Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yomg‘ir mavsumida Venetsiyaga aylanadigan Toshkent (video)

Taxminan bir oy oldin Toshkentda kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida shahar ko‘chalari suvga to‘lganligi va avtomashinalar o‘z yo‘nalishida xuddi qayiqdek harakatlanayotgani tasvirlangan videolar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ba’zilar Toshkent shahrini chiroyi uchun emas, balki suv bilan to‘lgan ko‘chalari sabab Venetsiyaga tenglashtirishdi.

Chindan ham mamlakatimizdagi drenaj tarmoqlarida kamchiliklar yetarlicha. Ayniqsa, yog‘ingarchilik mavsumida bu muammolar yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi. Yetmaganiga yurtdoshlarimizning ariq va quvurlarga turli plastik chiqindilarni tashlab ketishi, mavjud muammolarni yanada chigallashtiradi. Xo‘sh, o‘zi bu masalaning yechimi bormi? Fuqarolarimiz bu tizimdan qanchalik rozi? Har yili drenaj tarmoqlari va quvurlarni rekonstruksiya qilishga qancha mablag‘ ajratiladi va bu pullar qanday sarflanyapti? Xabar.uz jamoasi mavzu doirasidagi savollarga javob qidirdi.

Avvalo, mavzuga nisbatan yurtdoshlarimiz fikri bilan qiziqdik va deyarli bir xil javoblarni oldik. Ularning ko‘pchiligi eng avvalo shahar to‘g‘ri reja bilan qurilmagani, yog‘ingarchilik mavsumi, kanalizatsiya va oqova suv tizimlari hisobga olinmagani, shuning uchun ham tizim kamchiliklar bilan to‘lganini aytishdi.

Ba’zilar bu muammoni yechish uchun shaharni qayta qurish kerak, bo‘lmasa hal bo‘lishi qiyin degan fikrni ham keltirdi. Ayrim vatandoshlarimiz esa birinchi navbatda shahar hokimiyati, obodonlashtirish boshqarmasi va boshqa mas’ul tashkilotlar o‘z vazifasini bajarishi kerak-da, deya tanqidiy fikr ham bildirishdi.

Toshkent shahri drenaj tarmoqlariga shahar obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul. Mavzu yuzasidagi savollarga javob olish uchun tashkilotga bordik. Ammo ular vaqtlari yo‘qligini vaj qilib, intervyu berishdan bosh tortishdi. Yuqoridagi savollarimiz esa ochiqligicha qoldi.

Xorijiy davlatlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, suv tarmoqlari tizimi eng rivojlangan davlatlardan biri — Yaponiya. Mamlakatni har tarafdan dengiz o‘rab turganligi uchun ham Yaponiyada yog‘ingarchiliklar juda ko‘p bo‘ladi. Ammo shahar ko‘chalari suv bilan to‘lib, avtomashinalar va piyodalar harakati uchun halal bermaydi.

Yaponiya shaharlari drenaj tizimi eng rivojlangan davlatlardan biri bo‘lishiga ikkita asosiy sabab bor. Birinchisi, mukammal o‘ylangan shahar strukturasi, ikkinchisi — yapon xalqining madaniyati.

Yaponiya aholisi tozalikka juda katta e’tibor berishi hech kimga sir emas. Shuning uchun ham shahar ko‘chalari chiqindilarga to‘lib ketmaydi. Demak, rivojlangan davlatlar tajribasidan ham ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizdagi suv tarmoqlari muammosini hal qilishda mas’uliyatning o‘rni juda muhim.

Shahnoza Suyunova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring