deyishadi.

Baliqchi Gregorio Fuentesni «Ota» (Xemingueyni do‘stlari shunday atashardi) bilan ko‘p yillik do‘stligi haqida o‘rtoqlariga aytib bergan gaplaridan ko‘p qiziq narsalarni bilib olish mumkin.

– Men Ernest Xeminguey uchun oshpaz, dengizchi, uning yaxtasi kapitani, eng asosiysi eng yaqin do‘sti edim, –deb eslaydi Gregorio Fuentes.

Gregorio Fuentes ta’kidlashicha asarga «Chol va dengiz» nomini berishni u tavsiya qilgan ekan.

Ernest Xeminguey o‘limi oldidan qadrdon do‘sti Gregorio Fuentesga «Pilar» katerini  o‘limidan keyin topshirishni vasiyat qilib ketadi. Gregorio Fuentes esa «Pilar»ni Ernest Xeminguey uy-muzeyiga umrbod qoldiradi...

O‘ttiz yil davomida Ernest Xemingueyning «Pilar» nomli yaxtasini kapitani bo‘lgan Gregorio Fuentes 2002yilda Xalqaro sport baliq ovi assotsiatsiyasi faxriy kapitani unvoni bilan taqdirlandi. Unvon Gavanadagi g‘arbda joylashgan «Marina Xeminguey» yaxt-klubida o‘tkazilgan taqdimotda Ernest Xemingueyning jiyani Xillari Xeminguey, tomonidan topshirildi.

  –Bu mukofotni olish men uchun juda yoqimli. Mukofot men va xalqim uchun ko‘p narsani anglatadi,– derdi 104 yoshli baliqchi...

Uzoq umr kechirib, hayotining deyarli ko‘p qismini Gregorio Fuentes Gavanadan 8 kilometr uzoqlikdagi Koximar nomli baliqchilar qishlog‘ida yashab o‘tdi. Hozir, har yili Koximarda katta havorang marlin baliqlarini ovlash bo‘yicha Xalqaro Xeminguey turniri o‘tkazilib kelinmoqda. 

Gregorio Fuentes - afsonaviy, eng kuchli xarizmaga ega bo‘lgan shaxs hisoblanardi. U«ohangrabo» singari odamlarni o‘ziga tortardi. 100yoshdan oshsa ham qariya hech tinib-tinchimasdi. Ko‘p piyoda yurardi. Uning Koximardagi uyiga intervyu olish uchun kelgan kubalik va chet ellik jurnalistlarga  qadrdon do‘sti Ernest Xeminguey bilan bo‘lib o‘tgan ajoyib kechinmalarini so‘zlab berardi. Yana ko‘p odamlar uni tabriklash, birga rasmga tushish uchunn kelishardi.100yoshdan oshgan bu nuroniy baliqchi bilan gaplashish, uning so‘zlaganlarini eshitish bir tarix edi. Bu suhbatlardan ko‘p narsalarni bilib olish mumkin edi...

Ispaniya hukumati 2001-yilda, u ancha yillar Ispaniyada yashamasa ham, unga hayotining oxirgi yillarida rasmiy ravishda Ispaniyaning faxriy fuqarosi nomini berdi...

Eng qiziqarlisi, u mahalliy aholi tomonidan Ernest Xemingueyni do‘sti emas, balki o‘ziga xos omadli dengizchi sifatida mashhur edi. Chunki u bir necha dengiz bo‘ronlarini boshidan kechirgan edi. Gregorio Fuentes afsonaviy inson edi: u uch asrda  XlX, XX, XXI asrlarda yashab o‘tdi.

Gregorio Fuentes 2002-yili yanvar oyida 105 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda OAVda jahon davlatlari bo‘ylab e’lon qilindi...

  Gregorio Fuentes mashhur yozuvchi Ernest Xemingueyning «Chol va dengiz» asari bosh qahramoni Santyago baliqchining hayotdagi prototipi edi. Shuning uchun ham Fuentes tarixdagi eng mashhur baliqchilardan biri bo‘lib qoldi...

Abdurashid Qo‘ziboyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring