Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Umar Xayyomning qayg‘uli muhabbati

Umar Xayyomning qayg‘uli muhabbati

Umar Xayyom – Sharq mumtoz adabiyotining zabardast namoyandalaridan biri bo‘lgan. Uning to‘liq ismi G‘iyosiddin Abul Fath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriy edi. Umar Xayyom matematika, astronomiya va falsafaga oid qator asarlar yozgan bo‘lsa-da, biroq jahonshumul ilmiy asarlari emas, ruboiylari bilan dunyoga tanildi. U har to‘rt misra she’rga chuqur ma’noli falsafiy fikrlarni sig‘dira olgan edi. Shuning uchun ham ohangdor ruboiylari jahon adabiyotining boy xazinasidan gavhar donalari kabi munosib o‘rin olgan.

Bolalik chog‘laridan Umar qori, ya’ni Qur’onni yoddan o‘qishi bilan nom qozonadi. O‘z davrining olimlari matematika va falakiyotshunoslik masalasida u bilan bahslashishga jur’at eta olmasdi. Umar Xayyom fan masalasida o‘zigacha ma’lum bo‘lgan va to‘plangan aniq bilimlarga tayanar edi.

U sulton Malikshoh saroyi rasadxonasida yigirma yil ishladi. Malikshoh vafotidan so‘ng Xayyom beva qolgan malikaning qahriga yo‘liqdi. Malika undan xushomad va mulozamat kutar, shuning uchun shoirni yoqtirmas edi. Tashlab qo‘yilgan rasadxonaga nisbatan malikada qiziqish uyg‘otish uchun qilingan harakati natijasiz tugagach, Umar Xayyom vatani Nishopurga qaytadi.

Alloma shoir yoshi oltmishdan oshganida, o‘z bilimi va tajribasida juda katta yetishmovchilik borligini angladi. Negaki, u farzandsiz edi. Ya’ni, Umar Xayyom ilm, ijod deb umri davomchisini hadya etuvchi birorta ayol bilan turmush qurmagan, oilaviy baxtdan mosuvo bo‘lib, bundan qiynalardi.

Ana shunday kunlarning birida kulol Murod Ali yonidan o‘ta turib, Xayyom uning bog‘idagi navnihol va sohibjamol qizi Zaynabni ko‘rib qoladi. Shu kundan boshlab tinchini yo‘qotgan shoir turli sabablar bilan bu xonadon yonidan tez-tez o‘ta boshladi.

Shoir hayotida g‘amginlik, ruhiy siqilish onlari yuz beradigan bo‘ladi. Quyidagi to‘rtlikni u ana shunday ruhiy holat ta’sirida yozgan bo‘lsa ajab emas:

Dilim bo‘lgan edi bitta yorga zor,

U o‘zga bir yerda g‘amga giriftor.

Men undan o‘zimga dori izlasam,

Netay, tabibimning o‘zi ham bemor.

Tunlarni bedor, ayriliqda o‘tkazish azobini tortgan Xayyom, nihoyat, kulolning uyiga borishga ahd qiladi. Maqsadi, Zaynab uchun otasidan izn olish edi. Kulol bog‘da dam olib o‘tirardi.

– Assalomu alaykum, usta, – dedi uyga kirib borgan alloma.

– Vaalaykum assalom, donolar hukmdori, – deya qarshi oldi kulol. Keyin uyi tomon qarab: – Zaynab, mehmonga choy keltir, – deb buyurdi.

Yong‘oq daraxtlari orasidan to‘lg‘ona-to‘lg‘ona, tovusday tovlanib, boshida noz-ne’matlar solingan patnis bilan Zaynab chiqib keldi. Mehmonga yaqinlashar ekan, gulgun chehrasini yengi bilan pana qilib, eshitilar-eshitilmas ovozda salom berdi-da, patnisni qo‘yib ketdi.

Umar Xayyom kulol uzatgan piyoladagi choyni ho‘plab-ho‘plab, gap boshladi:

– Siz ko‘p baxtlisiz, usta! Uyingizning ustuni ham, tomi ham but.

Kulol bu gapdan hayron bo‘lib, Umarga savol alomati bilan qaradi. Umar og‘ir xo‘rsinib, gapida davom etdi:

– Umri chodir tikish bilan o‘tgan otamning yodi-hurmati, qasam ichamanki, kamina uyimga kirib, tashvishlarimni bir oz yengillatgan ayoldan hech narsamni ayamasdim. Ammo o‘shandayini qayerdan topaman? Siz Xudoning marhamatidan benasib qolmagansiz. O‘g‘illaringiz ham, qizingiz ham bor. Kamina esa yolg‘iz... Agar uyimda qizingiz kabi iboli bir ayol bo‘lib, kaminaga hamnafas bo‘lganida, men ham baxtli odamga aylanar edim...

Bir necha kun o‘tgach, kulol Umar Xayyomga roziligini bildirdi:

– Taqsir, mening qizim o‘n olti yoshda. O‘zingiz aytgandek, o‘g‘illarim ham bor. Siz esa yolg‘izsiz. Qizim uyingizning bekasi bo‘lishiga roziman. Shunday bo‘la qolsin.

Umar Xayyom charm xaltadagi oltin dinorlarni kulolning oldiga qo‘yar ekan, ustaning qat’iy e’tiroziga duchor bo‘ldi. Usta ularni qaytarib berdi.

– Men ko‘za sotaman, qizimni emas, – dedi u. – Bu Zaynabning xohishi, shuning uchun rozilik berdim. Bilmadim, u sizda nimani topdi ekan?!

Umar Xayyom hayotidagi eng shirin damlar boshlandi. Kechikib ochilgan muhabbat hammasidan lazzatli, deb shunga aytishsa kerak-da. Xayyom shu tariqa kunduzi shogirdlari bilan mehnat qilar, tunlari esa malikasi Zaynab bilan vaqtini chog‘ o‘tkazardi.

Oradan bir necha oydan so‘ng, Zaynab farzand ko‘rajagini ma’lum qildi. Umar Xayyom shodligining cheki-chegarasi yo‘q edi. Zaynab vujudida Umar hayotining davomchisi bunyod bo‘lmoqda edi, axir!.. Afsuski, Xayyomga o‘z zurriyodini ko‘rish nasib etmagan ekan.

Tabib Zaynabning oldidan o‘ta g‘amgin qiyofada chiqdi. Bola o‘lik tug‘ilibdi. Ko‘p o‘tmay, Zaynab ham bu yorug‘ dunyoni tark etdi. Endi Umar qayg‘usini-da ta’rif etish mahol bo‘ldi. Quyidagi misralar uning g‘am-tashvishlaridan yaraldi:

Falak, ko‘nglim doim g‘amnok qilursan,

Quvonchim, ko‘ylagim chok-chok qilursan.

Menga esgan yeldan otash ufurib,

Suv ichsam, og‘zimdan tuproq qilursan.

Shundan so‘ng, umri poyoniga yetgunicha Umar Xayyom chehrasida shodlik aks etmadi. «Falak fikrini inson tiliga o‘giruvchi» nomini olgan alloma yana ko‘p yillar ilmu ijod, tabibchilik bilan band bo‘ldi...

Izzat Ahmedov.

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring