Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni: idish yuvish mashinasidan... arragacha

Ixtirochi yoki olim deganda ko‘z o‘ngimizda ko‘pincha erkaklar paydo bo‘ladi. Ammo ular orasida shunday kashfiyotchi xotin-qizlar ham borki, ixtirolari ajoyib.
Masalan osmon jismlarining koordinatalarini o‘lchaydigan asbob eramizdan avvalgi 370 yilda faylasuf, astronom va matematik Gipatiya Aleksandra tomonidan ixtiro qilingan.
Nikol Barbe Kliko 1808-yilda shampan vinosida paydo bo‘ladigan cho‘kindini tozalaydigan va kristalldek tiniq bo‘lishga imkon beruvchi filtrlaydigan texnikani ishlab chiqdi. Texnologiya haqiqiy muvaffaqiyat qozondi – ichimlik sifatini sezilarli darajada yaxshiladi.
Tabita Bebbitt oldinga va orqaga tortiladigan arra bilan ikki erkakning yog‘och kesishlarini uzoq vaqt kuzatib turdi. Ikkala odamning yuki bir xil bo‘lsa-da, arra oldinga siljigandagina yog‘ochlar arralangan, orqaga qaytganida esa hech qanday natija ko‘rinmagan. Bebbitt buni quvvatni behuda sarflash deb hisobladi va 1810-yilda dumaloq arra prototipini yaratdi, keyinchalik u arra sanoatida qo‘llanila boshlandi.
1845-yilda Sara Metr tomonidan patentlangan suv osti periskopi esa kuzatilgan ob’yektlargacha bo‘lgan masofani aniqlash uchun ishlatiladi.
Go‘shtli konservani go‘shtxo‘rlar o‘ylab topgan desangiz adashasiz. 1873-yilda Vena shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon ko‘rgazmasida Nadejda Kojina go‘sht konservalarini tayyorlash usulini namoyish etdi va buning uchun u hatto medal oldi. Ayolning bu ixtirosi urush davrida ham qanchadan-qancha askarlarni ochlikdan saqlab qolgani bu kashfiyotning ahamiyatini ko‘rsatadi.
O‘zining sevimli chinni idishlar to‘plamidan bir nechta likopchalarni sindirib qo‘ygan Jozefina Kokreyn faqat idishlarni yuvadigan, ularni sindirmaydigan mashinani 1886-yilda yaratdi, lekin oradan 40 yil o‘tgachgina, ushbu qurilma zarur uy buyumi sifatida tan olindi.
Tozalik nafaqat uyda, balki ko‘chalarda ham bo‘lishi kerak, deb o‘yladi oddiy kotiba Sintiya Vestover va 1892-yilda ko‘chalarni qordan tozalash uchun zamonaviy mashina yaratdi.
Avtomobillarning oynasini tozalash uchun tozalagichni aslida mashina ixlosmandlari o‘ylab topgan bo‘lsa kerak, desangiz adashasiz. Birinchi shisha tozalagichlar 1903-yilda Meri Anderson tomonidan ixtiro qilingan. Bo‘ron payti har daqiqada mashinani to‘xtatib, old oynadan qorni qirib tashlashga majbur bo‘lgan haydovchiga rahmi kelgan ayol o‘z ixtirosi bilan qanchadan-qancha noxushliklarning oldini olishga hissa qo‘shgan.
Melitta Bens tufayli qahvani sevuvchilar qayta-qayta qahva tayyorlashning zerikarli jarayonidan xalos bo‘lishdi. Melitta o‘zining birinchi konus shaklidagi qahva filtrini 1909-yilda maktab daftaridagi qog‘oz varag‘idan yasagan.
Avtomobillarning akustik filtri 1917-yilda Elle Dolores Jons tomonidan ixtiro qilingan va u ekologiyaning ifloslanishi oldini olishga hissa qo‘shgan.
Hozirgi kunda bolalar uchun ishlab chiqarilayotgan tagliklarning turli xili mavjud. Ammo onalar va chaqaloqlarning hayotini yaxshilagan ushbu topilmani kim ixtiro qilgani har birimiz uchun qiziq. U 1917-yilda ixtiro qilingan. Charchagan ona va uy bekasi Marin Donovan dush pardasi bilan tikuv mashinasi oldiga keldi va bir necha urinishlardan so‘ng suv o‘tkazmaydigan taglik qoplamalarini yaratdi. Bozorda allaqachon mavjud bo‘lgan kauchuk bo‘yoqlardan farqli o‘laroq, Donovanning kashfiyoti chaqaloq terisi uchun beziyonligi bilan tez orada ommalashib ketdi.
Hatto o‘q o‘tkazmaydigan kiyimni ham ayollar o‘ylab topgan. 1965-yilda olima Stefani Kvolek po‘latdan besh baravar kuchli bo‘lgan sintetik matoni ixtiro qildi. Uning bu topilmasi minglab politsiyachilar, o‘t o‘chiruvchilar va askarlarning hayotini saqlab qoldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter